Ideal qomatga intiladigan ba’zi ayol-qizlar ortiqcha vaznni yo‘qotishning barcha usullarini sinab ko‘rishdan qo‘rqmaydi. Tezroq natija ko‘rish va maqsadga yetish shunchalik qiziqki, hatto 3 kunda 3 kilogramm tashlashga va’da beradigan parhezlar ham ularda shubha uyg‘otmaydi.
— Manba: «Daryo» nashri.
Aslida go‘zallik qurbonlikni talab qilmaydi, balki internetdagi barcha ma’lumotlar haqiqatga yaqin yoki yo‘q ekanligini tekshirish va salomatlikka jiddiy yondashish orqali parhez tutiladi.

So‘nggi bir necha hafta ichida 150 milliondan ortiq ko‘rishni to‘plagan chia urug‘idan tayyorlangan ichimlik haqidagi video trendga chiqdi. Ushbu kokteylni foydalanuvchilar “Ozempikning arzon varianti” deb atadi.
Ozempik (Ozempic) II turdagi qandli diabet bilan og‘rigan bemorlarga mo‘ljallangan dori brendidir. Uning tarkibi glyukoza almashinuvi va ishtahani tartibga solishda ishtirok etadigan semaglutid moddasidan iborat. Preparat yordamida odam deyarli ochlikni his qilmaydi, bu esa ortiqcha vazndan xalos bo‘lishni osonlashtiradi.
Chia urug‘i foydasi haqida
Chia urug‘i haqiqatan ham juda foydali mahsulot bo‘lib, unda o‘simlik tolalari, oqsillar, vitaminlar va minerallar mavjud. U ichak faoliyatini normallashtirishga yordam beradi, tarkibidagi antioksidantlar hujayralarni erkin radikallar ta’siridan himoya qiladi.

Shuningdek, chia urug‘i:
- Ortiqcha vazndan qutulishga yordam beradi, oshqozonni to‘q tutadi;
- Tanani kalsiy bilan ta’minlaydi, shuning uchun osteoporoz va menopauza davrida iste’mol qilish tavsiya etiladi;
- Tarkibida mavjud fosfor tufayli asab tizimi uchun foydali hisoblanadi va xotirani mustahkamlaydi;
- Urug‘lar yurak faoliyati va xolesterin miqdorini pasaytirish uchun zarur bo‘lgan omega-3 va omega-6 kislotalariga boy;
- Chia urug‘lari kaliyga boy bo‘lgani uchun ularni iste’mol qilish qon bosimini pasaytirishga yordam beradi;
- Qondagi qand miqdorini, umuman, endokrin tizim faoliyatini barqarorlashtirishga qodir.
Nima uchun chia urug‘larini Ozempik bilan taqqoslashmoqda?

Mashhur Ozempik dorisi miyadagi boshqaruv markaziga ta’sir qiladi: ochlik hissini kamaytiradi va to‘qlik hissini uzoq vaqtga saqlaydi. Bu odamlarga kamroq ovqatlanishga va kaloriya iste’molini nazorat qilishga yordam beradi. Preparat qondagi shakar darajasini tartibga soladi. Ozempikni qabul qilganlar deyarli hech qachon och qolmaydi. Ularning shirinliklarga bo‘lgan ishtiyoqi yo‘qoladi.
Chia urug‘i ham deyarli xuddi shunday ta’sirga ega. Faqat Ozempik gormonal, chia jismoniy jihatdan ta’sir qiladi.
Ogohlantirish: chia urug‘lari oshqozon-ichak trakti kasalliklari, qon bosimi muammolari va allergik reaksiyalarda taqiqlanadi. Uni iste’mol qilishdan avval shifokoringiz bilan maslahatlashing. Shuningdek, me’yor barcha narsada muhim ahamiyatga ega. Hech qanday superfudlar kundalik ovqatlarning o‘rnini yuz foiz to‘ldirmasligi kerak. Aks holda och qolish orqali tanaga jiddiy zarar yetishi mumkin!
Ijtimoiy tarmoqlarda iliq suv, chia urug‘i va limon suvidan iborat ichimlikdan ozgan insonlar haqidagi videolar tarqalib ketdi. Ammo ko‘plab diyetologlar bu aslida platsebo effektiga ekanini ta’kidlamoqda.

Braziliyalik blogerlardan biri tajriba o‘tkazdi va har kuni ertalab ushbu “mo‘jizaviy ichimlik” ichishni boshladi. 5 kun ichida u atigi 180 grammni yo‘qotishga muvaffaq bo‘ldi. Chunki u avval qanday tartibda ovqatlangan bo‘lsa, xuddi shu tarzda davom etdi. Kaloriya tanqisligi bo‘lmasligi natijasida vazn o‘zgarmay qoldi.
Xulosa qilib aytganda, chia urug‘larining foydali xususiyatlari ko‘p, ammo ushbu superfud vazn yo‘qotish uchun asosiy vosita bo‘la olmaydi: agar siz kaloriya tanqisligini yaratmasangiz va avval iste’mol qilganingiz kabi ovqatlanishni davom etsangiz, chiadan hech qanday foyda bo‘lmaydi.