Sizda ham shunday g‘alati tuyg‘u bo‘lganmi: bir-ikki qisqa video ko‘rasiz-u, atrofingizdagi dunyo go‘yo nihoyat tushunarli va tiniq bo‘lib qolgandek tuyuladi? To‘satdan paydo bo‘lgan bu zukkolikdan xursand bo‘lishga shoshilmang: aynan shu lahzada siz tiklash eng mushkul bo‘lgan narsani yo‘qotayotgan bo‘lasiz.
— Манба: «Daryo» нашри.

Biz smartfon ekranlarini uyqu va unumdorlikdan o‘g‘irlangan soatlar uchun ayblashga o‘rganib qolganmiz. Aslida esa vaziyat bundan ham yomon. O‘zimiz sezmagan holda bundan ancha qimmatroq tovon to‘layapmiz: algoritmlar tirik, mukammallikdan uzoq bo‘lgan insonlarni sevish qobiliyatimizni tizimli ravishda yo‘q qilmoqda.
“Tashxislar” epidemiyasi: nega hammaga yorliq yopishtira boshladik?
Bir necha yil avval odamlar o‘rtasidagi kelishmovchilik shunchaki janjal yoki tushunmovchilik sifatida qabul qilinardi. Kimdir jahli chiqardi, kimdir xafa bo‘lardi, keyin esa gaplashib, yarashish yoki murosaga kelish yo‘li izlanardi. Bugun esa ijtimoiy tarmoqlarda bir necha daqiqa vaqt o‘tkazishning o‘zi atrofimizdagi insonlarga turli “tashxis” va yorliqlar qo‘yish uchun yetarli bo‘lib qoldi.
Kimdir fikringizga qo‘shilmasa — “gazlayter”. Oilada sizga yoqmagan ishni qilishni so‘rasa — “abyuzer”. Dardingizni aytsangiz-u, suhbatdoshingiz o‘z boshidan kechirgan voqeani gapirib bersa — “narsiss” yoki “travma-damping”da ayblanishi mumkin.

Har bir noqulay xatti-harakat — zo‘ravonlik emas
Bugun “toksik odamning 5 ta belgisi”, “siz bilan manipulyatsiya qilayotganini ko‘rsatuvchi 7 holat” kabi videolarni ko‘p uchratish mumkin. Bunday kontent qiziq, chunki har bir inson o‘z hayotidagi vaziyatlardan nimanidir topishga harakat qiladi.
Ammo turmush o‘rtog‘ingiz sizning fikringizga qo‘shilmagani, do‘stingiz uchrashuvga kechikkani yoki hamkasbingiz ishingizni tanqid qilgani ularni avtomatik ravishda “toksik”, “narsiss” yoki “manipulyator”ga aylantirmaydi.
Psixolog Nik Xaslam concept creep, ya’ni tushunchalar chegarasining kengayishi haqida yozgan. Oddiy qilib aytganda, avval jiddiy ruhiy holatlar yoki og‘ir xatti-harakatlarni ifodalagan ayrim atamalar vaqt o‘tishi bilan kundalik, oddiy vaziyatlarga nisbatan ham ishlatila boshlaydi.
Shu sababli bugun kimdir fikringizni rad etsa, buni “gazlayting” deb atash, har qanday xafa qilgan gapni “abyuziv munosabat” deb baholash osonlashib bormoqda.
Ijtimoiy tarmoqlar bunga qanday ta’sir qilmoqda?
Buning yana bir sababi — ijtimoiy tarmoqlarning ishlash prinsipi. Algoritmlar foydalanuvchini platformada imkon qadar uzoqroq ushlab turishga intiladi. Qo‘rqinchli yoki g‘azablantiradigan ma’lumotlar esa e’tiborni tezroq tortadi.

Masalan, bir marta “yaqiningiz sizni manipulyatsiya qilayotganining belgilari” haqidagi videoni tomosha qilsangiz, tasmangizda shunga o‘xshash yana o‘nlab videolar paydo bo‘lishi mumkin.
“Agar u shunday qilsa, undan uzoqlashing”, “Do‘stingiz sizga hasad qilayotganining belgilari”, “Turmush o‘rtog‘ingiz sizni boshqarayotganini qanday bilish mumkin?” kabi kontentlar asta-sekin atrofimizdagi barcha munosabatlarni shu mezonlar orqali baholashga undaydi.
Natijada “U nega bunday qildi?” degan savol o‘rniga “U qanday odam?” degan savol paydo bo‘ladi.
Masalan, kimdir sizga qo‘pol gapirdi. Balki u charchagandir, kayfiyati yomon bo‘lgandir yoki muammosi ko‘pdir. Bu uning qo‘polligini oqlamaydi, ammo vaziyatni tushunishga harakat qilish bilan darhol unga yorliq yopishtirish o‘rtasida katta farq bor.
Munosabatlarda “sudya va sudlanuvchi”ga aylanib qolmaylik
Yaqin insonimizga doimiy ravishda yorliq yopishtira boshlasak, munosabat asta-sekin o‘zgaradi. Suhbat o‘rniga baholash, tushunishga harakat qilish o‘rniga ayblash paydo bo‘ladi.
Har qanday norozilik “manipulyatsiya”, har qanday iltimos “chegaramni buzish”, har qanday hissiy reaksiya esa “toksik xatti-harakat” sifatida baholanishi mumkin.
Vaholanki, yaqin munosabatlarda insonlar doimo ham to‘g‘ri yo‘l tutavermaydi. Ular jahli chiqishi, xafa qilishi, xudbinlik qilishi yoki noto‘g‘ri gapirishi mumkin. Xuddi bizning o‘zimiz ham ba’zan shunday qilganimiz kabi.
Bu zo‘ravonlik yoki jiddiy muammolarni e’tiborsiz qoldirish kerak degani emas. Muntazam tahdid, zo‘ravonlik va manipulyatsiya bilan oddiy kelishmovchilik o‘rtasidagi farqni ko‘ra bilish muhim.

“Sog‘lom munosabat” — hech qachon xafa bo‘lmaslik emas
Ijtimoiy tarmoqlarda sog‘lom munosabatlar ko‘pincha juda mukammal ko‘rsatiladi. Go‘yo haqiqiy munosabatlarda odamlar hech qachon jahli chiqmaydi, bir-birini ranjitmaydi va har doim bir-birini mukammal tushunadi. Hayot esa bunday emas.
Ikki inson qancha yaqin bo‘lmasin, ularning qarashlari va ehtiyojlari turlicha. Shuning uchun kelishmovchiliklar tabiiy. Muhimi, kelishmovchilikdan keyin nima qilishimiz: gaplashamizmi, kechirim so‘raymizmi, o‘z xatolarimizni tan olamizmi?
Shuning uchun keyingi safar yaqin insoningizga darhol psixologik yorliq yopishtirgiz kelganda, bir zum to‘xtab ko‘ring. Telefonni chetga qo‘yib, “U aynan nima qildi?”, “Men bundan nega xafa bo‘ldim?”, “Bu holat takrorlanadimi?” deb o‘ylab ko‘ring.
Ba’zan eng to‘g‘ri javob navbatdagi Reels yoki TikTok videosida emas, qarshingizda o‘tirgan inson bilan samimiy suhbatda bo‘ladi.
Chunki algoritm sizning juftingizni, ota-onangizni yoki do‘stingizni tanimaydi. U faqat siz nimani ko‘rishingizni va nimaga bosishingizni biladi. Haqiqiy yaqinlik esa tayyor yorliqlar tugagan joydan boshlanadi

