Hijoma — maxsus uskunalar yordamida vakuum orqali qon oldirish bo‘lib, uni ba’zan vakuumli massaj deb ham atashadi. Alternativ va an’anaviy tibbiyot sohasiga tegishli mazkur jarayon qadimdan mavjud. Unga ko‘ra, bemorning terisi skalpel yoki igna bilan kesiladi, so‘ng shikastlangan joy ustiga vakuumli massaj uchun maxsus idish qo‘yiladi. Yuzaga kelgan bosim tufayli teri idishga so‘riladi va shikastlangan qismdan qon sizib chiqadi.

 — Manba: «Daryo» nashri.

Foto: Pinterest

Hijoma O‘rta Osiyo, Xitoy, Koreya va Sharqiy Yevropa, Shimoliy Afrika va Yaqin Sharq davlatlarida qo‘llanadi. Arab tilida hijoma so‘zi “al-hajm” — so‘rib olmoq degan ma’noni anglatadi.

Hijoma nima uchun qo‘llanadi?

Hijomaning bir nechta shifobaxsh xususiyatlari mavjud, masalan, osteoxondroz va epilepsiyadan tortib jigar, buyrak va o‘t pufagi kasalliklari uchun samarali deb ta’kidlanadi. Ammo hijomaning foydasi olimlar tomonidan rasman tasdiqlanmagan.

Ilmiy dalillarga kelsak, hijoma asosan og‘riq qoldiruvchi vosita sifatida isbotlangan. Masalan, hijoma mushaklar, bo‘yin va yelkadagi og‘riqlar, kuchli bosh og‘rig‘i, nevralgiya, gerpesda ham qo‘llanadi.

Yana bir tadqiqot natijalariga ko‘ra, hijoma faqat ayrim insonlarga yordam bergan, chunki hijomani bajarishda turli metodologik xatolarga yo‘l qo‘yilgan.

Hijoma zarar yetkazishi mumkinmi?

Hijomaning salbiy ta’siri uni qayerda va qanday muhitda o‘tkazishga bog‘liq. Bir martalik igna va skalpeldan foydalanish, kesishdan avval bemor terisini dezinfeksiya qilish kabi xavfsizlik qoidalariga rioya etish lozim. Aks holda OIV, gepatit B va C kabi qon orqali yuqadigan kasalliklar va boshqa infeksiyalarni yuqtirib olish xavfi bor.

Foto: Adobe stock

Hijoma keng qo‘llanadigan Saudiya Arabistoni davlatida 25 000 taga yaqin gepatit C kasalligiga chalingan bemorlar tekshirilgan. Tekshiruv natijalariga ko‘ra, bemorlarning ko‘pgina qismi aynan hijoma orqali gepatitni tasodifan yuqtirib olgan.

Hijomaning quyidagi nojo‘ya ta’sirlari mavjud:

  • Hijoma qilingan teri qismida shish, chandiq, kuyish, turli yaralar paydo bo‘lishi;
  • Teriga infeksiya tushishi;
  • Qichishish va allergik reaksiyalar sodir bo‘lishi;
  • Teri ostidagi yog‘ qatlamining yallig‘lanishi;
  • Kamqonlik;
  • Psoriaz va boshqa teri kasalliklari;
  • Kebner fenomeni (teri shikastlanishi);
  • Ong va tushunish bilan muammolar, bosh aylanishi;
  • Ko‘ngil aynishi, charchoq;
  • Hushdan ketish;
  • Uyqu bilan muammolar.

Hijoma tibbiy jarayondir. Ba’zi tibbiy bilim, ko‘nikma hamda diplomga ega bo‘lmagan shaxslar tomonidan bajarilgan hijoma yuqoridagi salbiy oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkin.

Hijoma man etiladigan holatlar:

  • Ochiq jarohat va teri yaralari;
  • Saraton kasalliklari;
  • Biror ichki organ yetishmasligi;
  • Gemofiliya va boshqa qon kasalliklari;
  • Yuragiga kardiostimulyator o‘rnatilgan insonlar;
  • Bolalar va qariyalar;
  • Homiladorlik;
  • Hayz davri;
  • Xolesterin miqdori oshganda;
  • Yurak va qon-tomir kasalliklari;
  • O‘tkir yuqumli kasalliklar.

Shuningdek, chuqur trombozda va suyak singanda ham hijoma qilish mumkin emas.

От qwert.uz