Hozirgi kunda avitaminoz deyarli uchramaydi, chunki ratsionimiz ozmi-ko‘pmi xilma-xil va muvozanatlidir. Shu sababli ko‘pincha organizmda vitamin yetishmovchiligi (gipovitaminoz) yuzaga keladi va bu qishdan so‘ng mart-aprel oylarida seziladi, biroq bu to‘liq avitaminoz degani emas. Avitaminoz — organizmda u yoki bu vitaminning keskin tanqisligi bilan tavsiflanadigan holat.

  — Manba: «Daryo» nashri.

Organizmingizga aslida nima yetishmayotganini tushunish va holatni barqarorlashtirish uchun hammasini darhol tekshirtirish shart emas — bu qimmat va foydasiz. Chunki suvda eruvchi B guruhi vitaminlarining deyarli barchasi va C vitamini zaxira sifatida to‘planmaydi, qondagi tahlil esa kecha iste’mol qilgan mahsulotingizni ko‘rsatadi, xolos. Bundan tashqari, organizm vitaminlar miqdori oshib ketsa, ularning ortiqchasini chiqarib yubora boshlaydi.

Sariyog‘, tuxum va sabzi kabi mahsulotlar mavjud bo‘lgan me’yoriy ratsionda A vitamini — retinol tanqisligi kamdan-kam uchraydi. Shuningdek, sog‘lom odamlarning taomnomasida yog‘lar bo‘lsa va ularning so‘rilishida muammolar kuzatilmasa, E vitamini yetishmovchiligi ham deyarli uchramaydi.

Qishdan so‘ng topshirish kerak bo‘lgan tahlillar

D vitamini

Bu vitamin miqdorini aynan bahorda tekshirtirish muhim, chunki oktyabrdan martgacha quyosh nuridan bebahra qolasiz va teri uni umuman sintez qilmaydi, yozda to‘plangan zaxiralar esa mart oyiga kelib aholining 80 foizida tugab bitadi.

Agar D vitaminli preparatlarni qabul qilayotgan bo‘lsangiz, bu yaxshi, ammo bu holatda ham uning miqdorini vaqti-vaqti bilan tekshirib turish lozim. Tahlil natijasi 20 ng/ml dan past chiqsa, shifokor bilan maslahatlashish, u esa preparatning davolovchi dozalarini belgilashi kerak.

Gemoglobin va ferritin

Gemoglobin me’yorda bo‘lishi mumkin, lekin jigarda temirni saqlaydigan oqsil — ferritin miqdori pasaygan bo‘ladi. Bu esa teri oqarishi, ko‘z ostida ko‘karishlar, sovqotish (qo‘l va oyoqlar muzlashi), soch to‘kilishi, tirnoqlar sinuvchanligi, hansirash, kunduzgi uyqu, g‘alati odatlar (goh bo‘r, goh kesak yeyish istagi)ga sabab bo‘ladi.

Названы анализы, которые можно сдавать не натощак - Газета.Ru | Новости

Laboratoriya me’yori ko‘pincha 10-15 ng/ml dan boshlab ko‘rsatiladi, ammo o‘zingizni yaxshi his qilishingiz uchun ayollarga 50-70 ng/ml, erkaklarga esa 80 ng/ml atrofidagi optimal ko‘rsatkichlarga e’tibor qaratgan ma’qul.

Gemoglobin, rang ko‘rsatkichi, eritrotsitlar soni va eritrotsitdagi gemoglobin o‘rtacha konsentratsiyasining pasayishi nafaqat anemiyadan darak beradi, balki temir, B12 va B9 vitaminlarining uzoq muddatli tanqisligini ham aks ettiradi. Eritrotsitlar hajmining kattalashishi (MCV ko‘rsatkichi) B12 va B9 vitaminlari yetishmovchiligini tasdiqlasa, ularning kichrayishi temir tanqisligini ko‘rsatadi.

S-reaktiv oqsil

Ba’zan holsizlikni avitaminoz bilan bog‘lashadi, aslida esa bu organizmdagi yallig‘lanish bo‘ladi. Yallig‘lanish mavjudligini ECHT (eritrotsitlar cho‘kish tezligi) va S-reaktiv oqsil darajasiga qarab aniqlash mumkin.

Как правильно принимать БАДы: правила, дозировки и безопасность

B12 va B9 vitaminlari, gomotsistein

B12 vitamini nafaqat qon ishlab chiqarilishi, balki asab tolalarining miyelin pardasi uchun ham mas’ul. U B9 vitamini bilan birga jigarimizga toksinlar bilan kurashishda yordam beradi. Agar bu vitaminlar yetarli bo‘lmasa, jarayonlar sekinroq kechadi. Gomotsistein darajasi — detoksikatsiya bosqichlaridan biri, ya’ni metillanish jarayoni qanchalik faol kechayotganini aks ettiruvchi va qon tomirlari devorida yallig‘lanish borligini ko‘rsatuvchi omildir.

B12 vitamini tanqisligi alomatlari — barmoqlar uvishishi, yurish qiyinlashishi, quvvatsizlik — ko‘pincha depressiya yoki surunkali charchoq sindromi ostida yashirinadi. Tahlillarni baholashda referens qiymatlarning o‘rta me’yoriga e’tibor qaratish lozim, chunki nevrologik alomatlar uning darajasi 400 pg/ml dan past bo‘lganda ham paydo bo‘lishi mumkin.

B9 vitamini (folat kislotasi) yetishmovchiligi o‘zini befarqlik, tez charchash, bosh aylanishi, teri oqarishi, ta’sirchanlik, ovqat hazm qilish bilan bog‘liq muammolar — diareya, ko‘ngil aynishi va stomatit, xotira yomonlashuvi kabi alomatlar bilan namoyon qilishi mumkin. Optimal ko‘rsatkich — referens qiymatning o‘rta me’yori.

Что лучше витамины или БАДы - в чем отличия, преимущества и недостатки -  Djini

Magniy

Fasllar almashinuvi organizm uchun stress bo‘lishi mumkin, chunki bu o‘zgarish keskin sodir bo‘ladi: yaqindagina atrof oppoq qorga burkangandi, endi esa yomg‘ir yog‘ib, hammayoq yalang‘ochlanib qolgan. Organizm uchun bu navbatdagi stressga bir sababdir. Bunday paytda magniy organizmni birinchi navbatda tark etadi. Bu element 300 ta fermentativ reaksiyada, jumladan, ATF energiya molekulasining hosil bo‘lishida ishtirok etadi. Uning yetishmasligi uyquga ketishga xalaqit beradigan bezovta oyoqlar sindromini, shuningdek, tunda boldirlar tortishishini, bo‘yin va yelka kamari mushaklarining taranglashishini keltirib chiqarishi mumkin. Bu esa o‘z navbatida zo‘riqishdan kelib chiqadigan bosh og‘rig‘i rivojlanishiga olib kelishi mumkin.

Qon zardobidagi magniy miqdori har doim ham aniq ma’lumot bermaydi. Chunki organizm qondagi miqdorni bir me’yorda ushlab turish uchun uni suyaklardan oladi. Eritrotsitlardagi yoki sutkalik siydikdagi magniy tahlili ancha aniqroq natija ko‘rsatadi.

Har qanday holatda ham tavsiya olish uchun shifokorga murojaat qilish kerak. Sababi dori-darmonlarni, hattoki ular biologik faol qo‘shimchalar bo‘lsa ham mustaqil ravishda qabul qilish har doim ham to‘g‘ri bo‘lavermaydi. Yaxshi holatda ular hech qanday natija bermaydi, yomon holatda esa dozaning oshib ketishiga va toksik gepatitga olib keladi. Bundan tashqari, agar barcha tahlillar me’yorida bo‘lib, muammolar saqlanib qolsa, shifokor, masalan, qalqonsimon bez faoliyatini tekshirish uchun qo‘shimcha tekshiruvlardan o‘tishni tavsiya qilishi mumkin.

author info

Hilola G‘iyosova

От qwert.uz