“Kuniga bitta olma iste’mol qiling, shifokorning keragi yo‘q” degan gapni ko‘pchilik eshitgan. Olmaning inson organizmiga foydali jihatlari juda ko‘p. The Voice nashri olma iste’mol qilishning foydalari haqida ma’lumot berdi.

  — Manba: «Daryo» nashri.

Foto: The Voice 

Oshxonadagi turli xil shirinliklar, taomlardan tortib gazak sifatida ham ishlatish mumkin. Qaysi navni afzal ko‘rishingizdan qat’i nazar, bitta katta olma taxminan quyidagi foydali moddalarni o‘z ichiga oladi:

  • kaloriya — 125 kkal
  • yog‘ — 0,5 gr
  • uglevodlar — 33,4 gr
  • kletchatkalar — 5,8 gr
  • shakar — 10 gr

Olma tarkibida C, K vitamini, kaliy, beta-karotin, foliy kislotasi va lutein ham mavjud.

Olma ozishga va diabetdan xalos bo‘lishga yordam beradi

American Journal of Clinical Nutrition jurnalida chop etilgan hisobotga ko‘ra, bitta butun olmani iste’mol qilish ishtahaning bo‘g‘ilishiga yordam beradi. Bu vaznni nazorat qilishga hissa qo‘shadi, chunki och bo‘lmagan inson ortiqcha ovqatlanishga moyil bo‘lmaydi. Bu ta’sirga olma tarkibidagi pektinning yuqori miqdori tufayli erishiladi — uzoq assimilyatsiya zanjiriga ega bu uglevod suvni o‘zlashtiradi va oshqozonni to‘ldiradi.

Muntazam olma iste’mol qilish 2-toifa diabet xavfini kamaytiradi. Agar haftada bir marta olma iste’mol qilsangiz ham, bu diabet xavfini 3 foizga kamaytirishga yordam beradi.

Ushbu meva miyani himoya qiladi

Olma tarkibida kverstetin deb ataladigan maxsus turdagi polifenol mavjud. Bu mevalarga yorqin rang beradigan pigment hisoblanadi. Kverstetinning antioksidant ta’sirga ega ekanligi aniqlandi, ya’ni u organizmga oksidlovchi stress, jumladan, Alsgeymer va demensiya bilan kurashishda yordam beradi.

Olma mikrobiomani yaxshilaydi

Mikrobioma — ichakdagi bakteriyalar to‘plami. Sog‘lom ovqat hazm qilish va sog‘lom immunitet ichakdan boshlanadi.  Muntazam ravishda olma iste’mol qilish ichakdagi foydali bakteriyalarni ko‘paytirishga yordam beradi. 

Tish va og‘iz bo‘shlig‘ini himoya qiladi

Kariyesni davolab bo‘lmaydi, biroq olma og‘iz bo‘shlig‘idagi patogen bakteriyalarning hayotiyligini pasaytiradi va tish emalining sog‘lom rangini saqlab qolishga yordam beradi. Bundan tashqari, sarimsoq yoki piyoz iste’mol qilganingizda tish cho‘tkasidan foydalanish o‘rniga olma yeyishga harakat qiling — olma aromatik fermentlarni zaiflashtiradi va og‘izdan kelayotgan hid sezilarli darajada zaiflashadi.

Olma ikki turdagi saraton xavfini kamaytiradi

Olma yeyish saraton kasalligining ayrim turlari rivojlanish xavfini sezilarli darajada kamaytirishga yordam beradi. Ushbu mavzu bo‘yicha ikkita yirik tadqiqot Reviews on Environmental Health va Public Health Nutrition jurnallarida nashr etilgan. Tahlil shuni ko‘rsatdiki, kuniga bir nechta olma iste’mol qilish yo‘g‘on ichak va o‘pka saratoni xavfini kamaytiradi.

От qwert.uz