Vegetarianlar uchun go‘shtsiz ovqatlanish hozirda har qachongidan ham mashhur. Kimdir buni axloqiy sabablarga ko‘ra qiladi, kimdir ta’mi tufayli, yana kimdir esa salomatlik uchun. Olimlar hali ham oxirgi sabab qanchalik to‘g‘ri ekanini aniqlamagan. Chunki go‘shtning shubhasiz zarari, shuningdek, vegetarianlikning so‘zsiz foydalari ilmiy jihatdan isbotlanmagan. Go‘shtni iste’mol qilish yoki qilmaslik har kimning o‘ziga bog‘liq va bu organizmga qanday ta’sir qilishi bilan quyida tanishib chiqish mumkin.

  — Manba: «Daryo» nashri.

Foto: Pikabu

Keling, ijobiy tomonlardan boshlaylik. Go‘sht mahsulotlaridan farqli o‘laroq, o‘simlik mahsulotlari avtointoksikatsiyaga olib kelmaydi, ya’ni hazm qilish jarayonida inson organizmida parchalanadigan mahsulotlar bilan zaharlamaydi. Umuman olganda, go‘sht iste’mol qilinganda, oshqozon-ichak traktidagi “og‘irlik” o‘simlik mahsulotlarini iste’mol qilishdan ko‘ra ko‘proq bo‘ladi, shuning uchun go‘sht iste’molidan so‘ng oshqozonda og‘irlik paydo bo‘lishi mumkin. Shunga ko‘ra, ratsionning aksariyati o‘simlikka asoslangan bo‘lsa, ovqat hazm qilish tizimi me’yorida ishlaydi.

Bundan tashqari, ko‘plab tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, vegetarianlik tarafdorlari gipertoniya, diabet va yurak-qon tomir kasalliklaridan kamroq azoblanadi. Semirib ketish va yurak ishemik kasalliklari xavfini kamaytiradi. Yana bir foydali jihati shundaki, o‘simlik mahsulotlari, hayvonlardan farqli o‘laroq, aterosklerozning rivojlanishiga hissa qo‘shmaydi, chunki ular aterogen xususiyatlarga ega emas.

Agar yuqorida sanab o‘tilgan imtiyozlar o‘simlik ratsioniga o‘tish haqida jiddiy o‘ylashga majbur qilgan bo‘lsa, hayvonot mahsulotlarini ishlatmasdan muvozanatli ratsion qurish ancha qiyin bo‘lishini ham unutmaslik lozim. Go‘shtdan voz kechishga qaror qilgan odamlar duch keladigan birinchi muammo – bu oqsil yetishmasligi. Haqiqat shundaki, hayvonlarning oqsillari to‘liq (ular organizm mustaqil ravishda ishlab chiqara olmaydigan 12 ta muhim aminokislotalarni o‘z ichiga oladi), o‘simlik oqsillari esa yo‘q. Ya’ni, tovuq filesini iste’mol qilish orqali darhol barcha 12 aminokislotalarni olish mumkin.

Go‘shtdan butunlay voz kechishning eng muhim kamchiligi temir tanqisligi xavfining oshishi hisoblanadi. Shuningdek, yana bir boshqa salbiy tomoni omega-3 yog‘ kislotalarining yetishmasligini o‘z ichiga oladi. Ammo bu qo‘rqinchli emas, chunki malakali yondashuv bilan ushbu moddalarning yetishmasligidan qochish mumkin. Go‘sht iste’mol qilmaydiganlar, baliq va dengiz mahsulotlarini iste’mol qilsa, tashvishlanadigan hech narsa yo‘q. Agar bu mahsulotlar ham ratsionda bo‘lmasa, unga ko‘proq yong‘oq, urug‘, o‘simlik va zig‘ir moylari va avokadolarni qo‘shish tavsiya etiladi.

От qwert.uz