Taomdan keyin ko‘ngil aynishi juda yoqimsiz holat. Behuzur bo‘lishga asosan ovqat hazm bo‘lmasligi, viruslar, yoqimsiz hidlar yoki stress sabab bo‘ladi. Quyida ko‘ngil aynishi haqida batafsil bilib olamiz.

  — Manba: «Daryo» nashri.

Ko‘ngil aynish sabablari

Ko‘pincha ko‘ngil aynishi va qayt qilish tananing intoksikatsiya – zaharlanishga qarshi organizmning himoya reaksiyasidir. Bundan tashqari, ko‘ngil aynishini keltirib chiqaradigan bir nechta omillar mavjud, jumladan:

  • dengiz kasalligi – asosan transportda harakatlanganda yoki chayqalganda yuzaga keladi, ayniqsa ovqatdan keyin o‘zini kuchliroq namoyon qiladi;
  • toksikoz— aksariyat homilador ayollarda uchraydigan tabiiy holat. Bunda homilador holatini yengillashtirishni kechiktirmaslik muhim;
  • dori vositalarining nojo‘ya ta’siri;
  • qattiq stress holati;
  • appenditsit — ko‘ngil aynishidan tashqari, o‘ng tomondan qorinning pastki qismida o‘tkir og‘riqlar kuzatiladi;
  • oshqozon osti bezi kasalliklari;
  • gastrit;
  • ovqatdan zaharlanish. Bosh aylanishi, isitma, umumiy zaiflik bilan birga kechadi;
  • ortiqcha ovqatlanish;
  • oshqozon yarasi;
  • o‘t pufagi kasalliklari. Qo‘shimcha alomatlar: og‘izda achchiq ta’m bo‘lishi;
  • gripp va O‘RVI;
  • ovqatlanish tartibining buzilishi: anoreksiya, bulimiya.

Shunday qilib, ovqatdan keyin ko‘ngil aynish hissi tananing vaqtinchalik holatini ham, jiddiy kasalliklarni ham ko‘rsatishi mumkin.

Ko‘ngil ayniganda nimalar qilish kerak?

Foto: gdekartinka

Ko‘ngil behuzur bo‘lgan payt gorizontal holatda bo‘lish, oz-ozdan mineral suv ichish, taomlanmaslik tavsiya etiladi.

Agar ko‘ngil aynishi stress tufayli qo‘zg‘algan bo‘lsa, unda bemor o‘tirib, dam olishga harakat qilishi kerak, ko‘zni yumib va kamida 2-3 daqiqa burundan chuqur nafas olish, diqqatni nafas olishga qaratishi kerak.

Ko‘ngil aynishdan tashqari, bosh aylanishi kuzatilsa, unda o‘tirish yoki yotish kerak. Ayniqsa, keskin harakatlanmaslik lozim.

Bemor xonasiga toza havo kirishini ta’minlash ham muhim: derazani ochish, ventilyatorni yoqish orqali xonani shamollatish darkor.

Agar har safar ovqatdan keyin ko‘ngil aynishi kuzatilsa va bu bir necha kun davom etsa, kasallikni aniqlash va davolanishni boshlash uchun albatta shifokorga murojaat qilish lozim.

От qwert.uz