Dunyoda hech bir bayram shirinliklarsiz o‘tmaydi. Shokoladlar esa hayotimizni yanada shirin va lazzatli qilishga hissa qo‘shadi. Ammo shakardan tayyorlangan mahsulotlarning zarari bisyor ekani ko‘pchilikka ma’lum.

 — Manba: «Daryo» nashri.

Shokoladdan voz kechmagan holda kunlik iste’mol qilinadigan shakar miqdorini kamaytirish mumkinmi? Albatta! Quyida buning 6 ta sinalgan usuli haqida batafsil so‘zlashamiz.

  1. Mahsulotlarni xarid qilishdan avval tarkibi bilan tanishing
Foto: Dzen

Shakarni hatto biz kutmagan mahsulotlarda ham topish mumkin, chunki u universal ta’m kuchaytiruvchi modda va konservantdir. Shuning uchun shakar non, kolbasa, ketchup yoki boshqa souslarga qo‘shiladi.

Shirinliklar tarkibidagi shakarning miqdori va turiga ham qiziqib ko‘ring: ba’zi pishiriqlarda juda ko‘p shakar bo‘lishi, boshqalari esa shakar o‘rnini bosuvchi foydaliroq moddalarni o‘z ichiga olgan bo‘lishi mumkin. Shakarning turi mahsulotning ta’miga ta’sir qilmaydi.

  1. Tarkibida shakar miqdori ko‘p mevalarni iste’mol qilmaslikka harakat qiling.
Mahsulotlar glikemik indeks ko‘rsatkichi
Foto: Shutterstock

Ha, mevalar ham shakar, ya’ni fruktozaga boydir. Ko‘plab mevalar o‘rta va past glikemik indeksga ega. Ammo uzum, banan, xurmo kabilar yuqori glikemik ko‘rsatkichli bo‘lib, ular qondagi shakar miqdorini tezda ko‘tarib yuboradi.

Albatta, ulardan voz kechish lozim degan fikrdan yiroqmiz. Mevalarda ko‘plab vitaminlar, eriydigan va erimaydigan o‘simlik tolalari mavjud bo‘lib, ular ichak mikroflorasi uchun foydalidir. Shunchaki ularning kunlik me’yoriga amal qilish kifoya. Ya’ni, bir nechta shirin meva iste’mol qilgan kuningiz pishiriq va shokoladlardan tiyilish lozim.

  1. Sekin uglevodlarni iste’mol qiling
Foto: Justfood

Biror pishiriq yoki shokoladni yegandan so‘ng inson tezda to‘yadi va bir zumda energiya oladi. Biroq ozuqa moddalarining yuqori tezlikda parchalanishi tufayli organizm tez orada yana och qoladi.

Tartibli va balansli parhezga o‘tish orqali organizmga kelib tushadigan shakar miqdorini kamaytirish mumkin. Bunda nonushta, tushlik va kechki ovqatlarni o‘tkazib yubormaslik muhim. Taomnomaga sekin yoki murakkab uglevodli mahsulotlar —donli, dukkaklilar, yong‘oqlar, sabzavotlarni kiritish tavsiya etiladi.

  1. Suv ichishni unutmang

Ba’zan ochlik bilan tashnalik hislari o‘xshash bo‘ladi, shuning uchun konfet yoki pechenye bilan tamaddi qilishdan avval bir stakan suv ichib ko‘ring.

Gazli shirin ichimliklar o‘rniga bir bo‘lak apelsin, bir juft yalpiz barglari yoki rezavorlar qo‘shilgan suv ichish foyda beradi.

  1. Harakat vaqtida, shoshilganda ovqatlanmang
Foto: iStock

Televizor qarshisida yoki yo‘lda ketayotganda tamaddi qilish odati ham ortiqcha vaznli insonlarning ahamiyat bermaydigan odatidir. Kundalik ishlar oqimida shirinliklar yeb olish o‘rniga ongli ravishda, xotirjam holatda ovqatlanish muhim.

  1. Yetarlicha uxlang

Tunda to‘liq dam olmaslik va ertalab energiya yetishmasligi shakarli mahsulotlar yeyishga undaydi. Shuningdek, uyquga to‘ymaslik stressga olib keladi, buning natijasida tanada ishtahani qo‘zg‘atuvchi gormon — grelin sintezi kuchayadi.

Stress va tushkunlik paytida shirinlik bilan o‘zingizni tinchlantirish o‘rniga buning muqobil usullarini toping: sayr qiling, yaqinlaringiz bilan suhbatlashing, sevimli mashg‘ulotingiz bilan shug‘ullaning.

От qwert.uz