Haftasiga kamida 5 ta tuxum yeyish Alsgeymer xavfini kamaytiradi — tadqiqot

Manba: Getty Images

Koʻp tuxum iste’mol qilish 65 yoshdan oshgan odamlarda Alsgeymer kasalligi rivojlanish xavfini 27 foizga kamaytirishi mumkin. AQSHning Loma Linda sog‘liqni saqlash universiteti olimlari tegishli tadqiqot natijalarini e’lon qildi.

  — Manba: «Daryo» nashri.

Olimlar 15 yil davomida 40 mingga yaqin odamning ovqatlanishi va salomatligini kuzatib bordi. Natijalarga ko‘ra, haftasiga 5 yoki undan koʻp marta tuxum iste’mol qilgan odamlarda kasallikka chalinish ehtimoli ushbu mahsulotni ratsionidan butunlay chiqarib tashlaganlarga nisbatan ancha past bo‘lgan.

“Tuxumdan butunlay voz kechish bilan solishtirganda, haftasiga kamida beshta tuxum iste’mol qilish Alsgeymer kasalligi rivojlanish xavfini kamaytirishi mumkin”, dedi tadqiqot muallifi, tibbiyot fanlari doktori, Loma Linda universiteti Jamoat salomatligi maktabi professori va bosh tadqiqotchi Joan Sabate.

Tadqiqot davomida ratsiondagi oz miqdordagi tuxum ham ijobiy ta’sir ko‘rsatgan. Uni oyiga 1–3 marta iste’mol qilish xavfni 17 foizga, haftasiga 2–4 marta yeyish esa kasallik ehtimolini qariyb 20 foizga kamaytirgan. Shu bilan birga, tadqiqotchilar tuxumga alohida shifo vositasi emas, balki umumiy sog‘lom ovqatlanish rejimining bir qismi sifatida qarash kerakligini ta’kidladi.

Tuxum tarkibida qanday foydali moddalar bor?

Joan Sabatening ta’kidlashicha, tuxum tarkibida miya uchun muhim bo‘lgan bir qancha moddalar mavjud. Tuxum xolinning eng boy manbai bo‘lib, organizm undan xotira hamda miya hujayralari o‘rtasidagi aloqa uchun zarur bo‘lgan atsetilxolin va fosfatidilxolin kabi birikmalarni ishlab chiqarishda foydalanadi.

Shuningdek, tuxum tarkibida lutein va zeaksantin ham bor. Ular kognitiv faoliyatning yaxshilanishi va oksidlanish stressi darajasining pasayishiga hissa qo‘shadi. Bundan tashqari, tuxumda omega-3 yog‘ kislotalari mavjud bo‘lib, ayniqsa, tuxum sarig‘i fosfolipidlarga boy — ular tuxumdagi umumiy lipidlarning qariyb 30 foizini tashkil etadi. Bu birikmalar neyromediator retseptorlarining faoliyatida asosiy o‘rin tutadi.

author info

Zulfiya Karimova

От qwert.uz