Kunduzi uyqu bosishining 5 sababi

Kun o‘rtasida uxlashga bo‘lgan xohishning paydo bo‘lishi o‘z-o‘zidan kuzatilmaydi. Harper’s Bazaar nashri bunga nima sabab bo‘lishi haqida ma’lumot berib o‘tadi.

  — Manba: «Daryo» nashri.

Foto: Freepik

Ovqatlanish

Noto‘g‘ri ovqatlanishda o‘zini his qilish bilan bog‘liq muammolar, xususan, kunduzi uyqu bosishi ham kuzatiladi. Kun o‘rtasida biron shirinlik yoki xamirli yegulik yegingiz kelib qolsa, keyinroq sizni uyqu bosishiga tayyor turing. Gap shundaki, tez singadigan uglevodlar qondagi qand miqdorining keskin ko‘tarilishiga olib keladi. Glyukoza miqdori ko‘tarilganda odam o‘zini energiyaga to‘la his qiladi. Keyinroq esa shakar miqdori kamayadi va bu uyqu bosishiga sabab bo‘ladi. Qanchalik g‘alati tuyilmasin kunduzi uyqu bosishi organizmdagi kofein miqdori ko‘payib ketishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Juda ham ko‘p qahva ichilganda organizmda uyqu gormoni va tetiklik sintezi buziladi.

Vitamin va minerallarning yetishmasligi

Ozuqa moddalarining yetishmasligi, ayniqsa, sovuq mavsumda dolzarb bo‘lgan keng tarqalgan muammolardan sanaladi. Uyquchanlik temir, magniy, B va D guruhi vitaminlari tanqisligidan darak beruvchi simptom hisoblanadi. Aynan shu sabab ham balansli ovqatlanishga harakat qilish kerak. Agar o‘zingizda qandaydir muhim moddalar yetishmasligini payqasangiz, shifokorga borib, tahlil topshiring. Zaruriyat bo‘lsa, mutaxassis ko‘rsatmasiga binoan biologik faol qo‘shimchalar iste’mol qiling.

Xonada havo yetishmasligi

Yopiq xona ichida havo yangilab turilmasa, kislorod konsentratsiyasi kamayib, karbonat angidrid ko‘payadi. Sovuq mavsumda isitkichlarning yoqilishi esa havoni yanada qurishiga olib keladi. Buning oqibatida nafaqat uyqu bosishi, balki migren ham kuzatiladi. Shu sabab ham har 1,5-2 soatda derazalarni ochib, havoni yangilab turing.

Stress

Asabiylashganda organizmdan stress gormoni ajraladi. Uning me’yordan ko‘p ishlab chiqarilishi esa uyqu bosishi, vazn ortishi, teri holatining yomonlashishi va boshqa ko‘plab oqibatlarga olib keladi. Shu sabab ham ish orasida 10-15 daqiqa tanaffus qilib, muammolardan chalg‘ishga harakat qiling. Meditatsiya bilan shug‘ullanish va biron yoqimli narsa haqida o‘ylashga harakat qiling.

Gormonal disbalans

Gormonlar ajralishi bilan kishi o‘zini qanday his qilishi o‘rtasida bog‘liqlik bo‘lishi mumkin. Surunkali uyquchanlikning sababi uyqu gormoni — melatoninning jadal ajralishi bo‘ladi. Ayollarda esa surunkali charchoqqa progesteron va estrogenni disbalansi ham olib keladi. Buning oldini olish uchun shifokor bilan maslahatlashish va ko‘rikdan o‘tib turish kerak.