Xastalikni davolashdan ko‘ra, uning oldini olgan afzal. Tibbiyotda kasalliklar profilaktikasiga alohida e’tibor qaratilishining sababi shu. Qolaversa, o‘z vaqtida ko‘rilgan chora-tadbirlar millionlab insonlar hayotini saqlab qolishi mumkin. Bu haqda Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi “Daryo”ga ma’lum qildi.

  — Manba: «Daryo» nashri.

Foto: Google Imeges

Mutaxassislar xulosasiga ko‘ra, bunday yondashuv iqtisodiy jihatdan ham juda samarali. Masalan, yuqumli kasalliklarga qarshi ommaviy emlash tadbirlari nafaqat turli epidemiyalar tarqalishining, balki sog‘liqni saqlash muassasalariga yuklamalar keskin ortib ketishining ham oldini oladi.

O‘zbekistonda Milliy profilaktik emlash kalendari joriy etilgan. Hozirgi vaqtda ushbu kalendar bo‘yicha 1 sutkalikdan 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar belgilangan muddatlarda 13 turdagi vaksinalar bilan emlanadi. Unga muvofiq, yuqumli kasalliklar, jumladan, difteriya, ko‘kyo‘tal, qoqshol, sil, virusli gepatit B, poliomielit, qizamiq, qizilcha, epidemik parotit, rotavirus, pnevmokokk, gemofilius inflyuensa tip B (XIB) infeksiyasi, bachadon bo‘yni saratoniga qarshi rejali vaksinatsiya tadbirlari o‘tkaziladi.

Foto: Internet

Hozirgi vaqtda ushbu kalendar bo‘yicha 1 sutkalikdan 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar belgilangan muddatlarda 13 turdagi vaksinalar bilan emlanadi.

Profilaktik emlashlar uchun 3 ming 138 ta emlash punkti ajratilgan. Chaqaloqlarni sil va gepatit B ga qarshi emlash esa tug‘uruq komplekslarida amalga oshirib kelinmoqda.

Boshqariluvchi yuqumli kasalliklarga qarshi profilaktik emlashlar bilan qamrab olish darajasi 95-98 foizni tashkil etyapti. Mamlakatda 2003-yildan buyon emlashdan so‘ng nojo‘ya holatlar ro‘yxatga olingani yo‘q.

Bolalar 2000-yilgacha 6 turdagi infeksiyaga qarshi emlangan. 2001-yildan hozirgi vaqtga qadar yana 7 turdagi vaksina profilaktik emlash kalendariga kiritilgan.

Gepatit B kasalligining asoratlari tufayli insonda jigar sirrozi kasalligi rivojlanadi. BGB vaksinasi bilan emlash 2001-yildan beri amalga oshirib kelinayotgan bo‘lsa, bugungi kunda 20 yoshgacha bo‘lgan bolalar va o‘smirlar bu kasallikdan himoyalangan. O‘z vaqtida emlanmay qolgan ayrim bolalar bo‘lishi mumkin.

Bolalar 12 oylik vaqtida qizamiq, parotit va qizilchaga qarshi KPK-1 vaksinasi bilan emlanadi.

Bu kasalliklarni yuqtirgan bolalarning tuzalishi juda mushkul. Ayrim hollarda o‘limga ham olib kelishi mumkin. Shuningdek, ular o‘zidan so‘ng organizmda juda og‘ir asoratlar qoldiradi. Xususan, xalq orasida tepki kasalligi, deb yuritiladigan parotit bilan xastalangan o‘g‘il-qizlar bepusht bo‘lib qolishi mumkin. Vaksina esa bolalarni bu kasalliklardan asraydi.

Foto: Internet

Bola 6 yoshligida KPK-2 vaksinasi bilan emlanadi. 2000-yilgacha difteriya, qoqshol va ko‘kyo‘talga qarshi faqat AKDS vaksinasi qo‘llanilgan. Keyinchalik profilaktik emlashlar kalendariga o‘zgartirish kiritilib, bolalar 2, 3 va 4 oylik vaqtlarida mos ravishda Penta-1, Penta-2 hamda Penta-3 kombinatsiya qilingan vaksinalari bilan emlanadigan bo‘ldi.

Bu vaksinalar difteriya, qoqshol, ko‘kyo‘tal, shuningdek, gepatit B va HIB infeksiyasiga qarshi qo‘llaniladi.

Ilgari 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar virusli diareya kasalligi tufayli ham nobud bo‘lar edi. Bu kasallikni rotavirus infeksiyasi keltirib chiqarishi aniqlangach, unga qarshi vaksina ham yaratilgan. Bu vaksina 2014-yilda mamlakatimizda profilaktik emlash kalendariga kiritildi. Bolalar 2, 3 va 4  oyligida tegishli ketma-ketlikda Rota-1, Rota-2, Rota-3 vaksinalari bilan emlab kelinmoqda. Hozirda virusli diareya kasalligi tufayli o‘lim holatlari kuzatilmaydi.

2018-yilda bolalarga yuqish xavfi kuchli bo‘lgan va o‘limga olib keladigan pnevmakokk kasalligiga qarshi bola 2, 3 va 12 oylik bo‘lganida emlanadigan Pnevmo-1, Pnevmo-2, Pnevmo-3 vaksinalari profilaktik emlash kalendariga kiritildi. Shu yili 2, 3, 4 va 16 oylik bolalarni poliomiyelitga qarshi vaksina bilan emlash ham joriy qilindi.

Profilaktik emlashlar kalendariga kiritilgan yana bir vaksina bor — bachadon bo‘yni saratoniga qarshi qo‘llaniluvchi VPCH vaksinasi. 9-13 yoshdagi qizlarni VPCH bilan emlash mamlakatimizda 2019-yilda joriy qilingan.

VPCH bilan emlashning ahamiyatini ko‘rsatish uchun aytishimiz mumkinki, hozirda respublikamizda kuniga 2 nafar ayol bachadon bo‘yni saratoni bilan dunyodan ko‘z yumadi. 2019-yilda bu kasallikka qarshi emlash joriy etilgan bo‘lsa, kelgusida bu bilan bog‘liq o‘lim holatlari qayd etilmasligiga erishiladi.

Aholi bunday emlashlarning ahamiyatini tushunib yetishi va undan chetda qolib ketmasligi lozim. Bu orqali yiliga minglab o‘limlarning oldi olinadi. Hali profilaktik emlashlar kalendarimizga ko‘plab yuqumli kasalliklarga qarshi vaksinalarni kiritishimiz kerak.

Ma’lumot uchun, immunizatsiya tadbirlarining muntazam va samarali olib borilishi natijasida 1996-yildan buyon respublikamizda yovvoyi polioviruslar keltirib chiqaradigan poliomiyelit kasalligi tugatildi va O‘zbekiston 2002-yilda “Poliomiyelitdan xoli hudud”, 2017-yilda esa “Qizamiq va qizilchaning 36 oylik eliminatsiyasiga erishgan hudud” nomli xalqaro sertifikatlarni olishga muvaffaq bo‘lgan.

От qwert.uz