Yo‘tal bu kasallik emas, balki organizmning himoya reaksiyasidir. U nafas yo‘llaridagi balg‘am, allergen yoki viruslardan tozalanish jarayonini bildiradi. Shu bois uni birdaniga to‘xtatish emas, balki to‘g‘ri yondashuv bilan sababini aniqlab, yengillashtirish muhim. Yo‘talni to‘g‘ri davolash uchun uning turini, kelib chiqish sababini va tanaga zarar yetkazmaydigan kompleks choralarni bilish lozim.

 — Manba: «Daryo» nashri.

Terapevt Yuliya Yakimanskaya so‘zlariga ko‘ra, yo‘taldan bir zumda qutqaradigan mo‘jizaviy tabletka yo‘q. Chunki yo‘tal — bu kasallik alomati bo‘lib, o‘pka, tomoq yoki bronxlarda kechayotgan jarayonlarning belgisi hisoblanadi.

Yo‘tal turlari

Quruq yo‘tal odatda tomoqdagi achishish, qichishish va yo‘tal xurujlari bilan namoyon bo‘ladi. U shamollashning dastlabki bosqichida yoki allergiya paytida kuzatiladi. Bu paytda asosiy maqsad — tomoq shilliq qavatini namlatish va xurujlarni kamaytirish. Iliq ichimliklar (asal va limonli suv, o‘simlik choylari), havoning yetarli namligi va dam olish rejimi bu jarayonni yengillashtiradi.

Nam yo‘tal esa balg‘am ajralishi bilan kechadi. U balg‘amni suyultirish va nafas yo‘llaridan oson chiqarish orqali davolanadi. Bu holatda shifokorlar odatda mukolitik va balg‘am ko‘chiruvchi preparatlarni buyuradi. Shuningdek, ingalyatsiyalar (fiziologik eritma, mineral suv yoki o‘simlik choylari bilan) nafas yo‘llarni namlab, tiklanish jarayonini tezlashtiradi. Ayniqsa bolalarda drenaj massaji foydali natija beradi.

Foto: Shutterstock

Ilmiy tadqiqotlar mukolitik vositalarning balg‘amni suyultirishda va nafas yo‘llarini tozalashda yordam berishini tasdiqlaydi. Masalan, National Center for Biotechnology Information (NCBI) bazasida chop etilgan maqolada mukolitiklarning yo‘tal simptomlarini yengillashtirishdagi samaradorligi qayd etilgan.

Shunga qaramay, CHEST Journal ma’lumotlariga ko‘ra, bu dori vositalari bir xil natija bermasligi mumkin. Ayniqsa surunkali bronxit yoki allergik yo‘talda boshqa davo choralari qo‘llanilishi mumkin.

Ko‘p suyuqlik ichish esa yo‘tal davosida ilmiy jihatdan eng ishonchli usullardan biri hisoblanadi. Harvard Health ma’lumotlariga ko‘ra, issiq choy, sho‘rva yoki asalli ichimliklar nafaqat tomoqni yumshatadi, balki organizmning tabiiy tiklanish mexanizmlarini ham faollashtiradi.

Bundan tashqari, havoning namligini saqlash va xonani tez-tez shamollatish yo‘tal xurujlari sonini qisqartiradi. Chunki toza havo shilliq qavatning qurib qolishining oldini oladi.

Muhim ogohlantirish:

• Antibiotiklarni o‘zboshimchalik bilan qabul qilish mumkin emas, chunki ular faqat bakterial infeksiyalar uchun samarali, virusli yo‘talga esa foydasiz;

• Nam yo‘tal paytida yo‘talni to‘xtatuvchi dori vositalarini ishlatish qat’iyan man etiladi — bunda juda ko‘p balg‘am to‘planib, asoratlarga olib keladi;

• Chekish va spirtli ichimliklar yo‘talni kuchaytiradi hamda tiklanish jarayonini sekinlashtiradi.

author info

Sevara Soliyeva

От qwert.uz