Qatarda 2022-yili bo‘lib o‘tadigan futbol bo‘yicha Jahon Chempionati tayyorgarligi o‘zining avj pallasiga kirgan. Mazkur maqolada JCh—2022 musobaqasining diqqatga sazovor inshootlaridan biri — “Al-Janub” haqida gaplashamiz  — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi .

Foto: Designboom

2019-yilning bahorida 2022-yilgi Jahon Chempionatiga atab qurilgan stadionlardan biri — “Al-Janub” ishga tushdi. Stadion JCh—2022 guruh bosqichi va chorak final o‘yinlarini o‘zida qabul qiladi. May oyida ushbu stadiondagi dastlabki o‘yin o‘tkazildi, Qatar Kubogi finalida “Ad-Duhayl” jamoasi “As -Sadd”ni mag‘lubiyatga uchratdi.

Foto: Getty Images

Foto: Getty Images

Foto: Getty Images

Stadion muallifi — asli iroqlik bo‘lgan mashhur arxitektor Zaha Hadid. Loyiha 2013-yilda ishlab chiqilgan bo‘lib, bu Hadidning so‘nggi ishlaridan biri bo‘ldi. Oradan uch yil o‘tib u yurak xurujidan vafot etdi. Uning deyarli barcha loyihalari qatori, “Al-Janub” ham qiyin, keng qamrovli va juda qimmatga tushdi. Qatar mazkur stadion qurilishi uchun 575 million dollar sarfladi. Arena 40 ming muxlisni o‘z bag‘riga sig‘dira oladi.

Foto: Designboom

“Al-Janub” stadionining tomi yopiladigan qilindi, bundan maqsad futbolchi va muxlislarni quyoshdan saqlash

Stadion Qatar poytaxti Dohadan 20 kilometr uzqolikdagi Vakra shahrida qad rostlagan. Bu yerning ob-havosini futbol o‘ynash uchun qulay deb bo‘lmaydi: yozda harorat 50 darajagacha chiqadi. Shu sabab Jahon Chempionati yozdan noyabr—dekabr oylariga surildi, quyoshdan saqlanish esa lohiyalashning muhim jihatlaridan biri edi. Yechim esa suriladigan tomlar bo‘ldi. Uni Zaha Hadid Architects (ZHA) byurosi Schlaich Bergermann Partner injenerlik kompaniyasi bilan birgalikda yaratdi. Polimer bilan qoplangan arqonli tirgaklar kerakli vaqtda futbol maydoni va tribuna ustini butunlay yopishga qodir.

Foto: Designboom

Qish va bahorda Qatarda qum bo‘ronlari tez-tez sodir bo‘lib turadi. Stadion ushbu hodisalarga to‘liq tayyorligini tekshirish maqsadida uning 3D-modeli aerotrubada sinab ko‘rildi. Natijada u shamol bosimini yaxshi ushlaydigan va hudud milliy an’analariga mos tushadigan — silliq aerodinamik shaklni oldi. Vakra Fors ko‘rfazida joylashgan bo‘lib, uning tarixi marvarid va baliq ovlovchilikka chambarchas bog‘liq. Shu sabab, Zaha arablarga xos bo‘lgan dau qayig‘idan ilhom olgan.

Foto: Designboom

Foto: Designboom

Foto: Designboom

Bundan tashqari, devor va tom qismidagi qat-qatliklarda qum barxanlarini ko‘rish mumkin. Shuningdek, uning oq qatlami quyosh nurida toblanayotgan chig‘anoqni eslatadi. Tashqari qismidagi bronza rang naqshli oynavon esa quyoshdan asrovchi panjara — mashrabiyaga o‘xshaydi.

Foto: Designboom

Qatarga qadar Hadid ikkita stadion loyihasini yaratgan: birini ekologiya tufayli bekor qilishgan, ikkinchini esa pul va dizayn sabab

“Al-Janub”dan tashqari arxitektor yana ikkita stadion loyihasi bilan shug‘ullangan — ikkisi ham omadsiz chiqqan.

Birinchisi Angliyaning Straud shahri klubi “Forest Grin Rovers” uchun edi. Buyurtmachi arxitekturada jamoaning tabiatga bo‘lgan ehtiyotkorona munosabati aks etishini istagan. To‘lqin ko‘rinishidagi inshoot butunlay yog‘ochdan iborat bo‘lishi kerak edi, biroq shu ham yetarli darajada “yashil” emas deb hisoblandi. 2019-yilning iyulida Straud tuman kengashi stadion shovqinli bo‘lishi va landshaftga ta’sirini vaj qilib qurilishga qarshi ovoz berdi.

ZHA kompaniyaning yana bir loyihasi Tokioda qabul qilinmadi. Hadid Tokio—2020 Olimpiadasining asosiy stadioni loyihasini ishlab chiqqandi, biroq musobaqa boshlanishidan besh yil avval hukumat undan voz kechdi.

Mavzuga doir. Fotomaqola: Yaponiya 2020-yilgi Olimpiada o‘yinlariga qanday tayyorgarlik ko‘rmoqda?

Birinchidan, stadion qurilishiga ketadigan 2 milliard dollar yaponlarni qo‘rqitib yubordi. Ikkinchidan ko‘pchilikka dizayn yoqmadi. Internetda uni robot-changyutgich va unitazga o‘xshatishdi. Eng mashhur yapon arxitektorlari petitsiya yozgan holda, loyihani “kelajak avlod uchun og‘ir yuk” deb atashdi. Bundan tashqari, ko‘pchilikni inshoot quriladigan joy qoniqtirmadi. Stadionni Tokio aholisi dam oladigan va tabiatdan bahramand bo‘ladigan Meydzi ibodatxonasi oldida qurmoqchi bo‘lishdi.

Foto: Getty Images

Qatardagi qurilish ham muammolardan holi bo‘lmadi. Stadionning tashqi ko‘rinishi ko‘pchilikka manzur kelmadi va ko‘plab bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi. Bundan tashqari, ko‘pchilikka Hadidning Yaqin Sharqdagi neft magnatlari bilan ishlashi yoqmasdi. Uni siyosiy noaniqlik va inson huquqlarini inobatga olmaydigan tuzumlarga sheriklikda ayblashar edi. Qatardagi Jahon Chempionati inshootlari qurilishida 100dan ortiq ishchi-migrantlar halok bo‘lgani yuzaga chiqgach, Hadid bunga “Buni o‘zgartirish mening qo‘limda emas”, deya sharh berdi.

Foto: Designboom

Shundan keyin besh yil o‘tdi, janjallar unutildi, Zaha vafot edi, Qatardagi loyiha esa tamomlandi. Bunday darajadagi stadionlar ko‘pincha keraksizga aylanadi, biroq “Al-Janub” borasida Qatarning o‘z rejalari bor. JCh—2022 dan keyin arena o‘rindiqlari yechiladi va qaysidir rivojlanayotgan mamlakatga tuhfa qilinadi.

“Sports.ru” materiali asosida Nodirxon Hamidxonov tayyorladi.

От qwert.uz