Halqum, bo‘g‘iz yoki traxeya shilliq qavatida yallig‘lanish va shish — tomoqda og‘riq paydo bo‘lishining asosiy sababchisidir.

 — Manba: «Daryo» nashri.

Ko‘pincha tomoq og‘rig‘ini virusli infeksiyalar keltirib chiqaradi, ammo bunga boshqa sabablar ham mavjud bo‘lishi mumkin, jumladan:

  • bakteriyalar;
  • allergiya;
  • ovoz apparati mushaklarining haddan tashqari zo‘riqishi;
  • quruq havo;
  • zaharli moddalarni hidlash;
  • gastroezofageal reflyuks kasalligi va boshqalar.

Shuning uchun, tomoq og‘rig‘ini ba’zan faqatgina shifokor yengillashtirishi mumkin.

Foto: Lifehacker

Tomoq og‘rig‘i qanday tus olganda shifokorga murojaat qilish kerak?

Odatda tomoq og’rig’i bir necha kun ichida o‘z-o‘zidan o’tib ketadi, lekin ba’zi hollarda shifokor ko‘rigi talab etiladi.

Qachon tez yordamni chaqirish kerak?

Quyidagi belgilar kuzatilganda tez tibbiy yordamga murojaat qiling:

  • yutish yoki nafas olishda qiyinchiliklar bo‘lsa;
  • so‘lak bezlari me’yoridan ortiq ishlasa (bu yuta olmaslik kasalligining belgisi bo’lishi mumkin);
  • nafas olishda hushtakka o‘xshash ovoz va shovqin kuzatilsa;
  • og‘riq juda kuchli bo‘lsa holat vaqt o‘tgani sayin yomonlashsa.

Qachon shifokor ko‘rigiga yozilish kerak?

Quyidagi belgilar kuzatilganda umumiy shifokor yoki otorinolaringolog bilan maslahatlashing:

  • tomoq og‘rig‘i juda kuchli bo‘lsa va bir haftadan ortiq vaqt ichida yengillashmasa;
  • ovozning bo‘g‘ilishi ikki haftadan ortiq davom etsa;
  • bemor yutishda qiynalsa;
  • nafas olish murakkablashsa;
  • og‘izni ochganda og‘riq paydo bo‘lsa;
  • bo‘yin yoki yuzda shish paydo bo‘lsa;
  • quloq ham og‘risa;
  • qon yo‘talsa;
  • terida toshmalar paydo bo‘lsa;
  • tana harorati 38,3° C dan oshsa.

Tomoq og‘rig‘i nonushta vaqtidagi iliq ichimlik, masalan, choydan keyin ham yumshamasa, farzandingizni pediatrga olib borishingiz mumkin.

Foto: Everyday Health

Tomoq og‘rig‘ini uy sharoitida yengillashtirish

Agar yuqorida sanab o‘tilgan qo‘shimcha alomatlar bo‘lmasa, tomoq og‘rig‘ini uyda davolash mumkin. buning uchun:

Ko‘proq iliq suyuqlik iching

Choy, kompot, sut — bu ichimliklar shilliq pardalarni namlaydi tomoqdagi og‘riqni yengillashtiradi. Agar yo‘tal ham bezovta qilsa, choyga asal qo‘shishingiz mumkin. ammo asalni bir yoshgacha bo‘lgan bolalarga bermaslik kerakligini yodda tuting.

Biroz muzqaymoq iste’mol qiling

Ko‘pchilik muzqaymoq tomoq og‘rig‘ini keltirib chiqaradi, deb o‘ylaydi. Aslida esa sovuqlik yallig‘lanishni kamaytiradi.

Tomoqni chaying

Bir stakan iliq suvga yarim choy qoshiq oddiy osh tuzi yoki iste’mol sodasini qo‘shing va yaxshilab aralashtiring. Eritma bilan tomoqni chaying. Tuzli suv tomoqdagi shish va og‘riqni kamaytirishga yordam beradi. Soda tomoqni tinchlantiradi balg‘amni eritadi.

Retseptsiz antigistamin preparatlarini qabul qiling

Antigistaminlar qon tomirlarining kengayishiga yo‘l qo’ymaydi va shu bilan shish va yallig‘lanishni kamaytiradi.

Havo namlagichdan foydalaning

Quruq havo shilliq qavatlardan suvni tortib oladi va og‘riqni oshiradi. Namlik esa tomoqning qurib ketishiga yo‘l qo‘ymaydi. Agar sizda havo namlagich apparati bo‘lmasa, siz issiq radiatorga nam sochiqni qo‘yishingiz yoki havoni namlashning boshqa usullarini sinab ko‘rishingiz mumkin.

Zararli tutun va hidlardan uzoqroq bo‘ling

Sigaret tutuni, tozalovchi vositalar hisi yoki boshqa kimyoviy moddalar (bo‘yoq, lak, benzin) tomoqni bezovta qiladi.

Yetarlicha dam oling

Tana infeksiyaga qarshi kurashish uchun ko‘proq kuchga muhtoj, shuning uchun kasallikning dastlabki belgilarida dam olishga harakat qiling.

Tomoq og‘rig‘ini bartaraf etishda yo‘l qo‘yiladigan xatoliklar

Foto: Shutterstock

Issiq ingalyatsiyalar

Issiq havo bilan ingalyatsiya qilish qon oqimini oshiradi, shuning uchun tomoqdagi shish kuchaydi

Efir moylaridan nafas olish

Efir moylari o‘tkir allergik reaksiyaga va hatto anafilaktik shokka olib kelishi mumkin.

Juda issiq suv ichish

Issiq suyuqliklar qon oqimini oshiradi, shilliq pardani kuydiradi.

Antibiotiklarni ichish

Aksariyat hollarda tomoq og‘rig‘i o‘tkir respirator virusli infeksiyalar tufayli yuzaga keladi va antibiotiklar viruslarga ta’sir qilmaydi. Shuning uchun antibiotiklarni shifokor retseptisiz ichmaslik kerak.

От qwert.uz