
Atmosferadagi karbonat angidrid gazi miqdorining ortishi qishloq xo‘jaligi ekinlarini kaloriyaga boy, ammo ozuqaviy jihatdan sifati past va hatto zaharli qilib qo‘ymoqda. Bu haqda Global Change Biology jurnalida e’lon qilingan yangi tadqiqotga tayanib, The Guardian xabar beradi.
— Manba: «Daryo» nashri.
Dramatik o‘zgarishlar: rux kamayib, qo‘rg‘oshin ortmoqda
Niderlandiyadagi Leyden universiteti tadqiqotchilari karbonat angidridning yuqori darajasi o‘simliklarga qanday ta’sir etishini o‘rgandi. Natijalar olimlarni hayratda qoldirdi: ekinlar hosildorligi oshgani bilan, ularning tarkibidagi foydali moddalar zichligi kamaymoqda. Xususan, o‘simliklarda rux miqdori keskin kamayib, aksincha, zaharli qo‘rg‘oshin miqdori ortayotgani aniqlandi.
“Taomlarimiz tarkibi butunlay o‘zgarib ketayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz. Bu ratsionimizni yoki mahsulot yetishtirish uslubini o‘zgartirishimiz kerakligi haqida ogohlik bermoqda”, deydi tadqiqot muallifi Sterre ter Xaar.
“Yashirin ocharchilik”
Olimlar 43 turdagi ekin (jumladan, guruch, kartoshka, pomidor va bug‘doy)bo‘yicha 32 xil ozuqa moddani tahlil qilib chiqdi. Tadqiqotda karbonat angidird gazi konsentratsiyasi 2065-yilgacha 350 dan(oxirgi xavfsiz daraja) 550 gacha ko‘tarilishi prognoz qilindi. Tadqiqotning asosiy xulosalari esa quyidagicha:
- ekinlar tarkibidagi ozuqaviy moddalarning o‘rtacha darajasi 3,2 foizga pasaygan;
- no‘xat tarkibidagi rux miqdori 37,5 foizgacha tushib ketishi kutilmoqda;
- guruch va bug‘doy kabi muhim ekinlarda oqsil, rux va temir miqdori sezilarli darajada kamaygan.
Mutaxassislar buni “yashirin ocharchilik” deb atamoqda. Bunda inson yetarli miqdorda kaloriya iste’mol qilsa-da, organizm uchun zarur bo‘lgan mikroelementlarni ololmaydi. Bu esa salomatlik uchun og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Muammo allaqachon dasturxonda
Hozirgi vaqtda atmosferadagi karbonat angidrid darajasi 425,2 ni tashkil etmoqda. Tadqiqotchilarning fikricha, iqlim muammolari allaqachon oziq-ovqat mahsulotlar sifatiga ta’sir qila boshlagan. Ayniqsa, issiqxonalarda mahsulot yetishtirish bo‘yicha dunyoda yetakchi bo‘lgan Niderlandiya kabi davlatlar uchun bu masala dolzarb. Chunki hosildorlikni oshirish uchun issiqxonalarda karbonat angidrid gazi darajasi sun’iy ravishda oshiriladi.
Faqatgina gaz aybdormi?
Boshqa ekspertlar, jumladan Vageningen universiteti tadqiqotchisi Yan Verxagenning fikricha, o‘simliklar tarkibidagi o‘zgarishlarga faqatgina ushbu gaz emas, balki o‘g‘itlash usullari ham ta’sir ko‘rsatadi. Biroq, barcha olimlar bir masalada yakdil: oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash uchun yangi sharoitlarga moslashgan ekin navlarini yaratish ustida ishlash zarur.
“Bizning maqsadimiz odamlarni qo‘rqitish emas. Muammoni hal qilishning ilk bosqichi uni tan olishdir”, deya xulosa qiladi Sterre ter Xaar.
