
Manba: Science Daily
Shifokorlar saratonga qarshi uch tomonlama ta’sirga ega yangi inyeksiyaning sinov natijalarini ochiqladi. Ushbu dori vositasi bemorlardagi o‘simtalarni butunlay yo‘q qilishga qodir. Bu haqda The Guardian xabar berdi.
— Manba: «Daryo» nashri.
11 ta davlatni qamrab olgan xalqaro sinovlarda inyeksiya saratoni tarqalib ketgan yoki qaytalangan, shuningdek, boshqa davolash usullari foyda bermagan bemorlarga taklif qilindi.
Amivantamab deb nomlangan ushbu ukol bemorlarning uchdan bir qismidan ko‘prog‘ida o‘simtalarni kichraytirdi. Keskin ijobiy o‘zgarishlar bir necha hafta ichida ko‘zga tashlandi. 15 nafar bemorda esa shifokorlar dori vositasi o‘simtalarni butunlay yo‘q qilib yuborganini aniqladi.
“Kimyoterapiya va immunoterapiyaga chidamli bo‘lib qolgan bemorlarda bunday kuchli natija ko‘rilishi — misli ko‘rilmagan holat. Bu guruhdagi bemorlar uchun davolash choralari juda cheklangan edi. Shu sababli bunday yuqori samarani ko‘rish hayratlanarlidir”, dedi London Saraton tadqiqotlari instituti (ICR) biologik terapiya professori Kevin Harrington.
Ushbu tadqiqot natijalari 31-may kuni Chikagoda, Amerika Klinik Onkologiya jamiyatining yillik yig‘ilishida taqdim etiladi. Bu dunyodagi eng yirik saraton konferensiyasidir.
Dunyodagi eng ko‘p tarqalgan saraton turlariga qarshi
Klinik sinovda dunyoda eng ko‘p tarqalgan oltinchi saraton turi — bosh va bo‘yin saratoni bilan og‘rigan 102 nafar bemor ishtirok etdi. Ularda yangi dori vositasi qo‘llandi. Natijada 43 nafar bemorda o‘simta kichraydi yoki butunlay yo‘q bo‘lib ketdi. Ya’ni ulardan 28 nafarida shishlar sezilarli darajada kichraygan bo‘lsa, 15 nafarida butkul yo‘qoldi.
Tadqiqotchilarning bildirishicha, inyeksiya o‘pka saratoniga chalingan bemorlarda ham xuddi shunday yaxshi natija ko‘rsatgan. Johnson & Johnson kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan Amivantamab hozirda 60 ga yaqin klinik sinovlardan o‘tkazilmoqda. U asosan o‘pka, shuningdek, yo‘g‘on ichak, miya va oshqozon saratonini davolash uchun tekshirilmoqda.
Uch tomonlama aqlli hujum
Ushbu aqlli inyeksiya saratonga qarshi uch usulda hujum qiladi:
- o‘simta o‘sishiga yordam beradigan EGFR oqsili faoliyatini to‘sib qo‘yadi;
- saraton hujayralari davolashdan qochish uchun foydalanadigan yo‘lni yopadi;
- saratonga qarshi hujum qilish uchun organizmning immun tizimini ishga tushiradi.
Yangi doridan birinchilardan bo‘lib foydalangan bemorlardan biri — 56 yoshli Karl Uolshdir. Unga 2024-yil may oyida til saratoni tashxisi qo‘yilgan edi. U 2025-yil iyul oyida Royal Marsden shifoxonasida o‘tayotgan OrigAMI-4 sinovlariga qo‘shildi.
“Meni dastlab kimyoterapiya va immunoterapiya bilan davolashdi. Afsuski, bu samara bermadi. Shundan so‘ng menga ushbu sinovda qatnashishni tavsiya qilishdi. Hozir davolanishning 17-bosqichidaman va natijalardan juda mamnunman”, dedi u.
Bemorlar uchun qulaylik va normal hayot
Ko‘plab saraton muolajalaridan farqli o‘laroq, Amivantamab tomchilatib yuborilmaydi. U teri ostiga kichik inyeksiya ko‘rinishida qilinadi. Bu esa davolanishni tezroq va qulayroq qiladi. Shuningdek, shifoxonadan tashqarida qo‘llashni osonlashtiradi.
Har uch haftada bir marta qilinadigan muolajaning nojo‘ya ta’siri asosan yengil yoki o‘rtacha bo‘lgan. 10 nafar bemordan faqat bittasi nojo‘ya ta’sirlar sabab davolanishni to‘xtatishga majbur bo‘lgan.
Birmingemlik Uolsh o‘z holati haqida shunday dedi:
“Hozir o‘zimni normal hayotga qaytgandek his qilyapman. Sinovdan oldin shish va og‘riq sababli to‘g‘ri gapira olmasdim, ovqatlanishga qiynalardim. Davolanish boshlanganidan beri shish sezilarli darajada kamaydi, og‘riqlar pasaydi. Kimyoterapiyadagi kabi og‘ir nojo‘ya ta’sirlarni endi his qilmayapman”.
U kasallik og‘ir kechgan paytda faqat sho‘rva, guruchli puding va quymoq yeb yurganini, ozib ketganini esladi.
“Atigi ikki bosqichli muolajadan so‘ng parhezim normallasha boshladi. Olti oydan keyin esa xohlagan ovqatimni yeydigan bo‘ldim. Eng quvonganim — uzoq vaqtdan keyin birinchi marta steyk yeganim bo‘ldi. Nutqim ham to‘liq tiklandi, hozir ishda bemalol quloqchinda gaplasha olyapman”, deya qo‘shimcha qildi bemor.
Tadqiqotchilar muhim bir jihatga e’tibor qaratdi. Sinov odam papillomavirusi (HPV) sabab bo‘lmagan bosh va bo‘yin saratoni bilan og‘rigan odamlarda o‘tkazildi. Bu juda muhim, chunki virus sabab bo‘lmagan saraton turlarini davolash odatda ancha qiyin kechadi. Shuning uchun ham ushbu guruhda erishilgan muvaffaqiyat muhim ahamiyatga ega.
