Statistikaga ko‘ra, ayollar erkaklarga qaraganda ko‘proq umr ko‘radi. Biroq ayollar erkaklarga qaraganda tezroq qariydi. Haqiqatan ham shundaymi? Bunday holatlarda erkak va ayol tanasiga qanday omillar ta’sir ko‘rsatadi?

  — Manba: «Daryo» nashri.

Kollagen

Yoshidan qat’i nazar, erkaklar terisida kollagen zichligi ayollarga qaraganda yuqori. Shuning uchun ayollar o‘zi bilan tengdosh erkaklarga qaraganda tezroq qariydi. Kollagen tarkibiga ko‘ra, ayollar terisi erkaklarnikiga qaraganda taxminan 15 yil tezroq yupqalashadi. Bunday farqni sezmasligimizning sababi ayollarning tashqi ko‘rinishiga beradigan e’tiboridir. Ayollar foydalanadigan namlovchi kremlar, quyoshdan himoyalovchi vositalar, tiklovchi va yoshartiruvchi go‘zallik muolajalari va boshqa mahsulotlar o‘z samarasini bermoqda. Ikkala jins ham 30 yoshdan keyin kollagenning taxminan 1 foizini yo‘qotadi, ammo menopauza bu jarayonni keskin ravishda kuchaytiradi, shuning uchun ham farq kattalashadi.

Testosteron

Testosteron teri qalinlashishiga yordam beradi – o‘rtadagi farq 25 foizni tashkil qilishi mumkin, shuning uchun nozik terida ajinlar tezroq paydo bo‘ladi. Estrogenga kelsak, ayol tanasiga xos bo‘lgan o‘zgaruvchan va keskin gormonal o‘zgarishlar bizga bog‘liq bo‘lmagan holatlar tufayli terining elastikligiga ta’sir qiladi, erkaklarda esa gormonlar darajasi odatda doimiy ravishda barqaror past darajada saqlanadi.

Gidratsiya

Erkaklarning ter bezi ham ayollarnikidan yuqori tana harorati tufayli farq qiladi. Shuningdek, ulardan ajraladigan terda sut kislotasining darajasi yuqori bo‘ladi, shuningdek, tabiiy namlovchi vosita — pH ham ayollarda past bo‘ladi. Bularning barchasi erkak to‘qimalarida yaxshi gidratsiyaga olib keladi. Shunday qilib, erkaklarning terisi elastiklik va yoshlikni uzoqroq saqlaydi.

Tana tuklari

Aksariyat erkaklar ayollarga qaraganda ko‘proq tana tuklariga ega. Gap shundaki, tana tuklari terini tashqi ta’sirlardan himoya qiladi va tabiiy namlikni saqlaydi. Bu erkaklar terisi silliqligi va yosh ko‘rinishini yaxshiroq saqlab qolishining yana bir sababidir.

Biroq qarish jarayonining tezligiga juda ko‘p omillar ta’sir qiladiki, ularning barchasini aniqlash qiyin. Bular ovqatlanish, gormonal fon, tana massasi indeksi, jismoniy faoliyatning tabiati va muntazamligi, yomon odatlarning mavjudligi, terini parvarish qilish va boshqa kosmetik manipulyatsiyalar, iqlim sharoitlari va, albatta, genetika bo‘lishi mumkin.

От qwert.uz