Manba: iStock
Tekis va sog‘lom tishlar kelajakdagi salomatlik uchun kiritilgan eng oqilona sarmoyadir. Zero, qiyshiq tishlar nafaqat tabassumga soya soladi, balki ovqat chaynash jarayonini qiyinlashtiradi, surunkali bosh og‘rig‘ini keltirib chiqaradi va hatto inson qaddi-qomatining buzilishiga ham sabab bo‘ladi.
— Manba: «Daryo» nashri.
Keling, tishlarga breket qo‘yish borasida eng ko‘p quloqqa chalinadigan yanglish fikrlarni ko‘rib chiqamiz va ularning qaysi biri asossiz ekaniga oydinlik kiritamiz.
1-uydirma: tishlarni faqat bolalikda to‘g‘rilash mumkin
Bolalarning jag‘ suyaklari hali o‘sish bosqichida bo‘lgani uchun ularni kerakli tomonga yo‘naltirish biroz osonroq kechishi rost. Biroq tishlar kattalarda ham xuddi shunday yumshoq va xavfsiz harakatlanish xususiyatiga ega. Zamonaviy ortodontiya imkoniyatlari har qanday yoshdagi, xususan, 50 yoshdan oshgan bemorlarning ham tishlaridagi nuqsonlarni bartaraf etishga qodir.
Shuni bilish kerakki, breketlar suyaklarni o‘rnidan siljitmaydi, balki tishlarni asta-sekinlik bilan, tabiiy yo‘l orqali o‘z joyiga keltiradi. Jarayon boshlanishidan avval tishlar to‘liq davolanadi, milklar mustahkamlanadi va shundan keyingina breket o‘rnatiladi.
2-uydirma: kattalarda davolanish muddati uzoqroq cho‘ziladi

Aslida hamma narsa insonning o‘ziga bog‘liq. Agar bemor shifokor tavsiyalariga amal qilsa va og‘iz bo‘shlig‘i gigiyenasiga mas’uliyat bilan yondashsa, natijaga kutilganidan ham tezroq erishish mumkin. Ayniqsa, har bir harakati kompyuterda aniq hisoblangan elaynerlar davolash muddatini sezilarli darajada qisqartiradi. Ba’zan kattalar bilan ishlash osonroq kechadi: ular natijani intiqib kutishadi, shifokor huzuriga muntazam kelishadi va barcha ko‘rsatmalarni ongli ravishda bajarishadi.
Bugungi 3D skanerlash va yengil biomoslashuvchan simlar ortiqcha kuch sarflamasdan orzudagi tabassumga erishish imkonini beradi. Kattalar jag‘ suyagining to‘liq qotgan bo‘lishi esa olingan natijaning yillar davomida saqlanishini kafolatlaydi.
3-uydirma: breketlar tashqi ko‘rinishni buzadi
Hozirgi kunda breket taqish hech kimni hayron qoldirmaydi, aksincha, insonning o‘ziga e’tiborli ekanini anglatadi. Agar hali ham temir moslamalardan uyalsangiz, ularning o‘rnini bosuvchi shaffof elaynerlar xizmatingizga tayyor. Bemor o‘zi kiyib-yecha oladigan bunday moslamalar atrofdagilar uchun mutlaqo sezilmaydi, lekin tishlarni maromida tekislashda davom etadi.
4-uydirma: breket taqish doimiy og‘riq va noqulaylik keltiradi

O‘sha biz qo‘rqqan qo‘pol va noqulay moslamalar o‘tmishda qoldi. Endilikda tishlarga beriladigan bosim o‘ta noziklik bilan taqsimlanadi, og‘iz bo‘shlig‘i to‘qimalari esa yangi holatga juda tez moslashadi. Yengil noxush sezgilar odatda davolanish boshidagi dastlabki 2-3 kunda kuzatiladi, xolos.
Ko‘p o‘tmay bemorlar yangi turmush tarziga butunlay ko‘nikib, odatiy hayotni davom ettiradi: bemalol ovqatlanishadi, xohlagancha kulishadi va odamlar orasida o‘zlarini erkin his qilishadi.
5-uydirma: 30 yoshdan keyin tishlamni to‘g‘rilashdan foyda yo‘q
Aksincha, aynan shu yoshda inson o‘z tanasini yaxshiroq tushuna boshlaydi. To‘g‘ri tishlarga ega bo‘lish orqali nafaqat chiroyli ko‘rinish, balki butun organizmdagi ijobiy o‘zgarishlar kuzatiladi:
• yuz mushaklari va bo‘g‘imlar yengil ishlay boshlaydi;
• chaynash yuklamasi tishlar orasida teng taqsimlanadi;
• doimiy bosh og‘riqlaridan xalos bo‘ladi;
• uyqu va nafas olish yaxshilanadi;
• tish emali yemirilishidan himoyalanadi.
Qisqa aytganda, ortodontga murojaat qilish nafaqat tashqi nuqsonlarni, balki sog‘liqdagi ko‘plab funksional muammolarni ham hal etadi.
6-uydirma: breketlar yechilgach, tishlar yana qiyshayib ketadi

Asosiy bosqich tugagach, natijani mustahkamlash davri boshlanadi. Bunda tishlarning ichki tomoniga sezilmaydigan ingichka sim — reteyner yopishtiriladi yoki kechasi taqiladigan maxsus breketlar beriladi. Bu kichik detal tishlarning yangi joyida mustahkam o‘rnashib qolishini ta’minlaydi.
Zamonaviy reteynerlar tilga ham, nutqqa ham mutlaqo xalaqit bermaydi. Shifokor asosiy bosqichdan keyin ham bemorni nazorat qilib boradi, bu esa tabassumning bir umrga ideal bo‘lib qolishini kafolatlaydi.

