Soatlab internetda o‘tirish, kechasi ovqatlanish, asablar taranglashganda alkogol ichish odatiy holga aylanganmi? Unday bo‘lsa, turmush tarzingizni qayta ko‘rib chiqish vaqti keldi. Bu borada Lifehacker nashri kardiojarroh shifokorlar tavsiyalarini sizga taqdim etadi.

  — Manba: «Daryo» nashri.

Fastfud va tezpishar ovqatlarni muntazam iste’mol qilish

Foto: Dzen

Ba’zan ish kunining oxirida taom pishirishga holimiz bo‘lmaydi va fastfud yetkazib berish xizmatidan foydalanamiz. Bunday holat oyiga 1-2 marta takrorlanishining zarari yo‘q, biroq tezpishar taomlarni yeyish odatiy tusga aylanishi yurak faoliyati bilan bog‘liq turli kasalliklar rivojlanishiga yo‘l ochadi. Chunki fastfud tarkibida trans yog‘lar qon-tomirlar ichida tromb hosil bo‘lishiga sabab bo‘ladi.

Qon tarkibida xolesterin miqdori birdaniga oshib ketmaydi, ilk alomatlar organlarda qon aylanishining buzilishi bilan namoyon bo‘ladi. Bunday holatda yurakda og‘riqlar, aritmiya, xotira pasayishi, umumiy holsizlik, yurganda tovonda og‘riqlar kuzatiladi.

Yurakning ishemik kasalligi va insult insonlar o‘limiga sabab bo‘ladigan dunyoda eng keng tarqalgan kasalliklar hisoblanadi. Xatarning oldini olish uchun taomnomadan fastfud, tezpishar va sho‘r taomlarni olib tashlash, ko‘proq tabiiy mahsulotlar, jumladan, baliq iste’mol qilish tavsiya etiladi.

Chekish (elektron sigaretalar ham)

Foto: Culture.ru

Nikotin moddasining zarari barchaga ma’lum. Sigaret tarkibidagi kimyoviy moddalar o‘pkani zararlantirishi bilan bir qatorda qon-tomirlarda xolesterin yog‘lari yig‘ilishiga olib keladi. Buning uchun doimiy chekish shart emas, haftasiga bir necha marta elektron sigaretadan foydalanuvchilar ham bunday kasalliklarga chalinishi mumkin.

Ish va uydagi stress bezovta qilganida sigareta izlash o‘rniga bir finjon qahva iching. Shuningdek, asabiylashgan paytda jismoniy mashq, piyoda yurish, yoga, massaj kabilar tanani tinchlantirishga yordam beradi.

Yarim tungacha telefondan foydalanish

Foto: Herway.net

Ijtimoiy tarmoqlarning algoritmi shunday qurilganki, ularning interfeysidan ko‘zingizni uzish, chalg‘ish mushkul. Yurakka o‘z vaqtida uyqu kerak. Surunkali uyqusizlik gormonlar faoliyatida buzilishlarga sabab bo‘ladi va qon bosimining ko‘tarilishiga olib keladi. 6 soatdan kam uxlaydigan insonlarda gipertoniyaga chalinish xavfi bir necha martaga ko‘proqdir.

Ijtimoiy tarmoqlar sozlamasida xabarlar ovozini o‘chirib qo‘yish, telefonga vaqt chegarasi (timer) o‘rnatish orqali smartfondan foydalanish vaqtini qisqartirish mumkin.

Spirtli ichimliklar

Foto: I-doctor

Tarkibida alkogol mavjud bo‘lgan barcha ichimliklar gipertoniya, aritmiya, kardiomiopatiyaga olib keladi. Spirtli ichimliklarga qaram insonlarning insult va yurak yetishmovchiligi kasalliklariga chalinish ehtimoli bir necha baravar yuqoridir.

Dam olish kunlarida seriallar marafoni uyushtirish

Foto: Traveltimes

Bugungi zamon insonlarining ko‘pgina qismi kam harakatni talab etadigan kasblarda mehnat qiladi. Afsuski, aksariyat insonlar ish kunidan keyin piyoda sayr qilish o‘rniga sevimli kinolarni soatlab tomosha qilishni afzal ko‘radi. Ba’zilar esa dam olish kunida tongdan tungacha biror serialning barcha qismlarini ko‘rib chiqishga odatlanganlar. Bunday hayot tarzi organizmda qandli diabet, ortiqcha vazn, yo‘g‘on ichak saratoni, osteoporoz, depressiya kabi kasalliklar rivojlanishiga sabab bo‘ladi.

От qwert.uz