Albatta, har bir inson hayotida hech bo‘lmasa bir marta bo‘lsa ham oyoq tomirlari tortishishiga duch keladi. Buni hech narsa bilan adashtirib bo‘lmaydi. Tomir tortishishi juda og‘riqli mushaklarning qisqarishi bo‘lib, ular o‘z-o‘zidan paydo bo‘lishi mumkin. Ushbu holat insonni bezovta qiladi, uyquni buzadi va suvda esa hayot uchun xavf tug‘diradi. Nima uchun oyoq tomirlari tortishadi? Ushbu holatga qanday munosabatda bo‘lish kerak? Organizmdagi qanday o‘zgarishlar bu alomatlar haqida signal berishi mumkin? “Noviy ochag” nashri quyida ushbu savollarga javob berdi.

  — Manba: «Daryo» nashri.

Foto: “Noviy ochag”

Oyoq tomirlari tortishishiga nima sabab bo‘lishi mumkin?

Ushbu masala gipodinamiya va jismoniy faoliyat bilan boshlanadi. Hayron bo‘lishning keragi yo‘q, lekin aynan qarama-qarshi omillar tomir tortishishiga olib kelishi mumkin. Inson bir holatda uzoq vaqt tursa, oyoq-qo‘llardagi qon aylanishi buziladi. Bu mushaklarning spazmlarini keltirib chiqarishi mumkin. Gipodinamiya bilan bir qatorda, tomir tortishishi ham mushaklardagi ortiqcha stressdan kelib chiqadi. Ko‘pincha ular sportchilarda uchraydi. Cho‘zilish, kichik jarohatlar, mushaklarning maksimal darajada ishlashi — bularning barchasi spazmlarni keltirib chiqaradi.

Shuningdek, tomir tortishishining sababi noqulay poyabzal kiyish, suvsizlanish, kaliy, kalsiy va magniy yetishmovchiligi, charchoq bo‘lishi mumkin. Stress yoki nevrologik kasalliklar ham shular jumlasidan. Odatda tungi tomir tortishishni qo‘zg‘atadigan narsa stressdir. Ko‘pincha bu homilador ayollarni bezovta qiladi.

Qanday kasalliklarda tomir tortishishi kuzatiladi?

Ba’zi kasalliklarda tomir tortishishi bezovta qilishi mumkin. Qandli diabet, gipertoniya, buyrak va qalqonsimon bez muammolari, yurak yetishmovchiligi yoki anemiyada ham kuzatiladi. Biroq mushaklardagi spazmlar ko‘pincha varikoz tomirlari kabi ma’lum kasalliklarga hamroh bo‘ladi. Oyoq tomirlarining tez-tez tortishishi tomirlarda notekis qon oqimi tufayli trombozning rivojlanishini ko‘rsatishi mumkin.

Oyoqlar tomiri tortishishida birinchi yordam

Oyoq tomirlari tortishishida birinchi yordam — avvalo qo‘shimcha stressni bartaraf etish uchun odamni qulay holatda yotqizish yoki joylashtirish kerak. Agar barmoqlar yoki boldir mushaklari siqilgan bo‘lsa, ikki qo‘l bilan oyoq ularni mahkam ushlab, tortish kerak.

Agar tomir tortishishi kamdan kam kuzatilsa, bu holatni ishqash va massaj qilish orqali yengillashtirish mumkin. Issiq dush, sovuq yoki issiq kompresslar yaxshi ishlaydi. Agar kompress qilish yoki dush olishning iloji bo‘lmasa, shunchaki polda yurish tavsiya etiladi.

Tomir tortishishi muntazam bezovta qilsa

Yuqorida aytib o‘tilganidek, doimiy tomir tortishishlar organizmdagi qandaydir muammo haqida signal beradi. Bunday holda terapevtga murojaat qilish kerak. Shifokorga spazmlarni aniq nima qo‘zg‘atayotganini tushuntirishni unutmang: jismoniy faoliyat, oyoqlarning noqulay holati, yurish yoki stress. Bundan tashqari, bu qanchalik tez-tez sodir bo‘lishiga ham e’tibor qaratish lozim. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, shifokor tashxis qo‘yadi va davolanishni buyuradi.

От qwert.uz