40 yoshgacha uchraydigan insult: kimlarga u xavf soladi hamda kasallikka chalinmaslik uchun nima qilish kerak?

Qadimdan qariyalar kasalligi deb hisoblangan insult yildan yilga yasharmoqda: bugungi kunda kasallikning har uchinchi holati mehnatga layoqatli yoshdagi odamlarda uchraydi va 30-40 yoshli bemorlarning salmog‘i doimiy ravishda oshib bormoqda. Quyida nima uchun ushbu kasallikning paydo bo‘lishi, yaqinlashib kelayotgan xavfni aniqlash hamda uni bartaraf etish haqidagi ma’lumotlar bilan tanishib chiqish mumkin.

  — Manba: «Daryo» nashri.

Foto: Getty Images

Yoshlar nima sababdan insultga chalinadi?

Bugungi kunda 20 dan 44 yoshgacha bo‘lgan har 100 ming kishiga 20,2 ta insult to‘g‘ri keladi. Agar keksa yoshda kasallikka olib keladigan asosiy sabab hayot tarzi deb hisoblansa, yoshlarda ko‘pincha birga keladigan kasalliklar sabab bo’ladi. Ular quyidagilar:

Yuqori xolesterin

Bu insultning eng keng tarqalgan sabablaridan biridir. Odatda yomon va yaxshi xolesterinning nomutanosibligi 50 yoshdan keyin boshlanadi. Bu vaqtda ayol va erkaklarda gormonlar, shuningdek, odatiy turmush tarzi keskin o‘zgaradi va ortiqcha vazn to‘planadi. Ammo yoshlarda ham yuqori zichlikdagi lipoproteinlar darajasi kamayishi va past zichlikdagi lipoproteinlarning nisbati oshishi mumkin. Bu holat qon tomirlari aterosklerozining torayishiga olib keladi va o‘z navbatida insultni paydo qiladi.

Qon tomir malformatsiyasi

Ushbu kasallik tug‘ma yoki orttirilgan bo‘lishi mumkin, miyada ushbu muhim organni oziqlantiradigan arteriyalar va tomirlarni bog‘laydigan qon tomirlarining butun chigalligi hosil bo‘ladi. To‘p miyani oziqlantirishni qiyinlashtiradi va agar u yorilib ketsa, miya yoki orqa miyada qon ketishi, ya’ni insult kuzatiladi.

Buyrak kasalligi

Polikistik buyrak kasalligi – buyraklarda suyuqlikni o‘z ichiga olgan ko‘plab kistalar paydo qiladigan kasallik. 2010-yilda xitoylik mutaxassislar tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot shuni tasdiqladiki, bu kasallik insult xavfini 25 foizga oshiradi.

Insult xavfini qanday aniqlash mumkin?

Afsuski, ushbu kasallik o‘ziga xos erta alomatlarga ega emas. Ammo agar quyidagi holatlar muntazam ravishda kuzatilsa, albatta, shifokorga ko‘rinish kerak:

  • tez-tez va kuchli bosh og‘rig‘i;
  • bosh aylanishi;
  • hushdan ketish;
  • harakatlarning noaniqligi;
  • ko‘rish qobiliyatining o‘zgarishi;
  • bel og‘rig‘i;
  •  zaiflik.

Xavfni kamaytirish uchun nima qilish kerak?

Kamroq tuz iste’mol qiling

Juda ko‘p tuz iste’mol qilinsa, tanadagi qon hajmi oshadi, bu esa yurakka qo‘shimcha stress yuklaydi. Agar bu muntazam ravishda sodir bo‘lsa, eng muhim organ ortiqcha ishlay boshlaydi va kasallikka uchraydi.

Yetarlicha uxlang

Kunlik 7-8 soatlik uyqu juda muhimdir – aks holda tana gipertoniya bilan javob berishi mumkin. Epidemiology jurnalida chop etilgan tadqiqot shuni tasdiqladiki, 24 yoshdan 32 yoshgacha bo‘lgan yoshlarning 30 foizi allaqachon yuqori qon bosimini boshdan kechirgan. Hech qanday chora ko‘rilmasa, bu yurak yetishmovchiligi rivojlanishiga olib kelishi mumkin.

Mashq qiling

Sizning vazifangiz yurak urishi tezligini muntazam ravishda oshirishdir. Tez yurish, yugurish, suzish va boshqa aerobik harakatlar yurak mushaklarni ishlashga majbur qiladi va kuchaytiradi. Shunday qilib, haftada kamida 150 daqiqa jismoniy faoliyat talab qilinadi.

Zavqlaning

Doimiy stress va tashvish yurak kasalliklarining ajralmas hamrohlaridir. Kortizol, stress va tashvish paytida ajralib chiqadigan gormon qon bosimi va yurak tezligini oshiradi. Bundan tashqari, kortizol arterial qoplamaga zarar yetkazishi mumkin, bu esa qonning tana a’zolariga ozuqa moddalarini yetkazib berishini qiyinlashtiradi. Shuning uchun dam olishni va stressdan xalos bo‘lishni o‘rganish juda muhimdir.

Tishlaringizni sog‘lom saqlang

Og‘izda ko‘payadigan bakteriyalar nafaqat tish va milk salomatligi uchun xavfli, balki so‘lak tomir devorlariga zarar yetkazishi, ularni yanada mo‘rtlashtirishi mumkin. Shuning uchun kuniga ikki marta tishlaringizni yuvish va yiliga ikki marta tish shifokoriga murojaat qilish lozim.

Tuxum iste’mol qiling

Heart jurnalida chop etilgan tadqiqot mualliflari insultning oldini olish uchun qila oladigan eng oddiy narsa – bu kuniga bitta tuxum iste’mol qilish ekanligini ta’kidlab o‘tgan. Olimlar 9 yil davomida yarim million odamning salomatlik holatini tahlil qildi va har kuni kamida bitta tovuq tuxumini iste’mol qilganlar yurak xastaligi xavfini 11 foizga va insult xavfini 26 foizga kamaytirishini payqashdi. Tadqiqot mualliflari bu ta’sir tuxumlarning yurakni himoya qiluvchi sog‘lom HDL xolesterin darajasini oshirish qobiliyati bilan bog‘liq deb hisoblashadi, shuningdek, yomon xolesterinni tanadan olib tashlashga yordam beradi. Bundan tashqari, tuxum oqsilga boy bo‘lib, qonda shakarni kamaytirishga va sog‘lom vaznni saqlashga yordam beradi, bu ham insult xavfini kamaytiradi.

Yog‘li baliq

Agar haftada uch yoki undan ko‘p porsiya yog‘li baliq iste’mol qilinsa, insult xavfi 6-12 foizga kamayadi. Bu Stroke jurnalida chop etilgan Shvetsiya tadqiqotining natijalaridir. 400 ming ko‘ngilli ishtirok etgan tadqiqot mualliflarining fikricha, gap baliqlarda ko‘p bo‘lgan omega-3 yog‘ kislotalari haqida ketmoqda. Ushbu kislotalar tomirlardagi yallig‘lanishni kamaytiradi, qon oqimini yaxshilashga yordam beradi va tromb paydo bo‘lish ehtimolini kamaytiradi.