Megapolis aholisi hayotida kamida bir marta kuchli holsizlik hissiga duch keladi, ko‘proq dam olishni, uyqudan uyg‘onmaslikni xohlaydi. Agar insonga odatdagi dam olish kuni va ta’til kifoya qilmasa, unda organizm surunkali  charchoq — asteniyadan aziyat chekayotgan bo‘lishi mumkin. Elle nashri kasallikning birinchi alomatlarini qanday aniqlashni, yordam uchun kimga murojaat qilishni va organizmning tiklanishi uchun qanday kuch topish kerakligini ma’lum qildi.

  — Manba: «Daryo» nashri.

Foto: Pinterest

Asteniya nima?

Odamlar ko‘pincha asteniyani oddiy charchoq bilan adashtirib yuboradi, ammo holat butunlay boshqacha bo‘ladi. Agar oddiy charchoq dam olishdan keyin darhol o‘tib ketsa, unda asteniya patologik charchoq bo‘lib, unda dam olish va yana ishlash yordam bermaydi. Asosiy astenik alomatlar orasida jismonan quvvatning yetishmasligi, zaiflik va charchoq, ish unumdorligining pasayishi kuzatiladi. Stress, haddan tashqari zo‘riqish yoki kasallik tufayli asab to‘qimalari oziqlanishining buzilishi, organizm qancha energiya sarflanishi va qancha kerakligi o‘rtasida nomutanosiblik paydo bo‘lishi mumkin.

Hatto oddiy shamollash jarohat yoki operatsiyalarsiz ham organizmning tabiiy tiklanish mexanizmini buzishi mumkin. Ko‘pincha astenik alomatlar doimiy jismoniy va aqliy faoliyatning ortiqcha zo‘riqishi natijasida paydo bo‘ladi. Muntazam stress organizmga zararli, shuning uchun ishi yuqori konsentratsiyani yoki hissiy stressni talab qiladigan odamlar ko‘pincha asteniyadan aziyat chekadi. Masalan, ofis xodimlari, shifokor va hamshiralar, menejerlar, ijtimoiy soha vakillari.

Mashaqqatli mashg‘ulotlar, qattiq parhezlar va zaharlanish ham kasallikning qo‘zg‘atuvchisi bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, asteniya qandli diabet, yurak-qon tomir va boshqa kasalliklarga hamroh bo‘lishi mumkin.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, ayollar erkaklarga qaraganda o‘rtacha 2-3 marta ko‘proq asteniyadan aziyat chekadi.

Kimga murojaat qilish kerak?

Ushbu kasallikda, avvalo, terapevtga murojaat qilish tavsiya etiladi. Shifokor asteniya belgilarini keltirib chiqaradigan boshqa kasalliklar ehtimolini bartaraf etish uchun tekshiruv o‘tkazish kerak. Agar kerak bo‘lsa, nevrolog ko‘rigidan ham o‘tish lozim. Tekshiruv jarayonlaridan bir o‘zingiz o‘tishga harakat qilmang. Bu vaqt hamda pulni behuda sarflash bilan barobar, chunki asteniya uchun maxsus laboratoriya ko‘rsatkichlari yo‘q.

Asteniyadan qanday qutulish mumkin?

Asteniyani davolash masalasiga har tomonlama yondashish kerak. Agar asteniya surunkali stress tufayli yuzaga kelsa, buning kelib chiqish sababini topishga, uni bartaraf etishga yoki hech bo‘lmaganda kamaytirishga harakat qilish kerak.

Buning uchun ish jarayoni, uyqu va ovqatlanishni tartibga solishdan boshlash kerak. Shuningdek, oila a’zolar bilan uy ishlarini va bolalarni parvarish qilishni adolatli taqsimlab olish ham organizmni ortiqcha zo‘riqtirib qo‘ymaslikka yordam beradi. Massaj, fizioterapiya mashqlari, igna bilan davolash muolajalari ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Psixoterapiya kursi stress ta’sirini yumshatadi. Bundan tashqari, stressga qarshi kurashda kognitiv yondashuv o‘z samaradorligini ko‘rsatadi, bunda bemor to‘g‘ri dam olishga va organizm signallariga o‘z vaqtida javob berishga o‘rganadi.

Organizmga kuchni qanday qaytarish mumkin?

Asteniya bilan og‘rigan bemor uchun shifokor miyadagi biokimyoviy jarayonlarni me’yorlashtirishga va asteniya belgilarini kamaytirishga yordam beradigan dori-darmonlarni qabul qilishni tavsiya qilishi mumkin. Kasallikda buyuriladigan dorilarning ta’siri asab to‘qimalarining faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bo‘ladi.

Agar astenik alomatlarga e’tibor berilmasa, organizm zo‘riqishga bardosh bera olmaydi va buning ortidan jiddiy kasallik ham yuzaga kelishi mumkin. Albatta, inson borki, barchasi charchaydi, lekin salomatlikka g‘amxo‘rlik qilish har doim birinchi o‘rinda turishi kerakligini unutmaslik kerak.

От qwert.uz