Olimlarning ma’lum qilishicha, ko‘p o‘tirish ikki yoki uch haftada o‘zining salbiy oqibatini namoyon qiladi. Doimiy ravishda stressda bo‘lganda esa bir haftadayoq salomatlik bilan bog‘liq muammolar kuzatiladi. Salomatlikda muammo bor yoki yo‘qligini aniqlash uchun shifokorga murojaat qilish kerak, lekin quyidagi testlar orqali ham ayrim o‘zgarishlarni aniqlasa bo‘ladi.
— Manba: «Daryo» nashri.
Qalqonsimon bez
O‘rningizdan turing, ko‘zlaringizni yuming, qo‘llarni oldinga cho‘zib, kaftlarni oching. Oila a’zolaringizdan barmog‘ingizga qog‘oz qo‘yishni so‘rang. Qog‘oz qo‘yilgan qo‘llar qaltirasa, endokrinologga murojaat qilishingiz yoki qalqonsimon bezni tekshirtirishingiz kerak, uning faoliyatida muammo bo‘lishi mumkin.
Nafas tizimi va yurak
Mazkur testni o‘tkazish uchun sekundomer kerak bo‘ladi. Stulga o‘tiring va bir necha marta chuqur nafas olib-chiqaring. Nafas olib-chiqargandan keyin nafasni ushlab turing va qanchagacha tura olishingizni sekundomer yordamida hisoblang. Ikki-uch daqiqa dam oling va shundan keyin bir necha marta odatiy nafas olib, chiqaring. Yana bir marta nafas olgandan keyin yana nafas tutib turing. Agar 25-30 soniya nafasni chiqargan holda, 40 soniya tutgan holda tura olsangiz, demak sizning yurak va o‘pkangizda muammo yo‘q. Ammo bundan kamroq natija qayd etilsa, ushbu a’zolar zaiflashgan va yordamga muhtoj bo‘lishi mumkin.
Umurtqa pog‘onasi
Bel qismingizgacha kiyimlarni yeching, pastga engashing va polga kaftlaringizni qo‘ying. Yaqinlaringizdan bu vaqtda umurtqa pog‘onasi holatini baholashni so‘rang. Umurtqa pog‘onalari bir tekisda bir qator bo‘lishi kerak, turtib chiqishi yoki ayrimlari ichkariga kirib qolmagan bo‘lishi kerak. Agar umurtqa o‘ngga yoki chap tomonga qiyshaygan bo‘lsa, bu skolioz, ya’ni umurtqa pog‘onasi kasalligidan darak beradi. Skolioz ichki a’zolar joylashuviga ta’sir etmay qolmaydi.
Polga o‘tiring, oyoqlarni tekis qilib orasini ochib cho‘zing. Oyoqlarning kaft qismidan boshlab orasiga chizg‘ich qo‘ying. Qo‘llarni oldinga cho‘zing va tizzani bukmagan holda oyoq uchiga qo‘lingizni tekkizishga urining. Agar qo‘lingiz chizg‘ichdagi ko‘rsatkich bo‘yicha 15 sm yetsa, umurtqa pog‘onasi va mushaklar yaxshi ahvolda. Agar 5 sm-15 sm yetib borsa ham, natija yomon emas, lekin 5 sm.dan kam bo‘lsa, salomatligingiz, xususan, umurtqangiz haqida qayg‘urishingiz kerak.
Shishlar
Bosh barmoq bilan oyoq kaftining yuqori qismini bosing: agar iz barmoqni olganingizdan bir necha soniya keyin yo‘qolsa, muammo yo‘q. Ammo iz qoladigan bo‘lsa, organizmda suyuqlik ushlanib qolayotgan bo‘lishi mumkin va shifokorga murojaat qilishingiz kerak.
Qon aylanishi
Sovuq suv solingan stakanga barmoqlaringiz uchini 30 soniya tiqib turing. Qo‘llaringizni olgandan keyin rangi o‘zgargan bo‘lsa, ko‘karsa yoki qizarsa, demak sizda qon aylanishi bilan bog‘liq muammo bo‘lishi mumkin. Mutaxassisga murojaat qilishni unutmang.