Источник: Google Gemini

Qorningiz kundan kunga sezilarli darajada kattalashib borayotgan bo‘lsa, muammo faqat shirinliklarga o‘chlikda yoki kamharakat turmush tarzida bo‘lmasligi mumkin.

  — Manba: «Daryo» nashri.

Qorin chiqishining ko‘pchilik bilmaydigan besh sababi

Ortiqcha vazn yig‘ilganda yog‘ning asosan qorin sohasida to‘planishi ko‘proq erkaklarga xos xususiyatdir. Ayollarda esa ortiqcha kilogrammlar odatda butun tana bo‘ylab teng taqsimlanadi. Biroq qorningiz kundan kunga sezilarli darajada kattalashib borayotgan bo‘lsa, muammo faqat shirinliklarga o‘chlikda yoki kamharakat turmush tarzida bo‘lmasligi mumkin. Quyida qorin chiqishiga sababchi bo‘luvchi omillar haqida ma’lumot beriladi.

1. Organizmdagi shishlar

Tana suyuqlikni ushlab qolishi — qorin chiqishining keng tarqalgan sabablaridan biri. Bu holat, ayniqsa, yoz kunlarida tez-tez kuzatiladi. Shishlar issiq havo va kun davomida kam suv ichilgani sababli organizm bor kuchini namlikni saqlab qolishga qaratishi oqibatida paydo bo‘ladi. Ba’zi hollarda esa ayrim kasalliklarning belgisi tufayli paydo bo‘lishi mumkin.

Agar to‘satdan qorningiz chiqib qolganini payqasangiz, ma’lum muddat ko‘proq toza suv ichishga odatlaning. Suvga bir bo‘lak limon yoki barra bodring qo‘shib ichish ham yaxshi samara beradi.

2. Haddan tashqari ko‘p stress

Uzoq vaqt davomida doimiy stressda yashash va asabiylashish oqibatida qonda kortizol darajasi ko‘tariladi. Buning natijasida esa tibbiyotda “kortizolli qorin” deb ataladigan holat yuzaga keladi. Oddiy holatda kortizol uglevod almashinuvini tartibga soladi, qondagi shakar va qon bosimini me’yorda ushlab turadi. Biroq uzoq muddatli stress moddalar almashinuvini jiddiy buzishi mumkin. Qorin sohasidagi yog‘ hujayralari kortizol gormoniga nisbatan tananing boshqa qismlariga qaraganda to‘rt baravar sezuvchan bo‘ladi.

Bu vaziyatda har qanday diyeta yordam berolmaydi, aksincha organizmni yanada chuqurroq stressga tushiradi. Mutaxassislar o‘rtacha jismoniy mashqlar bilan shug‘ullanishni, to‘yib uxlashni va stressni nazorat qilishni tavsiya etadi. Shuningdek, shifokor ko‘rigidan o‘tib, kortizol darajasini tahlil qildirish foydadan xoli bo‘lmaydi.

3. Uyquga to‘ymaslik

Tungi uyquning sifatsizligi nafaqat kun davomidagi tetiklik va diqqatni jamlashga, balki qomatga ham bevosita ta’sir qiladi. Birinchidan, muntazam ravishda kam uxlash stress darajasini oshiradi va yuqorida aytilgan “kortizolli qorin”ni yuzaga keltiradi. Ikkinchidan, inson qanchalik kam uxlasa, shunchalik ko‘p yog‘li, shirin va xamirli ovqatlarga ruju qo‘yadi. Chunki organizm yetishmayotgan energiyani tez va oson hazm bo‘ladigan kaloriyalar hisobiga to‘ldirishga harakat qiladi.

Tekis va chiroyli qorin uchun kurashni birinchi navbatda uyqu rejimini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yishdan boshlash zarur.

4. Umurtqa qiyshiqligi

Qorin turtib chiqib turishining eng ko‘p tarqalgan, ammo oxirgi navbatda eslanadigan sabablaridan biri —qomatning buzilishidir. Agar umurtqa pog‘onasining bel qismi me’yoridan ortiq qiyshaygan va oldinga bo‘rtib chiqqan bo‘lsa, tashqi tomondan qaraganda sizda go‘yo qorin borga o‘xshab ko‘rinadi.

Yoga va cho‘zilish mashqlari hamda maxsus instruktor nazorati ostida maxsus jismoniy mashqlarni bajarib, bu muammoni hal qilish mumkin.

5. Gormonal o‘zgarishlar

Jinsiy gormonlar, qalqonsimon bez gormonlari yoki insulin muvozanatining buzilishi ham qorin sohasida tez fursatda yog‘ to‘planishiga olib kelishi mumkin. Eng yomoni, bunday gormonal buzilishlar bo‘lganda, oddiy jismoniy mashqlar va diyetalar hech qanday natija bermaydi.

Moddalar almashinuvi yoki gormonal fondagi bunday muammolarni faqat shifokor ko‘rigidan o‘tib, uning qat’iy nazorati ostida davolash lozim.

Asila Aliboyeva

muxbir

Asila Aliboyeva

От qwert.uz