Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Murod Irismetov gormonlarni o‘zboshimchalik bilan qabul qilish og‘ir asoratlarga olib kelishi haqida ma’lumot berdi.
— Manba: «Daryo» nashri.
Ta’kidlanishicha, koronavirusning eng og‘ir asoratlari son suyagi, yelka, tizza bo‘g‘imlarining yemirilishi bilan kechmoqda. Bu butun dunyo tibbiyot olimlarining ilmiy xulosasi hisoblanadi. Statistik tahlillarga ko‘ra, pandemiyagacha bo‘lgan davrdan to hozirgi kungacha bu xastalikka chalingan bemorlar soni 3—4 barobar ortgan. Oqibatda mazkur kasallikning og‘ir bosqichlarida yuqori texnologik operatsiya hisoblanadigan endoprotezlash amaliyotiga muhtoj bemorlar soni ko‘payib bormoqda.
Koronavirus pandemiyasi boshlanmasidan avval ham avaskulyar nekroz xastaligidan aziyat chekuvchi bemorlardan murojaatlar bo‘lardi. Ammo ularning soni hozirgi paytdagi singari ko‘p emasdi. Asosan revmatologik kasalliklarni davolashda qo‘llanilgan gormon preparatlari asoratlari suyak bo‘g‘imlarining yemirilishiga sabab bo‘lgan, deb ayta olaman.
Biroq 2020-yilning 15-martida yurtimizga COVID-19 virusi kirib kelgach, qolaversa, o‘sha yili iyul, avgust, sentabr oylarida epidemiologik vaziyat murakkablashgach, odamlarda sarosima va vahima kuchaydi. Shu davrda yurtimizda ham mazkur virusning oldini olish bo‘yicha maxsus protokollar ishlab chiqildi. Biroq ayrim bemorlar uy sharoitida belgilangan dori vositalaridan o‘zboshimchalik bilan foydalanishi, ayniqsa, antibiotik, gormon preparatlarini palapartish qo‘llashi ularda turli asoratlarni yuzaga keltirdi, — deydi mutaxassis.
Xususan, gormon preparati faqat bemor reanimatsiya bo‘limiga yotqizilganda, kasallikning eng og‘ir darajasida tibbiy ko‘rsatmaga muvofiq buyuriladi. Boshqa hollarda esa undan o‘zboshimchalik bilan foydalanish taqiqlanadi.
Hozir tibbiyot markazimizda shunday dardga chalingan mingdan ortiq bemorlarning reyestrini shakllantirganmiz. Tahlillar asnosida ko‘ryapmizki, ularning deyarli barchasi 2020-yilda koronavirusdan o‘zboshimchalik bilan davolangan va pala-partish ravishda gormon qabul qilgan bemorlardir.
COVID-193
ni davolash protokoli yangilanishi, ommaviy axborot vositalari orqali olib borilgan targ‘ibot ishlari, shuningdek, aholining bu boradagi tibbiy madaniyati o‘sishi natijasida 2021-yilda koronavirusdan muolaja olgan bemorlar orasida hozir nekrozga chalinganlari deyarli uchragani yo‘q. Shu ma’noda, yurtdoshlarimizga dori vositalari, xususan, gormonlardan o‘zboshimchalik bilan foydalanish turli og‘ir asoratlarni keltirib chiqarishini yana bir bor eslatib o‘tmoqchimiz, — deydi markazi direktori.