Ming dardga davo xurmo: uning yana qanday foydali xususiyatlari bor?

Arab xurmosi asrlar davomida mavjud boʻlgan meva boʻlib, u nafaqat toʻyimli va mazali, balki shifobaxsh hamdir. Xurmo Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika mamlakatlarida yetishtiriladi. Muqaddas ramazon oyida bu ajoyib meva bilan ogʻiz ochish odat boʻlib qolgan.

 — Manba: «Daryo» nashri.

Olimlar tomonidan oʻtkazilgan tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, arab xurmosi yalligʻlanish va oʻsimtalarga qarshi, antioksidant taʼsirga ega meva ekanligi isbotlangan, deb yozadi Sports.kz nashri.

Xurmo yuzlab foydali ozuqa moddalar manbaidir. Ilmiy tadqiqotlarga koʻra, kuniga 4 dona xurmo isteʼmol qilish orqali (oʻrtacha 100 gr) mis, kaliy, magniy va selen kabi muhim minerallarga boʻlgan kunlik ehtiyojning 15 foizi taʼminlanadi. Shu bilan birga, arab xurmosi:

  • Energiya manbayidir. Meva tarkibida katta miqdordagi glyukoza, fruktoza va saxaroza organizmga kuch beradi. Tabiiy yetishtirilgan xurmo bilan tamaddi qilish kunduzgi holsizlikni bartaraf etishga xizmat qiladi.
  • Miya uchun ozuqadir. Arab xurmosi ozuqa kletchatkalariga, fenol birikmalari va tabiiy antioksidantlarga ega boʻlib, Alsgeymer kasalligining oldini oladi.
  • Qabziyatni bartaraf etadi. Xurmo tarkibidagi erimaydigan kletchatka moddalari oshqozon-ichak trakti uchun foydali boʻlib, qabziyatda samaralidir.
  • Ichaklar faoliyati uchun foydali. Arab xurmosidagi aminokislotalar hazm qilish tizimi moʻtadil ishlashida yordam beradi.
  • Anemiyada yordamchi. Xurmo tarkibidagi vitamin va minerallar, xususan, temir moddasi temir tanqisligi sababli vujudga kelgan kamqonlik simptomlarini yengillashtirishda ishtirok etadi.
  • Yurak kasalliklarining oldini oladi. Tadqiqotlarga koʻra, arab xurmosi qon arteriyalarida yogʻ toʻplanishiga olib keladigan triglitserid darajasini pasaytiradi va qon-tomir kasalliklariga chalinish xavfini kamaytiradi.
  • Koʻz nurini asraydi. Xurmodagi karotinoid moddasi sogʻlom koʻrish qobiliyatini saqlab qolishda muhimdir.
  • Diareyani davolashda samarali. Meva tarkibidagi kletchatkalar diareya kabi noxush holatlarni davolashda qoʻllanadi.
  • Suyaklarni mustahkamlaydi. Xurmodagi boʻr moddasi suyaklar salomatligi uchun javob beradi va osteoporoz kasalligiga qarshi kurashda qoʻllanadi;
  • Allergiyaning tashqi belgilarida yordam beradi. 2012-yilda oʻtkazilgan ilmiy tadqiqot natijalariga koʻra, arab xurmosi isteʼmolidan soʻng allergik rinitga chalingan bemorlarda ijobiy oʻzgarishlar qayd etilgan.   

author info

Asila Aliboyeva

От qwert.uz