Asabiylashganda yoki kuchli stressni boshdan kechirgandan so‘ng tomoqda bir narsa tiqilib qolgandek tuyulishi, qizilo‘ngachning yuqori qismida noqulay hislar paydo bo‘lishi ko‘p kuzatiladigan holatdir. Bu vaqtda bemor o‘zini xuddi biror narsani yuta olmayotgandek his qiladi. Bunday holatning sababi nima?

 — Manba: «Daryo» nashri.

Foto: Getty Images

Tomoqda biror narsa tiqilib qolgandek bo‘lishi halqumda yoki unga yaqin joydagi organlarning gipertrofiyasi yoki qalqonsimon bez bilan bog‘liq kasalliklar tufayli yuzaga keladi. Bunday holat avvaldan mavjud bo‘lgan kasalliklarning alomat bo‘lishi mumkin, jumladan:

  • Surunkali nevroz;
  • Tonzillit;
  • Endemik yoki tugunli buqoq;
  • Qizilo‘ngach yoki halqum saratoni;
  • Disfagiya — yutish funksiyasining ishdan chiqishi.

Shuningdek, oshqozon faoliyatidagi buzilishlar, jig‘ildon qaynashi kabilar ham tomoqda noqulaylik hissiga sababchi bo‘lishi mumkin.

Tomoqda tiqilish hissi sizni tez-tez bezovta qilsa, shifokor ko‘rigidan o‘tishni kechiktirmaslik lozim. Avvalo, gastroenterologga murojaat qilish va FGDS — qizilo‘ngach, oshqozon va o‘n ikki barmoqli ichakning endoskopik tekshiruvini o‘tkazish kerak. Aynan fibrogastroskopiya metodi orqali hazm qilish organlarining holati va funksiyasini to‘liq tekshirish mumkin.

Agar oshqozon va qizilo‘ngachda hech qanday kasallik aniqlanmasa, endokrinologga murojaat qiling. Shifokor qalqonsimon bezni ultratovushdan o‘tkazadi, qon analizlari orqali tireoid gormonlarining miqdorini aniqlaydi. Agar endemik buqoq kasalligi aniqlansa, tegishli davolash kursini yozib beradi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti statistikasiga ko‘ra, butun dunyoda 665 milliondan ortiq aholi tomoqda biror narsa tiqilganlik hissini beruvchi endemik buqoq bilan kasallangan. Qalqonsimon bezning ultratovush tekshiruvi patologiyalarni aniqlamasa, lor mutaxassisiga murojaat qiling: ehtimol sizda tonzillit mavjuddir.

Tashxisning yakuniy bosqichi bu nevrologga tashrif buyurishdir. Stress va surunkali nevrozlar muammoning manbai bo‘lishi mumkin. Turli gormonlarning yetkazib beruvchisi, moddalar almashinuvining asosiy regulyatorlaridan biri bo‘lgan qalqonsimon bez sog‘lom odamlarda ham ba’zan ishdan chiqadi, bunda doimiy charchoq, kuch va kayfiyatning yo‘qolishi, uyqusizlik, befarqlik va bosh og‘rig‘i kabi alomatlar paydo bo‘ladi va O‘zbekiston sharoitida bu tez-tez uchraydigan holat hisoblanadi.

Organizmdagi yod tanqisligini kamaytirish uchun yodlangan tuzdan foydalaning. Tuzni faqat tayyor ovqat ustiga seping, chunki termik ishlov berganda yod parlanib ketadi.

От qwert.uz