Sovuq kunlar yaqinlashishi bilan shamollash va gripp mavsumi ham boshlanadi. Bu davrdan, ayniqsa, bolalarni kasal qilmasdan o‘tib olish ota-onalarni tashvishlantirishi aniq. Bugun ko‘plab insonlar shamollaganda dorixonalardan sotib olinadigan O‘RVIga qarshi kukunlarning tarkibi, foyda va zarari hamda qanday dori vositalari bilan o‘zaro ta’sirlashishi haqida so‘zlashamiz.
— Manba: «Daryo» nashri.
Shamollash va grippga qarshi kukunlar tarkibi qanday?
O‘RVIga qarshi kukun shaklidagi (poroshok) preparatlar asosan quyidagilardan tashkil topadi:
Paratsetamol. U isitma tushiruvchi va og‘riq qoldiruvchi vosita.
Fenilefrin. Burun shilliq qavatidagi shishni bartaraf etadi.
Feniramin. Allergiya va shishlarga qarshi vosita.
Ba’zi dori vositalarda feniramin o‘rniga boshqa antigistaminlar, masalan, loratadin yoki xlorfenamin qo‘shilishi mumkin.
Vitaminlar, flavonoidlar, minerallar. Ba’zi kukunlarda askorbin kislotasi, rutozid antioksidant va kalsiy glyukonat bo‘lishi mumkin.
Shamollash va grippga qarshi kukunlar O‘RVIni davolashga yordam beradimi?
Shamollash asosan o‘tkir respirator virusli infeksiya (O‘RVI) sababli vujudga keladi va ko‘p hollarda 7-10 kun ichida hech qanday davosiz o‘zi o‘tib ketadi.
Kukun shaklidagi dori vositalari esa shamollash belgilarini vaqtincha kamaytirish: burun bitishi, bosh og‘rig‘ini bartaraf etish, isitmani tushirish va organizmga yengillik berishda yordam beradi. Ammo shamollashga qarshi kukunlar kasallikni keltirib chiqaradigan viruslarni o‘ldirmaydi va yo‘talni to‘xtatmaydi.
Cochrane Reviews nomli sog‘liqni saqlash sohasidagi tadqiqotlar markazi tomonidan o‘tkazilgan ilmiy tekshiruvlarga ko‘ra, shamollashni davolashning bunday usullari samarasi isbotlanmagan. O‘ttizdan ortiq tadqiqotlar natijasi shuni ko‘rsatdiki, shamollashga qarshi kukunlarning ijobiy ta’siri juda kam bo‘lib, tibbiy jihatdan ahamiyatga ega bo‘lish uchun yetarli emasdir. Qisqa qilib aytganda, agar siz shamollab qolsangiz, kasallikka qarshi biror narsa ichish yoki ichmasligingizdan qat’i nazar, immunitet virus bilan bir xil kurashadi.
Bunday kukunlardagi askorbin kislotasiga ham tayanmaslik kerak: ushbu modda immun tizimini mustahkamlashga yordam bermaydi. C vitaminining katta dozasi ham organizm tiklanishini tezlashtirmaydi.
Grippga qarshi kukunlar zararli bo‘lishi mumkinmi?
Cochrane Reviews tashkiloti bunday kukunlarning nojo‘ya ta’sirlari bo‘lishi mumkinligi haqida ham ma’lumot bergan. Agar qo‘llanmaga rioya qilmagan holda iste’mol qilinsa, quyidagi salbiy belgilar namoyon bo‘lishi mumkin:
- uyquchanlik;
- og‘iz qurishi;
- uyqu buzilishi;
- bosh aylanishi;
- yurakning tez urishi;
- bosh og‘rishi;
- xavotir hissining kuchayishi;
- ovqat hazm qilish tizimining buzilishi.
Biroq bunday holatlar kamdan kam va yengil holatda uchraydi.
Shamollashga qarshi kukunlarni qanday dori vositalari bilan birga qabul qilmaslik lozim?
Bunday preparatlar ayrim turdagi vositalar bilan birga qo‘llanishi taqiqlanadi. Jumladan:
Spirtli ichimliklar. Spirtli ichimliklarni surunkali ortiqcha iste’mol qilish bilan paratsetamol va etanolni birgalikda qabul qilish jigarga zarar yetkazishi mumkin.
Ketokonazol. Zamburug‘larga qarshi dori. Ketokonazol va paratsetamolni birgalikda qabul qilish jigar uchun o‘ta zararlidir.
Teriflunomid va leflunomid immunodepressantlari. Ushbu dorilarni paratsetamol bilan birgalikda qabul qilish jigar shikastlanishi xavfini oshiradi.
Amitriptilin, klomipramin, imipramin antidepressantlari. Bu dorilar kukundagi fenilefrin moddasi bilan kelganda yaxshi o‘zlashmaydi.
Ergotamin. Ushbu modda bachadon tonusini oshiradi, miya tomirlarini toraytiradi va tinchlantiruvchi ta’sirga ega. Felilefrin bilan birgalikda qabul qilinganda qon bosimini oshirishi va hayotiy muhim organlarga qon oqimini cheklashi mumkin.
Furazolidon. Mikroblarga qarshi ushbu vosita fenilefrin bilan qabul qilinganda qon bosimining keskin ko‘tarilishiga olib kelishi mumkin.
Linezolid. Infeksion kasalliklarini davolash uchun qo‘llanadigan antibiotik. Fenilefrin bilan birga qabul qilganda qon bosimini oshirib yuboradi.
Metilen. Antiseptik bo‘lib, u ham qon bosimini oshirishi mumkin.
Agar siz yuqorida sanab o‘tilgan dori vositalarini qabul qilsangiz, shamollashga qarshi kukunlarni sotib olishdan avval shifokor bilan maslahatlashing.