Tadqiqot shuni ko’rsatdiki, BP ichak bakteriyasi va 5-AVAB moddasi qarishni sekinlashtirishga qodir. Qari sichqonlarda metabolit yuborilgandan so’ng xotira va koordinatsiya yaxshilandi, a’zolardagi yallig’lanish susaydi. Olimlar insonlar uchun terapiya istiqbollari haqida gapirib berishdi.
Manba: «Mail.ru Hi-Tech».

Hi-Tech Mail muallifi

Xitoy fanlar akademiyasi olimlari bitta ichak bakteriyasi va u ishlab chiqaradigan modda qarish jarayonlarini sezilarli darajada sekinlashtirishga qodirligini aniqlashdi. Nature Aging jurnalida chop etilgan tadqiqot shuni ko’rsatdiki, Bifidobacterium pseudocatenulatum (BP) bakteriyasi o’zining metaboliti — 5-aminovalerian kislotasi betain (5-AVAB) bilan birgalikda qarish belgilarini yengillashtiradi va sichqonlarda sog’lom umr ko’rish davrini uzaytiradi.
Tadqiqot Xitoy milliy bioinformatika markazi professorlari Chjan Veytsi va Yan Yonguy rahbarligida o’tkazildi. Xitoyning qarib borayotgan aholi qatlamlari haqidagi ma’lumotlarni tahlil qilib, olimlar mikrobiom tarkibi va salomatlik o’rtasidagi bog’liqlikni aniqlashdi. Prevotella urug’iga mansub bakteriyalar ustunlik qilgan odamlarda foydali bakteriyalar tezroq yo’qolib, patogenlar soni ortib borgan.
Aksincha, BP bakteriyasi teskari bog’liqlikni ko’rsatdi: uning soni yosh o’tishi bilan kamaygan, ammo u yuqori darajada saqlanib qolgan ko’ngillilarda biologik yosh xronologik yoshga qaraganda sezilarli darajada yoshroq bo’lgan. Ushbu tendensiya ko’plab standart klinik salomatlik ko’rsatkichlari bilan tasdiqlandi.

So’ngra jamoa ushbu samaraning molekulyar asosini o’rgandi. Ma’lum bo me’da, ijobiy ta’sir bitta aniq modda — 5-AVAB bilan bog’liq ekan. Qari sichqonlarga ushbu metabolit bakteriyalarning o’zisiz, to’g’ridan-to’g’ri yuborilganda, hayvonlarda sezilarli yaxshilanishlar kuzatildi. Xotira, harakatlar koordinatsiyasi va kayfiyat bilan bog’liq xulq-atvor yaxshilandi. Bundan tashqari, jigarda, o’pkada, mushaklarda, buyraklarda, yurakda va taloqda surunkali sekin kechuvchi yallig’lanish sezilarli darajada susaydi. Faqat bitta moddani yuborishdan olingan samaralar tirik BP bakteriyasini yuborishda kuzatilgan samaralar bilan bir xil edi.
Tadqiqotchilarning fikricha, natijalar sog’lom qarishga ko’maklashishning oddiy, ammo samarali strategiyasiga ishora qilmoqda. Murakkab genetik aralashuvlar o’rniga yetishmayotgan foydali mikroblarni to’ldirish yoki ularning asosiy metabolitlarini qo’shishning o’zi kifoya.
Tadqiqot hozircha hayvonlar modellarida o’tkazilgan bo’lsa-da, u insonlarda sog’lom uzoq umr ko’rishni qo’llab-quvvatlash terapiyalarini yaratishga umidli yo’l ochmoqda. Bakteriya metabolitlari butun organizmdagi yallig’lanish jarayonlariga aynan qanday ta’sir qilishini tushunish yoshga bog’liq kasalliklarga, jumladan neyrodegenerativ buzilishlar va metabolik sindromga qarshi kurashishda yordam berishi mumkin.
Avvalroq sog’lom qarish bo’yicha mutassislar eng ommabop anti-eyj qo’shimchalari haqida — o’zlari qabul qiladiganlari va ta’siri isbotlanmagan yoki shubhali bo’lganlari haqida gapirib berishgan edi.
