
Kundalik bajariladigan jismoniy faollikni biroz bo‘lsa-da oshirish erta o‘lim xavfini kamaytiradi. Bu Norvegiya sport fanlari maktabi yetakchiligidagi xalqaro tadqiqotchilar guruhi tomonidan tasdiqlandi. Tadqiqot natijalari The Lancet ilmiy jurnalida e’lon qilindi.
— Manba: «Daryo» nashri.
Tadqiqot davomida mutaxassislar 130 mingdan ortiq ishtirokchilarning aqlli soat va boshqa “aqlli” qurilmalar orqali to‘plangan ma’lumotlarini o‘rganishdi. Ishtirokchilar kundalik harakat darajasiga qarab guruhlarga bo‘lindi. Olimlar ayniqsa ikki toifaga e’tibor qaratdi: jismoniy faolligi eng past bo‘lgan ishtirokchilarning 20 foizi va qolgan kengroq aholi guruhi. Ikkinchi guruhga eng faol 20 foiz ishtirokchilardan tashqari barcha qatnashchilar kiritilgan.
Natijalar shuni ko‘rsatdiki, kuniga atigi 5 daqiqa o‘rtacha yoki yuqori darajadagi jismoniy mashqlar ham sog‘liq uchun foydalidir. Eng kam harakat qiladigan odamlar orasida bunday qisqa mashqlar turli sabablarga ko‘ra erta o‘lim xavfini 6 foizgacha kamaytirgan. Kengroq aholi guruhida esa bu ko‘rsatkich 10 foizgacha yetgan.

Shuningdek, o‘tirib o‘tkaziladigan vaqtni kuniga 30 daqiqaga qisqartirish ham erta o‘lim ehtimolini kamaytirishi aniqlangan. Bu ta’sir ayniqsa kam harakat qiladigan odamlarda yaqqol namoyon bo‘lgan. Olimlar ta’kidlashicha, bu guruh uchun hatto juda kichik o‘zgarishlar ham sog‘liqqa sezilarli foyda keltiradi. Masalan, qisqa vaqt piyoda yurish, zinapoyadan chiqish yoki bir necha daqiqalik faol harakat ham organizm uchun ijobiy ta’sir ko‘rsatgan.
Spirtli ichimliklardan voz kechish esa saraton xavfini kamaytiradi
Boshqa bir tadqiqotda Avstraliyaning La Trob universiteti olimlari spirtli ichimliklar iste’moli va saraton kasalligidan o‘lim xavfi o‘rtasidagi bog‘liqlikni o‘rgandi. Ular 70 yildan ortiq davrni qamrab olgan statistik ma’lumotlarni — aholi salomatligi, o‘lim ko‘rsatkichlari, alkogol va tamaki iste’moli darajasini tahlil qilgan.

Tadqiqot natijalariga ko‘ra, spirtli ichimliklarni muntazam iste’mol qilish jigar, nafas olish va ovqat hazm qilish tizimi, yo‘g‘on ichak hamda ko‘krak bezi saratoni rivojlanish xavfini oshiradi.
Mutaxassislar hisob-kitoblariga ko‘ra, alkogol iste’molini hatto ozgina kamaytirish ham muhim natija berishi mumkin. Xususan, bir kishiga to‘g‘ri keladigan yiliga bir litr toza spirt iste’molining kamayishi saratondan kelib chiqadigan o‘lim holatlarini bir necha foizga qisqartirishi mumkin.

