
Biz ko‘pincha do‘kondan sharbat sotib olayotib, sog‘lig‘imizga g‘amxo‘rlik qilyapman, deb o‘ylaymiz. “Kola yoki boshqa gazli ichimlik olganim yo‘q-ku, demak, hammasi joyida”, deb o‘zimizni ovutamiz. Ammo yorqin qutilar, hiylakor reklamalar va bolalikdan qolib ketgan xotiralarni bir chetga surib qarasak, sharbat aslida biz o‘ylaganchalik foydali emas. Keling, avval meva bilan sharbatning farqini oddiy misolda ko‘rib chiqaylik.
— Manba: «Daryo» nashri.
Meva iste’mol qilish — bu xuddi qiziqarli romanni boshidan oxirigacha, har bir detaliga e’tibor berib o‘qishdek gap. Uni shoshilmasdan yeymiz: tishlarimiz chaynaydi, organizm hazm qiladi. Eng muhimi, mevada kletchatka (o‘simlik tolalari) qoladi. U xuddi nazoratchidek qandning qonga birdaniga o‘tib ketishiga yo‘l qo‘ymaydi, hammasi bosqichma-bosqich amalga oshadi.
Sharbat ichish esa xuddi o‘sha katta romanning 1 daqiqalik qisqacha mazmunini YouTube’da ko‘rishdek gap. Bir qarashda unda vitaminlar borga o‘xshaydi, lekin eng muhim qismlari — o‘simlik tolalari olib tashlangan bo‘ladi. Oqibatda meva tarkibidagi shakar hech qanday to‘siqsiz, to‘g‘ridan to‘g‘ri qonga o‘tadi. Shuning uchun organizm uchun bir stakan sharbat foydali ovqat emas, balki shunchaki shakarli “shok” hisoblanadi.
Sharbatmi yoki shirin suv?

Bizga bolalikdan sharbat foydali va mazali, u gazli ichimliklardek zararli emas deb o‘rgatishgan. Bir stakan apelsin sharbati deganda, ko‘z oldimizga vitaminlar va sog‘lom turmush tarzi kelgan. Ammo do‘konlarda sotiladigan hamma sharbatlar ham bir xil emas.
Diyetolog va shifokor Almagul Yerjekenova tushuntirishicha, haqiqiy tabiiy sharbat bu meva yoki sabzavotning o‘zidan, suv va shakar qo‘shmasdan siqib olingan ichimlikdir.
“Afsuski, do‘konlardagi ko‘plab sharbatli ichimliklar tarkibida bor-yo‘g‘i bir necha foizgina meva quyqasi bo‘lishi mumkin. Qolgan hammasi suv, shakar, turli siroplar va hid beruvchi moddalardir. Bunday ichimliklar vitaminlardan holi bo‘ladi, ularni shunchaki shirin suv deb atash ham mumkin. Bunday sharbatlar qonda qand miqdorini keskin oshirib yuboradi va vaqt o‘tishi bilan turli kasalliklarga sabab bo‘lishi ham ehtimoldan yiroq emas”, deydi mutaxassis.
Nektarlar va “soxta” sharbatlar

To‘g‘ridan to‘g‘ri siqilgan sharbatlar nisbatan ishonchliroq mahsulotdir. Ular bo‘laklarga ajratib, keyin qaytadan kimyoviy yo‘l bilan “yig‘ilmagan” bo‘ladi. Albatta, bunday sifatli mahsulotning narxi ham arzon bo‘lmaydi.
Nektarlar va sharbatli ichimliklar esa alohida mavzu. Ular xuddi tarixiy seriallarga o‘xshaydi: ismlari haqiqiy, lekin voqealar uydirma bo‘ladi. Bunday ichimliklarda ham meva nomi bor, lekin ichida meva isi keladigan shirin suv xolos.
Sharbat tanlashda nimalarga e’tibor berish kerak?
Sharbat qutisidagi yozuvlar nimalarni va’da qilsa ham, haqiqat har doim orqadagi mayda harflar bilan yozilgan tarkibda yashiringan bo‘ladi. Tarkib qancha qisqa bo‘lsa, shuncha yaxshi.
“Shakar qo‘shilmagan” degan yozuv sharbatni parhezbop qilib qo‘ymaydi. Mevaning o‘z shakari (fruktoza) bor, u ham baribir shakardir. Aytgancha, sharbatning tagidagi loyqa cho‘kma bu yaxshi belgi, demak sharbat oxirigacha “tozalanib”, shirin suv holiga keltirilmagan.
JSST nima deydi?

Xatto Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ham hukumatlarni tarkibida shakari ko‘p ichimliklarga soliq solishga chaqirmoqda. Chunki ularning zarari foydasidan ancha ko‘p ekani isbotlangan. Ko‘pchilik “xavfsiz” deb o‘ylaydigan 100 foizli tabiiy sharbatlar ham organizmga xuddi gazlangan ichimliklardek og‘irlik qiladi.
Tavsiyalar
Sharbat sotib olayotganda tarkibiga qarang, u yerda faqat “100 foiz sharbat”, “to‘g‘ridan to‘g‘ri siqilgan sharbat” degan yozuv bo‘lishi kerak.
Sharbat tarkibida quyidagilar bo‘lmasligi shart:
• shakar;
• glyukoza-fruktozali sirop;
• har xil kimyoviy siroplar va xushbo‘y hid beruvchilar.
Agar 100 ml ichimlikda uglevod (shakar) miqdori 10-11 grammdan ko‘p bo‘lsa, bu juda ko‘p degani. “Fitnes”, “eko” yoki “vitaminli” kabi chiroyli so‘zlarga uchmang, ular har doim ham sifatni anglatmaydi.
Xulosa: sharbatdan butunlay voz kechish kerakmi yoki yo‘q?

Asosiy muammo qaysi sharbat yaxshiroqligida emas, balki uni nima maqsadda ichayotganimizdadir. Agar siz uni meva o‘rniga vitamin deb ichsangiz, o‘zingizni aldayotgan bo‘lasiz. Bir stakan sharbat bu bir necha soniya ichida yeb yuborilgan 3-4 ta apelsin demakdir. Lekin siz to‘yinishni his qilmasdan, faqat shakar qabul qilgan bo‘lasiz.
Diyetologlar sharbatni kuniga 100-150 ml (yarim stakandan sal ko‘proq) bilan cheklashni, uni faqat ovqatdan keyin ichishni maslahat beradi. Hech qachon och qoringa sharbat ichmaslik kerak. Agar vazningiz ortiqcha bo‘lsa yoki qandli diabet bo‘lsa, sharbat o‘rniga sabzavotli smuzilar tayyorlab ichish ma’qul.

