Butun dunyo bo‘ylab yuzlab tibbiyot mutaxassislari demensiya, aqliy zaiflik kasalliklarining kelib chiqishi va ularni avvaldan aniqlash usullarini izlamoqda. Yaqinda Britaniya olimlari Alsgeymer rivojlanishidan darak beradigan yana bir belgini aniqladi va uni e’tibordan chetda qoldirish mumkin emasligini ogohlantirdi.
— Manba: «Daryo» nashri.
Demensiya yillar davomida yashirin va tashqi belgilar bilan namoyon bo‘lmaydigan kasallik bo‘lib, keksalar orasida keng tarqalgan. Demensiya tufayli kognitiv faollik, bilim va ko‘nikmalarning bir qismi yo‘qoladi. Natijada sekin-asta inson xotirasida uzilishlar paydo bo‘ladi, uning xatti-harakatlari va fikrlashida jiddiy muammolar kelib chiqadi.
Dunyoning turli burchagidan olimlar Alsgeymer kasalligini faol ravishda tadqiq etishda davom etmoqda. Mutaxassislar nafaqat aqliy zaiflikni davolash usullarini, balki miyaning yoshga bog‘liq buzilishlarining oldini olish usullarini ham topishga harakat qilmoqda.
Tibbiyot xodimlari har bir inson o‘zi va atrofidagi odamlarga befarq bo‘lmaslikni, jumladan keksa qo‘shnilar, qarindoshlarining umumiy ahvolidan xabardor bo‘lishni va kognitiv o‘zgarishlarga diqqat qaratishga chaqirmoqdalar. Chunki Alsgeymer belgilarini erta aniqlash kasallikning rivojlanishini sekinlashtirishga yordam beradi.
London universitetining tadqiqotchilar guruhi demensiyani anglatuvchi yana bir alomatni aniqladi. Mutaxassislar o‘rta va keksa yoshdagi yuz nafar bemorning (ular orasida yengil kognitiv buzilishlari bor keksalar ham mavjud edi) sayr vaqtidagi ahvolini taqqosladi. Tajriba qatnashchilari qiyin bo‘lmagan marshrut bo‘ylab piyoda yurishdi, ularga yo‘l yoqasidagi raqamlangan konuslar kerakli yo‘nalishni ko‘rsatib turdi. So‘ng ishtirokchilarga xuddi shu yo‘lni qaytadan, faqat yo‘naltiruvchi belgilarsiz bosib o‘tish topshirig‘i berildi.
Har bir tadqiqot ishtirokchisi topshiriqni turli sharoitlarda uch marta takrorladi. Natijada yengil kognitiv nuqsoni bo‘lgan odamlar vazifani bajarishda qiynaldi va yo‘lda kerakli burilishlarni aniqlay olmadi.
“Navigatsiya bilan bog‘liq muammolar demensiya va Alsgeymer kasalliklarining eng ko‘p uchraydigan alomatlaridandir. Shu sababli ularni e’tiborsiz qoldirmaslik kerak”, deydi Alsgeymer kasalligi jamiyati vakili Shon Gregori.
Shu bilan birga, tadqiqotchilar pulga nisbatan yengil munosabatda bo‘lish ham demensiyaning yana bir erta alomati ekanini aniqladi. Agar biror keksa tanishingiz to‘satdan katta xaridlar qilishga moyil bo‘lsa yoki begona shaxslarga pul berib, aldanib qolish kabi voqealar kuzatilsa, ularni ishonuvchanlik va soddalikda ayblamaslik lozim. Buning o‘rniga ularni shifokorga ko‘rsatish va kerakli tekshiruvlardan o‘tkazish zarur.