Hatto uyqusizlik ham qorin sohasidagi ortiqcha yog‘larning sababi bo‘lishi mumkin. “Noviy ochag” nashri sanab o‘tgan quyidagi zararli odatlardan voz kechish ortiqcha vazndan qutilishga yordam beradi.

  — Manba: «Daryo» nashri.

Foto: “Noviy ochag”

Ortiqcha vazn yoqimsiz, lekin u asosan oyoq-qo‘llarda to‘plansa, nisbatan xavfsizdir. Ammo qorin sohasida yog‘ to‘plana boshlagach, chora ko‘rilmasa, vaziyat jiddiylashadi. Ba’zida to‘satdan paydo bo‘lgan qorin sog‘liqni tekshirish uchun imkoniyatdir: qondagi glyukozaning buzilishi, hujayralarning insulinga chidamliligining o‘zgarishi, gormonlar muvozanatining buzilishi va stressning uzoq vaqt ta’sir qilishi buning sababi bo‘lishi mumkin. Qorin esa ko‘pincha zararli odatlar tufayli paydo bo‘ladi.

Chekish

Birinchidan, chekish paytida ko‘p havo ichga yutiladi, bu esa qorin shishishiga yordam beradi. Ikkinchidan, tamaki va uning tutuni tarkibidagi zaharli moddalar ichaklarning normal ishlashi uchun mas’ul bo‘lgan foydali bakteriyalarni o‘ldiradi. Uchinchidan, chekish eng zararli odat bo‘lib, undan qanchalik tez voz kechilsa, shuncha yaxshi.

Spirtli ichimliklar ichish

Har qanday spirtli ichimlikda mavjud kaloriyalar tezroq semirishga yordam beradi. Spirtli ichimliklarni muntazam iste’mol qilish, hatto kichik dozalarda ham, metabolizmni sekinlashtiradi va organizm yog‘ni energiyaga aylantirmaydi, balki uni to‘playdi. Qolaversa, ular ovqat hazm qilish traktida yashovchi foydali bakteriyalarni yo‘q qiladi va bu qorinda yog‘ to‘planishiga sabab bo‘ladi.

Gazli ichimliklarga muhabbat

Qorin dam bo‘lishining yana bir sababi — gazlangan ichimliklardir. Ertalab yoqimsiz holatga tushishni istamaydiganlar yotishdan kamida ikki soat oldin gazli ichimliklar ichishni to‘xtatishi yoki ularni butunlay tark etish kerak. Gazlangan ichimliklar metabolizmni sekinlashtiradi va ichki organlar uchun zararli. Shuning uchun qorinning tekisligi ulardan qochishning afzalliklaridan biridir.

Ko‘p qahva ichish

Qahva peshob haydovchi hisoblanadi va u qancha ko‘p ichilsa, organizmda shunchalik kam suv va tuz qoladi, deb taxmin qilish mantiqan to‘g‘ri. Ammo, afsuski, amalda hamma narsa boshqacha va kofeinni ko‘p qabul qilish suvsizlanishga, ovqat hazm qilish tizimining yomonlashishiga va natijada metabolizmning sekinlashishiga olib kelishi mumkin. Shuning uchun qorindagi yog‘lardan xalos bo‘lishni istovchilarga kamroq qahva ichish tavsiya etiladi.

Noto‘g‘ri ovqatlanish

To‘g‘ri ovqatlanishga rioya qilish juda muhim: nonushtani o‘tkazib yubormaslik, yotishdan uch soat oldin ovqatlanmaslik, ovqatlanish oralig‘ida uzoq tanaffuslar qilmaslik lozim. Ushbu oddiy qoidalar metabolizmni tiklashga yordam beradi va organizmda to‘planayotgan yog‘larni eritish osonlashadi.

Uyquga rioya qilmaslik

Kechasi yetarlicha uxlash juda muhim va bu uyqu to‘liq, chuqur va uzluksiz bo‘lishi lozim. Aks holda stress gormoni kortizol ishlab chiqarilishi ortadi, bu esa qorin sohasidagi ortiqcha yog‘larning ko‘payishiga hissa qo‘shadi.

От qwert.uz