Bolalarda ko‘p uchrayotgan astigmatizm kasalligini aniqlash va bu kasallikning oldini olish haqida “Ko‘z nuri” klinikasi bosh shifokori Hikmatulla Sodiqov “Daryo”ga o‘z tavsiyalarini berdi.

Astigmatizm

Hozirgi kunda bolalar orasida eng ko‘p uchrayotgan kasalliklardan biri — astigmatizm. Bu ko‘zni soat desak, o‘shaning oynasi qiyshiqligidir.

  — Manba: «Daryo» nashri.

Bu tug‘ma bo‘lib, lekin ko‘rish o‘tkirligi yuz foiz bo‘ladi. Keyinchalik telefon, televizor, kompyuter va yotib olib kitob o‘qish natijasida astigmatizm ko‘rish qobiliyatiga ta’sir qila boshlaydi. Yosh bolalar ertalabdan kechgacha telefon, kompyuter o‘ynab, tuni bilan televizor ko‘radi. Natijada astigmatizm ko‘rish qobiliyatiga ta’sir qiladi.

Aniqlash yo‘li

Bola faqatgina ko‘zni qisib, bo‘riqarash qilib qaraydi. Bu kasallikni internetda har xil dorilar va choralar bilan davolash usullari ko‘rsatilgan. Shuni unutmaslik kerakki, ularning hech biri yordam bermaydi. Faqat ko‘zoynak taqishgina yordam beradi. Ko‘zoynak bilan ba’zida kontakt linzalar beramiz. Hech qanday dori-darmoni yo‘q. Buni doktor individual tarzda, qorachiqni keng va tor holatda tekshirib, keyin aniqlaydi. Astigmatizmni uch yoshdan boshlab 7-8 yoshdagi bolalarda ham aniqlash mumkin. Bu yoshga bog‘liq kasallik emas, balki ko‘zga keragidan ortiq zo‘riqish berish bilan namoyon bo‘ladi.

Tavsiya

Birinchi navbatda, bolaning ovqatlanishiga e’tibor berishimiz kerak. Taomnomada oqsil ko‘p bo‘lishi shart. Bolalarning yorug‘ joyda dars qilishiga e’tiborli bo‘ling. Iloji boricha, telefon va gadjetlardan uzoqda saqlang, himoya ko‘zoynaklari olib bering. Bolalarga stol tennisi o‘ynatish juda foydali – ko‘zdagi akkomodatsiya funksiyasini yaxshilaydi, gavharning qavariq, botiqligi rivojlanadi. Ushbu tavsiyalarga amal qilinsa, astigmatizm ko‘zning xiralashigacha yetib bormaydi.

Oqibatlari

Ba’zi astigmatizmi bor bemorlarimizni ko‘zoynak taqtirib, ko‘rishni 90-100 foizgacha tiklagan holatlarimiz bo‘lgan. Bolalarda kattalardan ko‘ra farq qiladi. Ko‘p hollarda bolalarning ko‘rishini tiklash mumkin. Afsuski, shifokorga kech murojaat qilish ko‘zning nogiron bo‘lishigacha olib keladi. Bola o‘ziga o‘zi xizmat qila olmay qoladi. Kechikib kelingan holatlarda bemor ko‘zi ko‘rmay qolishiga ham mumkin.

От qwert.uz