Gemoglobin ko‘rsatkichi tushib ketishi surunkali charchoq, tez-tez shamollash va umumiy zaiflik kabi holatlarni keltirib chiqaradi. Bunday noxush belgilar va kasalliklarning oldini olish uchun gemoglobin miqdorini oshirish tavsiya etiladi.

 — Манба:  «Daryo» нашри.

Foto: Health

Gemoglobin — qizil qon tanachalari tarkibidagi asosiy oqsil bo‘lib, organizm bo‘ylab kislorodni tashish funksiyasini bajaradi. Uning 80% gacha tarkibi temirdan iborat. Kislorod qon oqimi orqali tananing barcha to‘qimalari va organlari yaxshi ishlashiga yordam beradi.

Gemoglobin miqdorining kamayish belgilari

Anemiya va past gemoglobin belgilari surunkali charchoq bilan juda o‘xshashdir. Har kuni tinimsiz ishlash, kunlarning juda tez sur’atda o‘tib ketishi, sog‘liq haqida qayg‘urishga vaqt topa olmaslik — bularning bari, afsuski, ko‘pchiligimiz uchun tanish holat. Ammo doimiy charchoq shahar hayotining salbiy ta’siridan emas, balki qondagi gemoglobinning keskin pasayishidan darak berishi mumkin.

Doimiy bosh og‘rig‘i ham qizil qon tanachalarining kamayishi bilan bog‘liq bo‘ladi. Bunday holatda og‘riq qoldiruvchi tabletkalar yaxshi ta’sir qilmaydi, migren og‘riqlari kuchayib boradi, qon bosimi esa pasayib ketadi. Gemoglobin tushib ketganda oyoq va qo‘llar uchi sovuq qotadi, yuz rangi oqaradi va teri quriy boshlaydi.

Gemoglobin miqdori tushib ketishining sabablari

Foto: Shutterstock

Gemoglobinning keskin pasayishiga, avvalo, ko‘p qon yo‘qotish (yurak va qon-tomir distoniyasi, burundan qon ketish, jiddiy jarohat olish yoki hayz davrining uzoq davom etishi) sabab bo‘lishi mumkin.

Shuningdek, shamollaganda yoki gripp kabi kasalliklarda gemoglobin miqdori tabiiy ravishda pasayadi, ammo tuzalgandan so‘ng organizmdagi barcha elementlar miqdori avvalgi holatiga qaytadi. Ammo surunkali kasalliklari bor shaxslarda buning aksi kuzatiladi va shamollashdan so‘ng ham gemoglobin miqdori normal holatga kelmaydi. Ayniqsa, ayollarda, keksa odamlarda, buyrak, o‘pka va jigar kasalliklari mavjud shaxslarda kamqonlik rivojlanish ehtimoli juda yuqoridir.

Bundan tashqari, gemoglobinning kamayishiga turli xil parhezlar, temir va oqsilga boy taomlar iste’molini cheklash kabilar sabab bo‘ladi. Ayniqsa, vegetarian insonlarda kamqonlik kasalligi keng tarqalgan holatdir.

Kamqonlik va gemoglobin pasayishining yana bir, ammo kam uchraydigan sababi stress bo‘lib, asab tizimining haddan tashqari zo‘riqishi kamqonlik rivojlanishiga olib kelishi mumkin.

Gemoglobinni oshirish yo‘llari

Foto: Daily

Temir moddasi gemoglobin miqdorini oshirishda eng asosiy elementdir. Temir jigar, buyraklar yoki til kabi mahsulotlarda, grechka, no‘xat, loviya, chernika, shokolad va oq qo‘ziqorinlarda ko‘pdir. Ushbu mahsulotlarning 100 grammida 4 mg temir mavjud.

Shuningdek, 100 gramm quyon, mol, qo‘y va ot go‘shti o‘z ichida 2-4 mg miqdorda temirni saqlaydi. Arpa, manniy, perlova va guruch kabi don mahsulotlarida ham temir moddasi mavjud.

Biroq taomnomani o‘zgartirish orqali kundalik temir moddasiga bo‘lgan ehtiyojni to‘liq qoplashning iloji yo‘q. Buning uchun diyetadan temir moddasi so‘rilishiga imkon bermaydigan modda — kalsiyni cheklash lozim. Masalan, sut va turli sut mahsulotlari, achchiq qora choy va qahvadan vaqtincha voz kechish kerak bo‘ladi. bundan tashqari, un mahsulotlari iste’molini kamaytirish kerak bo‘ladi, chunki bug‘doy tanada temirning so‘rilishiga imkon bermaydi.

От qwert.uz