
Manba: Britain Herald
Kamqonligi (anemiya) bor onalardan tug‘ilgan chaqaloqlarning miyasi kichikroq bo‘ladi. Ayniqsa, harakatlanish, o‘rganish va his-tuyg‘ularni boshqarish uchun javobgar bo‘lgan muhim sohalar kichrayadi. Bu haqda so‘nggi o‘tkazilgan tadqiqotga tayanib The Guardian xabar berdi.
— Manba: «Daryo» nashri.
Olimlarning ta’kidlashicha, bu farqlarni ilk bor bir yoshda aniqlasa bo‘ladi. Shuningdek, bola maktabga chiqqanida aqliy rivojlanishda muammolarga duch kelishi mumkin. Dunyo bo‘yicha homilador ayollarning uchdan bir qismidan ko‘prog‘i anemiyadan aziyat chekadi.
Anemiya — bu organizmda eritrotsitlar (qizil qon tanachalari) soni me’yordan kamayib ketadigan holat bo‘lib, u odatda temir moddasi yetishmovchiligidan kelib chiqadi. Kasallik alomatlariga holsizlik, hansirash va bosh aylanishi kiradi. Bu holat eng ko‘p Afrika (Saharadan janubiy hududlar) va Janubiy Osiyoda uchraydi.
Buyuk Britaniyadagi Qirollik kolleji hamda Janubiy Afrikaning Keyptaun universiteti tadqiqotchilari Keyptaun shahrida 300 dan ortiq ona va ularning farzandlarini kuzatdi. Ular go‘daklar miyasini uch oyligidan ikki yoshligigacha bir necha bor skayner qildi.
Kamqonligi bor onalardan tug‘ilgan chaqaloqlarning umumiy miya hajmi sog‘lom onalar farzandlariga qaraganda o‘rtacha 4 foizga kichikroq bo‘lib chiqdi. Vaholanki, bu onalarning barchasida anemiyaning yengil shakli aniqlangan edi.
Miyaning uchta muayyan sohasida farqlar qayd etildi: bu putamen (qobiq), caudate nucleus (dumli yadro) va corpus callosum (qadoqsimon tana) qismlaridir.
Tadqiqot muallifi va olim Jesika Ringshou bu uchala soha ham axborotni qayta ishlash tezligi, his-tuyg‘ularni boshqarish hamda ijro etish funksiyasi kabi muhim neyropsixologik jarayonlarga javob berishini aytdi.
Chaqaloqlar guruhlari o‘rtasidagi bu farq bola hayotining dastlabki ikki yilida yanada kattalashgan. Masalan, onasi kamqon bo‘lgan 12 oylik chaqaloqlarda qadoqsimon tana hajmi 4 foizga kichik bo‘lgan bo‘lsa, 24 oylikka kelib bu ko‘rsatkich 6 foizga yetgan.
Ringshouning ta’kidlashicha, bu farqlar vaqt o‘tishi bilan yo‘qolib ketmaydi. Bolalar olti yoshga to‘lib, maktabga chiqqanida ham muammo saqlanib qoladi. Keyinchalik bu holat ularning o‘zlashtirishida yaqqol qiyinchiliklarga olib kelishi mumkin.
Olimaning qo‘shimcha qilishicha, bu kashfiyot avvalgi tadqiqotlar natijasini izohlab beradi. Shu paytgacha kamqonligi bor onalardan tug‘ilgan bolalar rivojlanish testlarida pastroq ball to‘plagani aniqlangandi.
Anemiyasi bor va sog‘lom onalarning oilaviy daromadi va oziq-ovqat ta’minoti kabi boshqa omillari bir-biriga juda o‘xshash bo‘lgan. Shu sababli olimlar aniqlangan farqlarga aynan onadagi kamqonlik sabab bo‘lganiga amin bo‘ldi.
Ringshou tug‘ish yoshidagi ayollarda anemiyaga qarshi kurashish o‘ta muhimligini eslatib o‘tdi. U homiladorlik paytida anemiya va temir moddasi yetishmovchiligini aniqlash uchun skrining o‘tkazishni, kerak bo‘lganda temir moddasi bor tabletkalar yoki inyeksiyalar tayinlashni tavsiya qildi.
Uning aytishicha, anemiyaning sabablari murakkab bo‘lib, ularga yuqumli kasalliklar ham kirishi mumkin. Tadqiqot OIV infeksiyasi bor ayollarda kamqonlik ko‘proq uchrashini ko‘rsatdi. Shu sababli temir moddasi bilan birga yuqumli kasalliklarni ham to‘g‘ri davolash lozim.
