Olimlar ayrim mahsulotlar bilan ruhiy salomatlik o‘rtasidagi bog‘liqlikni o‘rgangan bo‘lsa-da, ularning natijalari klinik jihatdan ishonchli darajada aniq emas. Shunga qaramay, ayrim taomlar stress darajasiga ma’lum ta’sir ko‘rsatishi haqiqat.

 — Manba: «Daryo» nashri.

Ammo bu amaliyotda muammoning asl ildizini hal qila olmaydi. “Shokolad yeb, stressni kamaytiring” yoki “Losos iste’mol qilib, tinchlaning” kabi maslahatlar ko‘pincha yetarli bo‘lmaydi. Stress darajasi yuqori bo‘lsa, turmush tarzini qayta ko‘rib chiqish, psixolog yoki psixiatr bilan suhbatlashish eng to‘g‘ri yo‘ldir.

Quyida esa tushkunlik va depressiyani kamaytiruvchi mahsulotlar haqida ma’lumot keltiriladi.

1. Shokolad

Ba’zi tadqiqotlar shokolad ayollarda stress gormoni — kortizol darajasini biroz pasaytirishi mumkinligini ko‘rsatadi. Tadqiqotda ishtirok etgan 60 nafar talaba ikki hafta davomida har kuni 40 gramm qora yoki sutli shokolad iste’mol qilgan. Natijada ular orasida stressning ma’lum darajada pasayishi qayd etilgan.

Ko‘pincha achchiq shokolad “eng foydali” deb tan olinadi. Biroq ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, sutli shokolad ham tinchlantiruvchi ta’sirga ega bo‘lishi mumkin. Ammo shokolad juda kaloriyali mahsulot ekani yoddan chiqmasligi lozim.

2. Losos

Foto: iStock

Losos tarkibida D vitamini, omega-3 yog‘ kislotalari (EPA va DHA) mavjud. Bu moddalarning barchasi asab tizimini qo‘llab-quvvatlashda muhim rol o‘ynaydi.

Omega-3 yog‘ kislotalari dofamin va serotonin kabi kayfiyatni barqarorlashtiruvchi gormonlar ishlab chiqilishiga yordam beradi. D vitamini esa xotira, diqqat, nutq kabi kognitiv jarayonlarga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Bergen universiteti tadqiqotchilari bir tajribada haftasiga uch marta losos iste’mol qilgan odamlarda stress darajasi kamroq bo‘lgani, ularning yurak urish ritmi ham sog‘lomlashganini aniqlagan. Agar siz lososli rollarni yoqtirsangiz, ehtimol, bu siz uchun nafaqat mazali, balki tinchlantiruvchi taom ham bo‘lishi mumkin.

3. Avokado

Avokado to‘g‘ridan to‘g‘ri stressni kamaytiradi, degan ilmiy isbot yo‘q. Ammo u magniyga boy mevadir. Magniy tanqisligi ba’zan organizmning stressga bo‘lgan reaksiyasini kuchaytirishi mumkinligi haqida nazariyalar mavjud.

Bir dona avokado iste’mol qilganingizdan keyin birdaniga xotirjam bo‘lib qolmasligingiz aniq, ammo uni muntazam iste’mol qilish organizm uchun har tomonlama foydali.

4. Yong‘oq

Foto: iStock

Bir tadqiqotda 16 hafta davomida kuniga taxminan 50 gramm yong‘oq iste’mol qilgan talabalar bir qator ijobiy o‘zgarishlarni qayd etishgan:

• ruhiy holat yaxshilangan;

• o‘qishga bog‘liq zo‘riqish kamaygan;

• ichak mikroflorasi yaxshilangan;

• uyqu sifati oshgan.

Ehtimol, talabalar stressni yong‘oqning bepul berilganidan xursand bo‘lib kamaytirgan bo‘lishi ham mumkin, ammo mazali yong‘oqlar haqiqatan ham ma’lum ma’noda kayfiyatni ko‘taradi.

5. Yogurt

Probiotiklar mavjud yogurtlarning ruhiy salomatlikka ijobiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi haqida bir nechta tajribalar o‘tkazilgan.

Tajribada probiotikli yogurt iste’mol qilgan ayollarda miyaning his-tuyg‘ularni boshqaruvchi sohalari faoliyati yaxshilangani kuzatilgan. Boshqa bir tajribada esa probiotiklar uyquning yaxshilanishi va yurak ritmining barqarorlashishiga yordam bergani qayd etilgan.

Biroq olimlar probiotik bakteriyalarning katta qismi oshqozonda nobud bo‘lishi mumkinligini ham ta’kidlashadi. Demak, agar sizda tashvish yoki depressiya belgisi bo‘lsa, yogurtlarga umid bog‘lashdan ko‘ra mutaxassisga murojaat qilish samaraliroq.

6. Lavlagi

Foto: iStock

Lavlagi tarkibida ham magniy mavjud. Uning yetishmovchiligi stressni kuchaytirishi, stress esa, o‘z navbatida, organizmdagi magniy zaxirasini kamaytirishi mumkin.

Biroq birgina lavlagini iste’mol qilish stressni butunlay bartaraf eta oladi, deb o‘ylash to‘g‘ri emas. Ruhiy holatga ta’sir qiluvchi omillar juda ko‘p.

Stressga qarshi mahsulotlarga e’tibor qaratish kerakmi?

Ularni ratsionga qo‘shish foyda berishi mumkin, chunki bunday mahsulotlar organizmni zarur moddalar bilan ta’minlaydi. Ammo parhez faqat shu oltita mahsulotdan iborat bo‘lmasligi lozim.

Stressdan xalos bo‘lish faqat taomlarga bog‘liq emas. Hatto bu mahsulotlardan umuman yemagan odam ham stressni boshdan kechirmasligi mumkin.

Asosiy tinchlantiruvchi omillar:

• sifatli uyqu;

• muntazam jismoniy faollik;

• to‘g‘ri ovqatlanish;

• meditatsiya;

• psixoterapiya.

Eng muhimi, stressni faqat ovqatga tayanib bartaraf etishga urinmaslik kerak, zero ruhiy salomatlikka kompleks yondashuv zarur.

author info

Sevara Soliyeva

От qwert.uz