Depressiya va xavotirning kutilmagan sababi: biz uni har kuni iste’mol qilamiz

Manba: iStock

Insoniyat ming yillar davomida fruktozani juda oz miqdorda iste’mol qilib kelgan. Ajdodlarimiz bu moddani faqat asal yoki mavsumiy pishgan mevalar orqali olishgan. Biroq bugungi kunga kelib, gazlangan ichimliklar, do‘kon shirinliklari va tayyor mahsulotlar tufayli biz fruktozani me’yordan bir necha barobar ko‘p qabul qilmoqdamiz.

 — Manba: «Daryo» nashri.

Ko‘p shakar yeyish faqat semizlik yoki qandli diabetga olib keladi, deb o‘ylasangiz adashasiz. Yangi tadqiqotlar olimlarni yanada jiddiyroq xulosaga keltirdi: agar organizm fruktozani to‘g‘ri o‘zlashtira olmasa, bu nafaqat ichaklaringizga, balki to‘g‘ridan-to‘g‘ri ruhiyatingizga ta’sir qilib, xavotir va tushkunlik ko‘rinishida zarba beradi.

Fruktoza ingichka ichakda maxsus “tashuvchi” oqsillar yordamida so‘riladi. Bu oqsillarni ma’lum darajada “filtr” deb tasavvur qilish mumkin: ular bir vaqtning o‘zida faqat cheklangan miqdordagi shakarni o‘tkazadi. Agar fruktoza miqdori bu chegaradan oshib ketsa, uning ortiqcha qismi yo‘g‘on ichakka o‘tadi va u yerda ichak bakteriyalari tomonidan parchalanadi.

Foto: Unsplash

Tibbiyotda bu holat fruktoza malabsorbsiyasi (shakarni so‘rilmasligi) deb ataladi. Bordo universiteti olimlarining aniqlashicha, bugungi zamon odamlarida bu muammo juda keng tarqalgan.

Olimlar vazni joyida bo‘lgan 55 nafar sog‘lom yigitni tekshirib ko‘rishdi. Ularga fruktoza eritmasi ichirildi va nafas tahlili orqali organizm shakarni qanday qabul qilayotgani o‘rganildi. Natija barchani hayratda qoldirdi: ishtirokchilarning 60 foizida fruktoza yetarli darajada so‘rilmadi. Vaholanki, ularning hammasi kuniga bor-yo‘g‘i 30 gramm (me’yoriy miqdor) shakar iste’mol qilgan edi.

Tajribaning eng muhim xulosasi shundaki, fruktozani yomon o‘zlashtirgan ishtirokchilarda xavotir va ichki bezovtalik darajasi ancha yuqori ekani ma’lum bo‘ldi. Qon tahlillari ham ularning organizmida surunkali, sezilarsiz yallig‘lanish jarayoni ketayotganini ko‘rsatdi.

Bundan tashqari, ichak mikroflorasi tarkibida ham o‘zgarishlar aniqlangan: ayrim foydali bakteriyalar ko‘paygan, boshqalari esa kamaygan. Bu o‘zgarishlar fruktozaning qayerdan — mevalar, pishiriqlar yoki shirin ichimliklardan olinganiga ham bog‘liq bo‘lgan.

Foto: Unsplash

Olimlar ushbu bog‘liqlikni yanada chuqurroq o‘rganish uchun tajribani hayvonlarda ham davom ettirdi. Genetik jihatdan fruktozani o‘zlashtira olmaydigan sichqonlarga to‘rt hafta davomida fruktozaga boy parhez berildi. Natijada bu hayvonlarda xavotirli va tushkunlikka o‘xshash xatti-harakatlar kuzatildi: ular ochiq joylardan qochishga harakat qildi va stressli sinovlarda tezroq taslim bo‘ldi.

Shuningdek, ularning miyasida mikrogliya deb ataluvchi immun hujayralari faollashgani aniqlandi. Bu hujayralar yallig‘lanish bilan bog‘liq moddalarni ko‘proq ishlab chiqara boshlagan. Qizig‘i shundaki, bu holat insonlarda kuzatilgan natijalar bilan hamohang bo‘ldi.

Shu asosda olimlar quyidagi xulosani ilgari surmoqda: o‘zlashtirilmagan fruktoza ichak mikroflorasini o‘zgartiradi, bu esa organizmda yallig‘lanishni kuchaytiradi. Yallig‘lanish esa qon orqali miyaga ta’sir qilib, uning faoliyatiga, jumladan, ruhiy holatga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Albatta, tadqiqotning ayrim cheklovlari bor — unda faqat erkaklar ishtirok etgan. Shunga qaramay, natijalar muhim yo‘nalishni ko‘rsatadi: kelajakda fruktoza miqdorini nazorat qilish, ayniqsa uni yomon o‘zlashtiradigan odamlar uchun, xavotir va tushkunlikni kamaytirishga yordam berishi mumkin.

author info

Sevara Soliyeva

От qwert.uz