
Vitaminlar yetishmovchiligi biz o‘ylagandan ko‘ra ancha sekin rivojlanadi va uzoq vaqt davomida yashirin holatda qoladi. Uning dastlabki belgilari surunkali stress yoki charchoq oqibatiga o‘xshab ko‘rinadi.
— Manba: «Daryo» nashri.
Organizmning bu erta signallarini tanib olishni o‘rganish o‘ta muhimdir. Aks holda, tana tibbiy tahlillar va yordamga muhtoj bo‘lgan bir paytda, biz charchoqni qahva yoki sport mashg‘ulotlari bilan yengishga urinib, vaziyatni yanada murakkablashtirib yuboramiz.
Nima uchun vitamin tanqisligi uzoq vaqt davomida sezilmaydi?
Gipovitaminozning ilk bosqichida tana ichki zaxiralar va resurslarni tejash hisobiga yetishmovchilikni kompensatsiya qilishga harakat qiladi. Shu sababli tashqi alomatlar umumiy xarakterga ega bo‘ladi. Kun o‘rtasida quvvatsizlik, uyqu sifati yomonlashishi, asabiylashish, kayfiyatning tez-tez o‘zgarishi, diqqatni jamlashga qiynalish va umumiy ish unumdorligining pasayishi kabilarni biz odatiy hol sifatida qabul qilamiz, ammo vitaminlar tanqisligini xayolimizga ham keltirmaymiz.
Bunday yashirin tanqislik ko‘pincha kamqonlik, gipotireoz, depressiya, ichakning surunkali yallig‘lanishi yoki pankreatit kabi holatlar bilan parallel kechadi va inson yillar davomida o‘zidagi muammolarni fe’l-atvor yoki stress natijasi deb hisoblab yuradi. Vaholanki, tahlillarda vitaminlar yoki ular bilan bog‘liq fermentlar darajasida jiddiy o‘zgarishlar allaqachon boshlangan bo‘ladi.

Alohida e’tibor qaratish lozim bo‘lgan jihat — ozuqa moddalari so‘rilishning buzilishi. Ratsioningiz qanchalik boy bo‘lmasin, oshqozon-ichak tizimidagi muammolar, xususan, Kron kasalligi, seliakiya yoki ichak rezeksiyasidan keyingi holatlarda foydali moddalar organizmga singmasligi mumkin. Bunday vaziyatda “ko‘proq sabzavot yeyish” kabi umumiy tavsiyalar yordam bermaydi, balki gastroenterolog nazorati va chuqur diagnostika talab etiladi.
E’tibordan chetda qoladigan umumiy signallar
Ilk bosqichda turli vitaminlar yetishmaganda alomatlar ko‘pincha bir-biriga o‘xshash bo‘ladi. Shuning uchun faqat bitta belgiga qarab xulosa chiqarib bo‘lmaydi. Agar haftalar yoki oylar davomida quyidagi bir necha o‘zgarishlarni sezsangiz, hushyor tortishingiz lozim:
• Dam olgandan keyin ham o‘tib ketmaydigan charchoq, kunning birinchi yarmi tugamasdanoq holdan toyish.
• Odatiy jismoniy harakatlar paytida ham nafas qisishi va yurak urishining tezlashishi.
• Bosh aylanishi, parishonxotirlik va diqqatning tarqoqligi.
• Uxlab qolishga qiynalish, yuzaki uyqu yoki tunda sababsiz uyg‘onib ketish.
• Ishtahaning pasayishi yoki g‘alati ozuqaviy moyilliklarning paydo bo‘lishi.
• Teri, soch va tirnoqlar holatining odatiy parvarish o‘zgarmagan taqdirda ham yomonlashishi.
Muayyan vitaminlar defitsiti (gipovitaminoz) sharoitida inson organizmida yuzaga keladigan o‘zgarishlar
B1 (tiamin): doimiy charchoq, energiya yetishmovchiligi

Tiamin uglevod almashinuvi hamda nerv tizimi va mushak hujayralarining energetikasi bilan bevosita bog‘liq. Uning tanqisligi ishtaha pasayishi, umumiy holsizlik, zinadan ko‘tarilganda oyoqlarda og‘irlik va doimiy xavotir bilan namoyon bo‘ladi. Bu bosqichda yaqqol nevrologik belgilar bo‘lmaydi.
B2 (riboflavin): Lablar va ko‘zlardagi o‘zgarishlar
Riboflavin oksidlanish-qaytarilish reaksiyalarida ishtirok etadi. Uning yetishmasligidan og‘iz burchaklaridagi yoriqlar, lablarning yorilishi, tilning qizarishi va shishishi kuzatiladi. Shuningdek, yorug‘likdan qo‘rqish va kechga borib ko‘rishning xiralashishi ham B2 tanqisligining xarakterli belgisidir.
B3 (niatsin): Teri va ovqat hazm qilish tizimi
Ishtaha yo‘qolishi, sababsiz ko‘ngil aynishi va terining haddan tashqari quruqlashib qolishi ko‘pincha niatsin yetishmasligining dastlabki bosqichidir. Ko‘pchilik buni stress yoki iqlimga yo‘yadi, aslida esa organizm energiya almashinuvi uchun quvvat so‘rayotgan bo‘ladi.
B6 (piridoksin): Tana uvushishi va tushkun kayfiyat

B6 tanqisligi nafaqat og‘iz bo‘shlig‘idagi yallig‘lanish, balki qo‘l-oyoqlarning simmetrik uvishishi va sanchiqlar bilan ham ajralib turadi. Ko‘pincha bu tushkun kayfiyat va xavotir bilan birga kechadi. Eng qizig‘i, ba’zan temir preparatlari bilan davolab bo‘lmaydigan anemiya aynan B6 yetishmasligi oqibatida yuzaga keladi.
B9 (foliy kislotasi)
Folat DNK sintezi va qon hujayralarining yangilanishi uchun zarur. Erta tanqislikda til so‘rg‘ichlari silliqlashib, til yaltirab qoladi. Qon tahlilida esa eritrotsitlar hajmining kattalashishi (makrotsitoz) kuzatiladi, bu hali jiddiy anemiya bo‘lmagan taqdirda ham chuqur tekshiruv uchun asos bo‘lishi kerak.
B12 (kobalamin): Gemoglobin normal bo‘lganda ham bosh aylanishi
Kobalamin nerv tizimi uchun muhimdir. Uning tanqisligida gemoglobin normal bo‘lsa ham, oyoqlarda uvishish, yurganda muvozanatni yo‘qotish va xotiraning pasayishi kuzatiladi. Ko‘pincha bemorlar yillar davomida natijasiz nevrologik muolajalar olib yurishadi, asl sabab esa B12 yetishmovchiligi bo‘lib chiqadi.
Vitamin C: Teri va tomirlarning elastikligi

Askorbin kislotasi nafaqat immunitet, balki kollagen sintezi uchun ham javobgar. Yetishmovchilikning ilk bosqichlarida beqarorlik, yig‘loqilik va terida (ayniqsa sonlarda) mayda qizil tugunchalar (giperkeratoz) paydo bo‘ladi. Shuningdek, arzimagan turtkidan ko‘karishlar hosil bo‘lishi va tish tozalaganda milklarning qonashi ham yaqqol belgidir.
Vitamin D: Suyaklardagi qaqshash va lanjlik
D vitamini yetishmovchiligida kishi o‘zini doimiy lanj his qiladi, mushaklarda kuchsizlik va bel suyaklarida simillagan og‘riq paydo bo‘ladi. Zamonaviy tadqiqotlar D vitaminining motivatsiya va energiya beruvchi neyromediatorlar (dofamin va serotonin) regulyatsiyasidagi ishtirokini ham tasdiqlamoqda.
Vitamin A va E: Ko‘zlar salomatligi
A vitamini yetishmasa, kishi g‘ira-shirada yomon ko‘ra boshlaydi, ko‘zlari quriydi. E vitamini tanqisligida esa harakatlar koordinatsiyasi buziladi, kishi o‘zini o‘ng‘aysiz his qiladi, hatto nutqida biroz noaniqliklar paydo bo‘lishi mumkin.
Biotin

Biotin (H vitamini) yetishmasligi sochlarning to‘kilishi va tirnoqlarning sinishi bilan boshlanadi. Bu holat uzoq vaqt davomida faqat kosmetik muammo sifatida ko‘rilib, tana ichidagi chuqur yetishmovchilik e’tibordan chetda qolib ketishi mumkin. Og‘ir holatlarda bu periferik neyropatiya va kognitiv buzilishlargacha olib keladi.
Xulosa o‘rnida: Yuqoridagi alomatlar sizda kuzatilayotgan bo‘lsa, shifokor bilan maslahatlashib, kengaytirilgan qon tahlillarini topshirish tavsiya etiladi. O‘zbilarmonlik bilan vitamin qabul qilish har doim ham foyda bermaydi.
