Homiladorlik har bir bo‘lajak onaning hayajonli va go‘zal davri bo‘lishi bilan birga, eng himoyasiz vaqti hamdir. Bu davrda o‘zingiz va tug‘ilajak farzandingizni turli infeksiyalardan himoya qilish muhim.

 — Manba: «Daryo» nashri.

Yuqumli kasalliklarga chalinish xavfini kamaytirish va homiladorlikni qiyinchiliksiz o‘tkazish uchun oddiy, ammo samarali usullardan foydalanish mumkin.

Foto: iStock

Buning uchun:

  1. Gigiyena qoidalariga rioya qiling

Tozalik va poklikka e’tiborli bo‘lish homiladorlik paytida zararli infeksiyalarni yuqtirib olishdan saqlaydi. Ovqatlanishdan yoki taom tayyorlashdan avval qo‘lingizni sovun bilan yuving, hayvonlar bilan muloqot qilgach ham antibakterial vositalardan foydalaning.

Turli mikroblarning tarqalish xavfini kamaytirish uchun sochiq, tish cho‘tkasi va idish-tovoq kabi shaxsiy buyumlaringizni alohida saqlang.

  1. Emlaning

Vaksinatsiya homiladorlik davrida ba’zi infeksiyalardan himoya qilishga yordam beradi. Masalan, grippga qarshi, difteriya, qoqshol va ko‘kyo‘taldan himoya qiluvchi Penta (avvalgi AKDS) vaksinalarini olishingiz mumkin.

Homiladorlik paytida qaysi vaksinalar xavfsiz va zarur ekanligi bo‘yicha shifokoringiz bilan maslahatlashing.

  1. To‘g‘ri ovqatlanish qoidalariga rioya eting

Bu davrda to‘g‘ri ovqatlanish homiladorlik jarayonining me’yorda kechishi, homilaning to‘g‘ri o‘sishi va rivojlanishi uchun ahamiyatlidir. Mustahkam immun tizimi uchun vitamin va minerallarga boy meva, sabzavotlar, dukkaklilar, baliq va sut mahsulotlarini iste’mol qilish kerak.

  1. Xom yoki yaxshi pishmagan taomlardan saqlaning.

Xom va chala pishirilgan go‘sht, parranda, dengiz mahsulotlari va tuxum kabi oziq-ovqatlarda salmonella, listeria va ichak tayoqchasi kabi zararli bakteriyalar bo‘lishi mumkin. Oziq-ovqat orqali yuqadigan kasalliklar xavfini kamaytirish uchun barcha go‘sht mahsulotlari va tuxumning yaxshilab pishirilganiga ishonch hosil qiling va pasterizatsiya qilinmagan sut ichishdan tiyiling.

  1. Jismoniy faol bo‘lishni unutmang

Muntazam jismoniy faollik immunitetni mustahkamlashga yordam beradi va homiladorlik paytida kasallik yuqish xavfini kamaytiradi. Yurish, suzish yoki yoga kabi yengil turdagi jismoniy mashqlar homiladorlar uchun ayni muddaodir. Biroq turli shikastlanish va jarohatga olib keladigan og‘ir sport turi va jismoniy harakatlardan saqlanish lozim.

Yuqoridagi oddiy, ammo muhim maslahatlarga rioya etish orqali homiladorlik davrida infeksiyalardan himoyalanish va tug‘ilajak farzandingiz salomatligini ta’minlashga hissa qo‘shasiz.

От qwert.uz