
Fransiya imperatori Napoleon Bonapart hukmronligining so‘nggi davrida, 1812-yilda yarim milliondan ortiq askardan iborat qo‘shin bilan Rossiyaga bostirib kirdi. Olti oydan so‘ng, qo‘shin chekinishga majbur bo‘lgach, taxminan o‘n minglab askarlargina Fransiyaga qaytdi.
— Manba: «Daryo» nashri.
Tarixdagi eng katta talafotli urushlardan biri sifatida tanilgan bu jangda yuz minglab askar halok bo‘ldi. Qurbonlarning ko‘payishiga ochlik, sovuq va tarqalgan terlama epidemiyasi ham sabab bo‘ldi. Yaqinda olimlar o‘lgan askarlarning DNK qoldiqlarini o‘rganib, qo‘shinni xonavayron qilgan bir nechta kasalliklarni aniqladi.
Tadqiqotchilar 2001-yilda Litvaning Vilnyus shahrida topilgan ommaviy qabrdan 13 nafar askarning tishlarini o‘rgandi. Yuqori aniqlikdagi DNK tahlili yordamida ular ikki yuz yildan ortiq vaqt o‘tganiga qaramay, saqlanib qolgan bakteriyalarning genetik izlarini topdi.

Uzoq vaqt davomida tarixchilar askarlarning ommaviy halok bo‘lishining asosiy sababi Rickettsia prowazekii bakteriyasi keltirib chiqaradigan tif deb hisoblagan. Biroq yangi tadqiqot vaziyat ancha murakkab bo‘lganini ko‘rsatdi. Olimlar yana ikkita infeksiya qo‘zg‘atuvchisi — paratif va qaytalama tifni keltirib chiqaradigan Salmonella enterica va Borrelia recurrentis izlarini aniqladi.
2006-yilda xuddi shu qoldiqlarda tif bakteriyasining izlari topilgan, ammo o‘sha davr texnologiyalari DNKni bunchalik batafsil o‘rganish imkonini bermagan.
“Ilgari Napoleonning armiyasini faqat tif yo‘q qilgan, deb hisoblanardi. Ammo endi biz boshqa patogenlar ham mavjud bo‘lganini ko‘ryapmiz”, dedi ishning yetakchi muallifi Remi Barberi.
Olimlar ta’kidlashicha, ushbu tadqiqot 2006-yilgi ma’lumotlarni inkor etmaydi, balki ularni to‘ldiradi. Tahlil ko‘lami hozircha keng emas, ammo natijalar yuqumli kasalliklarning tarix rivojiga qanday ta’sir ko‘rsatganini chuqurroq tushunishga yo‘l ochadi.
“Qadimgi DNK nafaqat o‘tmishni tushunishga, balki patogenlarning qanday rivojlanganini va bugungi kunda ham insoniyatga qanday ta’sir ko‘rsatayotganini kuzatishga yordam beradi”, dedi AQSHning qadimgi DNK bo‘yicha mutaxassisi, mustaqil ekspert Sesil Lyuis.
Paratif va qaytalama tif bugungi kunda ham mavjud, ammo tibbiyot va sanitariya rivojlanishi tufayli ular kamdan kam hollarda o‘limga olib keladi.
