
Gormonal fon birgina kayfiyatning tez-tez o‘zgarishi yoki hayz sikli bilan bog‘liq masala emas. Gormonlar vazn, teri holati, uyqu sifati, energiya darajasi, ish unumdorligi va hatto o‘ziga bo‘lgan ishonchga ham bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Shu sababli gormonal muvozanatni saqlash umumiy salomatlikning muhim qismi hisoblanadi.
— Manba: «Daryo» nashri.
Quyida gormonal fonni qo‘llab-quvvatlash uchun kundalik ratsionga kiritish kerak bo‘lgan foydali mahsulotlar haqida so‘z yuritamiz.
Gormonal salomatlik nima uchun muhim?
Gormonal fon organizmdagi deyarli barcha jarayonlarga ta’sir qiladi: u uyqu va energiyadan tortib, vaznni nazorat qilish va stressga chidamlilik darajasini boshqaradi. Gormonal muvozanatning buzilishiga uyqusizlik, noto‘g‘ri ovqatlanish, surunkali stress yoki yoshga bog‘liq o‘zgarishlar sabab bo‘ladi.
To‘g‘ri ovqatlanish esa gormonal salomatlikni saqlash va hatto tiklashning eng oddiy, shu bilan birga eng samarali usullaridan biridir. Ratsioningizga foydali mahsulotlarni qo‘shish orqali organizmni ichki muvozanatga qaytarish mumkin. Quyida keltirilgan mahsulotlar tanangizga albatta ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
1. Zig‘ir urug‘i

Zig‘ir urug‘ida lignanlar mavjud, bu moddalar gormonal fonni ehtiyotkorlik bilan tartibga solishga yordam beradi. Agar estrogen yetarli bo‘lmasa, uning darajasi biroz oshiradi, aksincha, ortiqcha bo‘lsa, faolligini pasaytiradi. Shu sababli zig‘ir urug‘i tartibsiz sikl, menopauza va kuchli hayz og‘riqlari bo‘lgan ayollar uchun ayniqsa foydalidir.
Urug‘ni iste’mol qilishdan oldin maydalash muhim, aks holda ular hazm bo‘lmasdan organizmdan chiqib ketadi. Yogurt, bo‘tqa yoki smuziga kuniga 1–2 osh qoshiq qo‘shish kifoya.
2. Avokado

Avokado foydali yog‘lar, monoto‘yinmagan yog‘ kislotalariga ega bo‘lib, gormonlar ishlab chiqarilishida muhim rol o‘ynaydi va jigarni ortiqcha yuklamaydi.
Avokado progesteron ishlab chiqarishga yordam beradi. Bu gormon homiladorlikni qo‘llab-quvvatlash, stressni kamaytirish va qondagi qand miqdorini yaxshilash uchun muhim. Bundan tashqari, avokado tarkibidagi E vitamini tuxumdon hujayralarini himoya qiladi.
Kuniga yarimta avokado yeyish yetarli. Uni nonushtada iste’mol qilish, salatlar yoki smuziga qo‘shish tavsiya etiladi.
3. Brokkoli

Brokkoli karami va boshqa karamdoshlar estrogenni organizmdan xavfsiz tarzda chiqarishga yordam beradi. Bu esa hayz og‘riqlari, endometrioz va mioma kabi holatlarda muhim ahamiyatga ega.
Brokkoli gormonal kasalliklarning, jumladan ko‘krak bezi saratonining oldini olishga ham xizmat qiladi. Uni uzoq qaynatish yoki qovurish tavsiya etilmaydi. Eng ma’qul usul — qaynoq suvga 1–2 daqiqaga solish, bug‘da pishirish yoki ziravorlar bilan duxovkada pishirishdir. Shuningdek, brokkolini salat va smuzilarga qo‘shish ham foydali.
4. Tuxum

Tuxum oqsil, foydali yog‘lar va xolin manbai bo‘lib, tug‘ish yoshidagi ayollar uchun ayniqsa muhimdir. U tuxumdonlar faoliyati va tuxum hujayralarining yetilishi uchun zarur bo‘lgan moddalarga boy.
Tuxumdagi oqsil va yog‘lar insulin gormonining keskin ko‘tarilishiga qo‘ymaydi, qondagi glyukoza darajasini barqarorlashtirishga yordam beradi. Kuniga 1–2 dona tuxumni qaynatilgan, pishirilgan yoki omlet ko‘rinishida iste’mol qilish mumkin.
5. Losos

Yog‘li baliqlar, ayniqsa losos yallig‘lanishga qarshi ta’sirga ega omega-3 kislotalarining eng yaxshi manbalaridan biridir. Ular gormonal fonni barqarorlashtirishda muhim rol o‘ynaydi.
Omega-3 autoimmun holatlar va surunkali stressda foydalidir. Shuningdek, u insulin qarshiligini kamaytirib, husnbuzar, ortiqcha vazn va hayz sikli buzilishlarida yordam, serotonin va dofamin ishlab chiqarilishini qo‘llab-quvvatlaydi.
Haftasiga 2–3 marta losos iste’mol qilish tavsiya etiladi. Muqobil variant sifatida skumbriya yoki sardina ham mos keladi.
6. Qora shokolad

Qora shokolad (70 foizdan yuqori kakao tarkibli) stress gormoni kortizolni tartibga solishda muhim bo‘lgan magniyga boy. Shokolad tarkibidagi flavonoidlar kayfiyatni yaxshilab, serotonin va dofamin ishlab chiqarilishini rag‘batlantiradi. Kuniga 20–30 gramm sifatli qora shokolad yetarli.
7. Fermentlangan mahsulotlar

Ichak gormonlarni ishlab chiqarishda muhim rol o‘ynaydi. Sog‘lom mikroflorasiz gormonal muvozanatni saqlash qiyin.
Fermentlangan mahsulotlar tarkibidagi foydali bakteriyalar estrogen dominatsiyasining oldini oladi va insulin, kortizol hamda jinsiy gormonlarga ta’sir qiluvchi yallig‘lanishni kamaytiradi. Ratsionga tuzlangan karam, kimchi yoki tabiiy yogurtni kuniga 1–2 osh qoshiq miqdorida qo‘shish tavsiya etiladi. Muhimi, ularga issiqlik bilan ishlov bermaslik kerak.
8. Kanakunjut urug‘i

Kanakunjut urug‘i lignanlarga boy bo‘lib, estrogen faolligini tartibga soladi. U ayniqsa perimenopauza va menopauza davrida foydalidir.
Kunjut tarkibidagi magniy va antioksidantlar stressni kamaytirishga yordam beradi. Uni kuniga 1 osh qoshiq miqdorida salatlar, bo‘tqalar shaklida iste’mol qilish mumkin.
9. Rezavorlar

Rezavorlar antotsianlarga boy bo‘lib, tuxumdonlarni oksidlovchi stressdan himoya qiladi va reproduktiv salohiyatni saqlab qolishga yordam beradi. Ular tarkibidagi C vitamini kortizolni pasaytirib, stressga moslashishni yaxshilaydi.
Rezavorlar qondagi qand miqdorini keskin oshirmaydi, bu esa gormonal barqarorlik uchun muhim. Kuniga bir hovuch yangi uzilgan yoki muzlatilgan rezavorlarni yogurt, bo‘tqa yoki smuziga qo‘shib iste’mol qilish mumkin.
10. Zarcho‘va

Zarcho‘va tarkibidagi kurkumin yallig‘lanishga qarshi va adaptogen ta’sirga ega. U jigar faoliyatini rag‘batlantirib, “ishlatilgan” gormonlarning chiqarilishiga yordam beradi.
Shuningdek, u insulin, kortizol va jinsiy gormonlar ishlab chiqarilishidagi buzilishlarning oldini olishga xizmat qiladi. Sho‘rva, karri yoki dimlangan sabzavotlarga 0,5–1 choy qoshiq zarcho‘va qo‘shish mumkin. Uning yaxshi singishi uchun bir chimdim qora murch qo‘shish tavsiya etiladi.

