O‘rta yoshdan oshgandan so‘ng, hatto mutlaqo sog‘lom bo‘lsangiz ham qon bosimini muntazam tekshirib turish xavfli kasallik — gipertoniyaga chalinishning oldini olishi mumkin. Agar sizda aynan kechalari qon bosimi oshishi kuzatilsa, ushbu alomatga diqqat bilan e’tibor bering. Chunki siz gipertoniyaga chalinish xavfi ostida bo‘lishingiz mumkin.

 — Manba: «Daryo» nashri.

Foto: iStock

Nima uchun qon bosimi aynan kechalari oshadi?

Qon bosimining ko‘tarilishi asosan soat 16-17 dan keyin sodir bo‘ladi. Mutaxassislar boisini quyidagicha tushuntiradi:

  • kechqurun tananing energiya zaxirasi tugaydi, charchoq kuchayadi va yurak-qon tomir tizimiga tushadigan bosim ko‘payadi;
  • ko‘p miqdorda yog‘li taomlar bilan tushlik qilish yoki o‘ta kech vaqtda ovqatlanish hazm qilish organlariga ko‘proq qon oqimi kelishiga sabab bo‘ladi, bu esa qon bosimini oshiradi;
  • achchiq choy, qahva va tarkibida kofein bo‘lgan boshqa ichimliklar qon bosimi kechqurun ko‘tarilishining yana bir sababidir;
  • stress va ortiqcha jismoniy faollik ham organizmga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Qon bosimining kechalari oshishi quyidagi guruhga kiruvchi insonlarda ko‘proq uchraydi:

  • ortiqcha vaznlilar;
  • chekuvchilar va spirtli ichimliklarni iste’mol qiluvchilar;
  • kamharakat turmush tarzini olib boruvchilar;
  • buyraklar va siydik-tanosil tizimida surunkali kasalliklari bor shaxslar.
Foto: Theday.ru

Qon bosimi 140/90 dan oshganda quyidagi alomatlar kuzatiladi:

  • boshning orqa qismi va chakkada og‘riqlar;
  • quloq shang‘illashi;
  • bosh aylanishi;
  • yurak urish tezligining oshishi;
  • yurak sohasidagi noqulaylik va og‘riq hissi;
  • charchoq va zaiflik.

Agar sizda ushbu alomatlar muntazam ravishda takrorlansa va qon bosimingiz oshsa, gipertoniya kasalligi rivojlanishining oldini olish uchun shifokor ko‘rigidan o‘tishingiz zarur.

Kechqurun qon bosimi ko‘tarilganda nima qilish kerak?

Kechalari qon bosimining oshishi gipertoniyaning birinchi alomatidir. Kasallik boshidanoq nazorat qilinsa, uni to‘xtatish mumkin. O‘z vaqtida davolanish gipertoniya bilan bog‘liq jiddiy asoratlar — infarkt, insult, gipertonik inqiroz rivojlanishining oldini olish mumkin.

Ushbu bosqichda davolanish dori-darmonlar bilan emas, balki turmush tarzini tubdan o‘zgartirish orqali amalga oshiriladi. Buning uchun:

  • ovqatlanish tartibiga ahamiyatli bo‘lish, juda sho‘r, yog‘li, shirin va yuqori kaloriyali taomlarni cheklash;
  • zararli odatlardan voz kechish;
  • muntazam jismoniy faol bo‘lish va sog‘lom turmush tarzini olib borish;
  • stressli vaziyatlarda bo‘lmaslikka harakat qilish, uyqu rejimiga amal qilish lozim.

От qwert.uz