Ozdiradi va organizmni tozalaydi: nega tongni kefirli grechka bilan boshlash kerak?Manba: iStock

Ma’lumki, grechka yormasi ko‘plab foydali vitamin va mikroelementlarga boy. U past kaloriyali bo‘lsa-da, tarkibida yetarli miqdorda oqsil va o‘simlik tolalari mavjud. Shu bois grechka uzoq vaqt to‘qlik hissini beradi va organizmni zarur moddalar bilan ta’minlaydi.

 — Manba: «Daryo» nashri.

Kefir esa kalsiy va oqsil manbai hisoblanadi, unda yog‘ miqdori nisbatan kam. U ichak faoliyatini qo‘llab-quvvatlaydi va hazm jarayonini yaxshilashga yordam beradi. Demak, ushbu ikki mahsulot uyg‘unligi sog‘lom turmush tarzini olib borishni va ozishni istagan insonlar uchun ayni muddao. Xo‘sh, kefirli grechka organizmga qanday foyda keltiradi?

1. Ovqat hazm qilish tizimini qo‘llab-quvvatlaydi

Grechka tarkibidagi o‘simlik tolasi ichak faoliyatini yaxshilaydi, bu esa hazm jarayonining me’yorda kechishiga yordam beradi.

Kefir tarkibidagi probiotik bakteriyalar ichak mikroflorasining sog‘lom muvozanatini saqlashga ko‘maklashadi. Ular zararli mikroorganizmlar ko‘payishining oldini olishga yordam beradi va hazm tizimining barqaror ishlashini ta’minlaydi.

Ushbu mahsulotlarning birgalikdagi ta’siri oshqozon-ichak traktining funksional holatini yaxshilashga xizmat qiladi. Ayniqsa, noto‘g‘ri ovqatlanish yoki yengil hazm buzilishlaridan so‘ng bunday taom foydali bo‘ladi.

2. Ichak mikroflorasini tiklashga yordam beradi

Foto: Shutterstock

Kasalliklar, antibiotiklar qabul qilish yoki noto‘g‘ri ovqatlanish ichak mikroflorasining buzilishiga olib kelishi mumkin. Bu holat diskomfort, meteorizm yoki hazm muammolari bilan namoyon bo‘ladi.

Kefir tarkibidagi probiotiklar ichakdagi foydali bakteriyalar sonini ko‘paytirishga yordam beradi. Grechka esa prebiotik xususiyatga ega bo‘lgan kletchatka manbai sifatida bu bakteriyalar uchun ozuqa vazifasini bajaradi. Natijada ichak muhitining muvozanati tiklanadi, hazm jarayoni yaxshilanadi va umumiy salomatlik holati barqarorlashadi.

3. Tana vaznini me’yorlashtirishga ko‘maklashadi

Grechka past glikemik indeksga ega bo‘lib, qondagi glyukoza darajasining keskin oshib ketishini oldini oladi. Bu esa ishtahaning nazorat ostida bo‘lishiga yordam beradi.

O‘simlik tolasi va oqsilning birgalikdagi ta’siri uzoq davom etadigan to‘qlik hissini ta’minlaydi, natijada ortiqcha kaloriya iste’moli kamayadi. Kefir esa hazm jarayonini yaxshilab, metabolizmning samarali ishlashiga ko‘maklashadi.

Ichak faoliyati me’yorlashganda, organizm oziq moddalarni yaxshiroq o‘zlashtira boshlaydi. Bu esa vaznni bosqichma-bosqich kamaytirishga yordam beradi. Muntazam ravishda iste’mol qilinganda, shirin va yuqori kaloriyali mahsulotlarga bo‘lgan ehtiyoj kamayishi kuzatiladi.

Kefirli grechkani tayyorlash usullari

Foto: Shutterstock

Grechkani iste’mol qilishdan oldin yaxshilab yuvish tavsiya etiladi. Kechqurun ustiga qaynoq suv quyib (taxminan 1:3 nisbatda) yopiq idishda qoldirish mumkin. Ertalab yorma yumshaydi va iste’molga tayyor bo‘ladi. Shundan so‘ng unga bir stakan kefir qo‘shib aralashtiriladi.

Yana bir usul — yuvilgan xom grechkani kefir bilan aralashtirib, muzlatgichda bir kecha saqlash. Ertalab ushbu aralashma tayyor holatga keladi.

Mazkur taomni nonushta sifatida yoki kechki yengil ovqat o‘rnida iste’mol qilish mumkin. Biroq har qanday mahsulot kabi uni ham me’yorida yeyish zarur. Uzoq muddat davomida faqat shu mahsulot bilan cheklanish tavsiya etilmaydi.

Agar bunday taomdan so‘ng oshqozonda noqulaylik yoki allergik reaksiyalar kuzatilsa, ratsionni qayta ko‘rib chiqish maqsadga muvofiq. Individual hazm qila olmaslik holatlarida ushbu mahsulotlarni iste’mol qilmaslik kerak.

От qwert.uz