Telefon va internet global tug‘ilish darajasini tushirib yubordi — FT

Manba: Unsplash

Smartfonlar va tezkor internetning keng tarqalishi 2000-2010-yillarda dunyoning turli mamlakatlarida tug‘ilish pasayishini tezlashtirdi. Bu haqda Financial Times xabar berdi.

  — Manba: «Daryo» nashri.

Bugungi kunda dunyoning 195 ta mamlakatining uchdan ikki qismida tug‘ilish darajasi keskin pasayib ketgan. Aholi soni kamayib ketmasligi uchun har bir oilada kamida 2 nafar bola tug‘ilishi lozim. Biroq hozirda ko‘plab davlatlarda bu ko‘rsatkich chegaradan pastga tushgan. Ayniqsa, 66 ta davlatda oilalardagi o‘rtacha farzand soni ikkitaga ham yetmaydi. Bu esa yaqin kelajakda butun dunyoda yoshlar kamayib, qariyalar ko‘payib ketishini bildiradi.

Ma’lum qilinishicha, Fransiya va Polshada tug‘ilish ko‘rsatkichlari 2000-yillarning boshlarida barqaror bo‘lgan, ammo 2009-yildan keyin keskin pasaya boshlagan, Meksika, Marokash va Indoneziyada shunga o‘xshash pasayish taxminan 2012-yilda, Gana, Nigeriya va Senegalda esa 2013-yildan 2015-yilgacha bo‘lgan davrda boshlangan.

Barcha holatlarda tug‘ilishning keskin pasayishi ushbu mamlakatlarda mobil ilovalar haqidagi Google so‘rovlari keskin o‘sgan vaqtga to‘g‘ri kelgan. Bu esa davlatlarda smartfonlar ommalashganidan dalolat beradi.

Sinsinnati universitetidan Natan Xadson va Ernan Moskoso-Boedo tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotga ko‘ra, AQSH va Buyuk Britaniyada tug‘ilish darajasi yuqori tezlikdagi 4G mobil interneti ertaroq paydo bo‘lgan hududlarda sezilarli kamaygan. Bundan tashqari, ushbu mamlakatlarning barchasida tug‘ilish darajasi gadjetlardan ko‘proq foydalanadigan yosh guruhlarida sezilarli darajada pasaygan.

Tahlilchilar fikricha, smartfonlar tarqalishi tug‘ilish darajasining pasayishiga olib kelayotganining sababi yoshlar o‘rtasidagi shaxsiy uchrashuvlar sonining kamayishi va ijtimoiy tarmoqlar tufayli potensial sheriklarga nisbatan yuqori kutilmalar paydo bo‘lishi bilan bog‘liq.

“Instagram va TikTok butun dunyo bo‘ylab yosh ayollarga an’anaviy qarashlarni chetlab o‘tish imkonini bermoqda…, bu esa ularning munosabatlarda talablarini oshirmoqda. Natijada atrofdagi erkaklar bunga ko‘pincha tayyor bo‘lmaydi”, deydi Stenford universiteti demografi Elis Evans.

author info

Zulfiya Karimova

От qwert.uz