Agar siz oilaviy budjetni optimallashtirishni boshlashga qaror qilgan bo‘lsangiz, arzonroq narxdagisi bilan almashtirmasligingiz kerak bo‘lgan narsalar ro‘yxatini taqdim etamiz.
— Manba: «Daryo» nashri.
Kundalik parvarish mahsulotlari
Dush geli, shampunlar va hattoki suyuq sovun kabi arzon kosmetika mahsulotlarida mavjud bo‘lgan konservantlar sintetik SLS yoki alyuminiyning faol moddalarini o‘z ichiga olishi mumkin. Ushbu komponentlar barcha oila a‘zolaringizning sog‘lig‘iga salbiy ta’sir qiladi. Shuning uchun qimmatroq, qo‘shimchalarsiz tabiiy mahsulotlarni xarid qilgan yaxshiroq.
Idish yuvadigan suyuqliklar
Har qanday idish yuvish vositasi idish-tovoqda qisman bo‘lsa ham saqlanib qolishi va ovqat bilan birga iste’mol qilinishi mumkin. Shuning uchun ularni sotib olayotganda kompozitsiyaga diqqat bilan qarash va sun’iy moddalar, EDTA aromatizatorini o‘z ichiga olgan kimyoviy moddalardan iborat mahsulotlarni tanlamaslik kerak.
Matras
Siz yotoqxonaga har kuni kamida olti soat vaqt sarflaysiz. Uyqu sifati hayotingizga bevosita ta’sir qiladi va bu matrasingizning holatiga bog‘liq. Agar matras yaxshi bo‘lmasa, bel og‘rig‘i, uyqusizlik yuzaga keladi va buning natijasida sog‘lig‘ingiz yomonlashishi mumkin. Shuning uchun moddalari tejalmagan, ishonchli ishlab chiqaruvchini tanlang.
Pichoq
Pichoq oshxonada ishlatiladigan asosiy buyum hisoblanadi. Pichoqsiz hattoki sendvich tayyorlab bo‘lmaydi, murakkab ovqatlar haqida gapirmasa ham bo‘ladi. Qimmatroq pichoq yordamida siz pomidor yoki ko‘katlarni ingichka qilib oson to‘g‘rasangiz bo‘ladi. Ammo arzon va sifati past pichoq bilan barmog‘ingizni kesib olishingiz mumkin. Shuning uchun qo‘lingizga qulay joylashadigan va har qanday vazifani bajara oladigan ko‘p qirrali, yuqori sifatli 20 sm lik oshpaz pichog‘ini sotib olganingiz ma’qul.
Plastik idishlar
Mikroto‘lqinli pechda ayrim plastik idishlarni ishlatish mumkin emas. Ular ko‘p hollarda yuqori haroratlarda toksik modda — bisfenol A moddasini ishlab chiqaradi va uning kichik dozasi ham endokrin tizimga salbiy ta’sir qiladi. Shuning uchun siz sog‘lig‘ingiz bilan bog‘liq muammolarga duch kelishni istamasangiz, mikroto‘lqinli pechda ishlatish mumkin bo‘lgan yuqori sifatli plastmassa idishlarni tanlaganingiz ma’qul.
Arzon idishlar
Agar likopchalaringiz, idishlaringiz limon suvi yoki sharob quyilganidan so‘ng rangini yo‘qotsa ulardan xalos bo‘lish kerakligini maslahat beramiz. Gap shundaki, bunday reaksiya sir tarkibidagi og‘ir metallar borligidan dalolat beradi. Bu yomon holat emas, lekin ular uzoq muddatdan so‘ng sog‘likka ta’sir qilishi mumkin.
Xavfsizlik datchiklari
Ko‘pchilik tutun detektorlari va suv oqishini monitoring qilish tizimlarini unchalik muhim narsa deb hisoblamaydi. Qachonlardir sodir bo‘ladigan baxtsiz hodisani oldini olishni mantiqan to‘g‘ri ish deb bilishmaydi. Lekin bu qurilmalar hayotni saqlab qolishi mumkin va sotib olishga arziydi.