Nanozarrachalar oʻsmani topadi, yorugʻlik yordamida qiziydi va sogʻlom toʻqimalarga deyarli zarar yetkazmagan holda saraton hujayralarini yoʻq qiladi. Yangi texnologiya anʼanaviy kimyoterapiya, nur terapiyasi va hatto jarrohlik amaliyotiga qaraganda ancha zararsizroq muqobil variantga aylanishi mumkin.
Manba: «Mail.ru Hi-Tech».

Yangiliklar muallifi

Abu-Dabidagi Nyu-York universiteti mutaxassislarining fototermik terapiya deb nomlangan ishlanmasi asosida o’smaga yetkazib berilgan maxsus moddalarning yorug’lik ta’sirida qizishi va saraton hujayralarini ichkaridan yo’q qilishi usuli yotadi. Bu g’oyaning o’zi yangilik emas, biroq shu paytgacha uni amalda qo’llash jiddiy to’siqlarga duch kelayotgan edi: yorug’likka sezgir agentlar organizmda tez parchalanib ketar, qon aylanish tizimidan chiqib ketar yoki o’sma ichiga samarali kira olmas edi.
Abu-Dabilik olimlar ushbu muammolarga oqilona yechim taklif qilishdi. Ular suyak va tishlarimizni tashkil etuvchi mineral — gidroksiapatitdan mayda zarrachalar yaratishdi. Bunday tarkib tufayli nanozarrachalar har qanday to’qima bilan to’liq bio-uyg’un bo’lik, vaqt o’tishi bilan organizmda xavfsiz parchalanadi. Zarrachalar ichida yaqin infraqizil nur ta’sirida faollashadigan maxsus bo’yoq mavjud. Ushbu spektr nurlari to’qimalarga ko’rinadigan nurdan ko’ra chuqurroq kirib boradi, bu esa tananing chuqur qismida joylashgan o’smalarga ta’sir ko’rsatish imkonini beradi.
Nanozarrachalarning qonda uzoqroq aylanishi va immun tizimi tomonidan yo’q qilinmasligi uchun olimlar ularni lipidlar va polimerlar bilan qoplashdi. Ammo ishlanmaning asosiy siri zarrachalar yuzasiga biriktirilgan maxsus peptid bo’ldi. U kuchsiz kislotali muhitda — aynan o’smalar ichida hosil bo’ladigan muhitda «uyg’onadi». Natijada nanozarrachalar saraton hujayralariga faol ravishda kirib boradi, ammo atrofidagi sog’lom to’qimalarga deyarli daxl qilmaydi.

Infraqizil nur bilan nurlantirilganda zarrachalar qiziydi va o’smani parchalaydi. Shu bilan birga, ular lyuminestsent va issiqlik signallarini chiqaradi, bu esa shifokorlarga real vaqt rejimida o’smani ko’rish va davolash samarasini kuzatish imkonini beradi.
«Bu ish maqsadli davolash va vizuallashtirishni yagona bio-uyg’un va bio-parchalanadigan tizimda birlashtiradi, — deydi tadqiqot hammuallifi, Abu-Dabidagi Nyu-York universiteti biologiya dotsenti Mazin Magzub. — Terapevtik agentlarni o’smalarga yetkazib berishning asosiy muammosini hal qilish orqali bizning yondashuvimiz saratonni davolashning aniqligi va samaradorligini sezilarli darajada oshirishi mumkin».
Hozircha texnologiya faqat laboratoriya sharoitida sinovdan o’tkazildi va klinik amaliyotda qo’llanilishigacha hali ancha bor. Shunga qaramay, dastlabki tajribalarning ijobiy natijalari onkologik kasalliklarga qarshi kurashishning xavfsizroq va samaraliroq usullarini — bemor uchun nojo’ya ta’sirlarni minimal darajaga tushirgan holda bir vaqtning o’zida tashxis qo’yish va davolash imkonini beruvchi usullarni yaratish yo’lidagi muhim qadam bo’ldi.
Avvalroq olimlar saraton va demensiyani davolash uchun innovatsion «nanoximerlar»ni ishlab chiqishgan edi.
