Bolaning shamollashi o‘tkir respirator virusli infeksiyasiga chalinganini anglatadi. Odatda bunga rinoviruslar sabab bo‘ladi va havo tomchilari orqali yuqadi. Infeksiyalangan odam yo‘talganda yoki aksirganda atrofga kasallikni tarqatadi. Bolalar qo‘l bilan salomlashish, ifloslangan yuza yoki havodagi virus zarralarini nafas olish orqali yuqtirishi mumkin.
— Manba: «Daryo» nashri.
O‘quv yili boshlanganda nega O‘RVI kasalliklari avj oladi?
Bolalar katta jamoaga qaytadi
Maktab boshlangach bolalar tengdoshlari ko‘proq birgalikda vaqt o‘tkazadi va bir-birlari bilan yaqinroq aloqada bo‘lishadi. Ular sinfda yoki bog‘cha guruhida —yopiq joylarda muloqot qilishadi. Bunday xonalarda ochiq joylarga qaraganda ko‘proq viruslar to’planadi. Shuning uchun infeksiya yuqtirish xavfi ortadi.
Gigiyenaga rioya qilmaslik
Yosh bolalar og‘ziga yuvilmagan qo‘llarni solish yoki turli xil ifloslangan narsalar — qalam, ruchka, o‘yinchoq kabilarni “tatib ko‘rish” odatiga ega. Bu orqali viruslar yuqishi ancha oson kechadi.
Xonadagi havoning quruq bo‘lishi
Radiatorlar va boshqa isitish moslamalari sinfdagi namlik darajasini pasaytiradi. Shu sababli bolalarda burun shilliq qavati quriydi va viruslarga chalinish moyilligi oshadi.
Bolalar yetarli vaqt uxlamaydi
Yozgi ta’tilda ko‘plab o‘quvchilar o‘zlarining odatiy kun tartibini buzadi. Maktab boshlanganda erta uyg‘onishiga, ko‘proq mehnat qilishiga to‘g‘ri keladi. Bu esa uyqu yetishmasligiga olib keladi. Uyquga to‘ymaslik immunitetga salbiy ta’sir qiladi va organizmning infeksiyalarga qarshilik ko‘rsatish xususiyati birmuncha susayadi.
Bolalar immunitetini qanday oshirish mumkin?
Farzandingizga qo’llarni tez-tez yuvish kerakligini eslatib turing va iflos qo‘llar bilan burun, og’iz va ko‘z sohasiga tegmaslik kerakligini bot-bot tushuntiring;
Xonalarni muntazam ravishda shamollating;
Farzandingizni va o‘zingizni emlating, chunki vaksinatsiya yuqumli kasalliklar, shu jumladan mavsumiy grippning oldini olishda eng yaxshi yechimdir;
Farzandingiz yetarlicha uxlayotganiga ishonch hosil qiling. 6 yoshdan 12 yoshgacha bo‘lgan bolalar kuniga 8-12 soat uxlashlari kerak. 13 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar uyqu normasi kuniga 8-10 soatni tashkil qilishi lozim;
Farzandingiz har kuni bir vaqtda uyquga yotish va uyg’onish odatini rivojlantirishga yordam bering. Buning uchun dam olish kunlarida ham rejimga rioya qilish kerak bo‘ladi;
Uxlashdan bir soat avval ekran vaqtini cheklang: bola uyqudan oldin telefon o‘ynamasligi va televizor ko‘rmasligi muhim;
Farzandingizga jismonan faol bo‘lishiga yordam bering, chunki muntazam jismoniy faollik immun tizimini mustahkamlashga yordam beradi.
Shamollashga qarshi qanday usullar samara bermaydi?
Gripp va O‘RVIning oldini olish uchun dorixonalar taklif qiladigan aksariyat dori vositalari samara bermaydi
C vitamini
C vitaminini qabul qilish sizni viruslar yuqishdan saqlamaydi va kasallik davomiyligini sezilarli darajada kamaytirishga yordam bermaydi. Vitamin qabul qilganlar va qilmaganlar o‘rtasidagi farqi 8-14% ni tashkil qiladi.
Virusga qarshi vositalar
Rinoviruslarning yuzlab turlari mavjud, shuning uchun ularning har biridan bir xil darajada himoya qiladigan dori vositasi mavjud emas. Shamollashning oldini olish maqsadida antivirus preparatlarni qabul qilish profilaktika chorasi sifatida hech qanday xalqaro tibbiy tavsiyalarda ko‘rsatilmagan. Ular ko‘pincha dori-darmonlarni ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan reklama qilinadi. Bir so‘z bilan aytganda virusga qarshi vositalar samaradorligi isbotlanmagan.
Oksolin malhami
Oksolin malhami surtilgach, u burun shilliq qavatida jismoniy to‘siqni yaratadi va natijada virus zarralari tanaga kira olmaydi, deyiladi. Aslida bunday malham burundagi tabiiy himoya tolalarini bloklab qo‘yadi va ishlashiga qarshilik qiladi. Boz ustiga, malham 50 yildan ortiq vaqt davomida ishlatilganiga qaramay uning samaradorligini tasdiqlovchi birorta ham tadqiqot mavjud emas.
Bolani juda issiq kiyintirish
Virusli infeksiya tanaga kirgandagina odam kasal bo‘ladi, bunga kiyimning daxli yo‘q. +15 °C haroratda bir nechta qavatli kiyim kiyish sizni va farzandingizni infeksiyadan himoya qilmaydi. Shuning uchun bolangizni ob-havoga mos ravishda kiyintiring.
Farzandingiz kasal bo‘lib qolganda nima qilish kerak?
Kasallikning dastlabki belgilarida bolani boshqalarga yuqtirmaslik uchun uyda qoldirish kerak.
Immun tizimining o‘zi bir necha kun ichida virusni yengadi. Bu vaqtda bolaning holatini yaxshilash uchun quyidagi tavsiyalarga amal qilish mumkin:
- Tana harorati 38,5 dan oshganda haroratni tushiruvchi dorilar bering (dori dozasi tana massasiga qarab belgilanadi);
- Burun va tomoq shilliq qavatini namlash uchun burunni tuzli eritma bilan yuving;
- Xonani shamollating va havoni namlantiruvchi vositalardan foydalaning;
- Farzandingiz ko‘proq dam olishiga va yetarlicha suyuqlik ichishiga ishonch hosil qiling.
Qachon shifokorga murojaat qilish lozim?
Agar bolangizda quyidagi belgilar mavjud bo‘lsa, darhol shifokorga murojaat qiling:
- nafas olishda qiynalish yoki juda tez nafas olish;
- suvsizlanish belgilari;
- isitma to‘rt kundan ortiq davom etsa;
- holat asta-sekin yaxshilanmasa va 10 kundan ortiq davom etsa;
- surunkali kasalliklar kuchaysa tez yordam chaqiring.