Ko‘pchilik aynan sovuq narsa yeganidan yoki qarama-qarshi eshik va derazalar ochiq bo‘lgan joyda o‘tirganidan shamollab qolish mumkin deb o‘ylaydi. Haqiqatan, konditsioner ishlayotgan xonada uzoq qolgandan keyin burun oqishi, tomoq og‘rig‘i kabi belgilar paydo bo‘ladi. Ammo shamollash yuqumli kasallik bo‘lib, yuqoridagi holatlar O‘RVI rivojlanishiga olib kelmaydi.
— Manba: «Daryo» nashri.
Konditsioner tufayli shamollab qolish mumkinmi?
Xonani tez-tez shamollatmaslik va konditsionerni o‘z vaqtida tozalamaslik “xasta bino” sindromiga olib kelishi mumkin. Bunday xonada qolgan odam biroz vaqtdan keyin kasal bo‘lib qoladi. Bemorda tomoq og‘rig‘i, burun bitishi, yo‘tal va aksirish kuzatiladi. Alomatlar O‘RVI belgilariga juda o‘xshab ketgani uchun sindrom ko‘pincha shamollash deb qabul qilinadi.
Konditsionerlar havodan bor namlikni tortib oladi va bu nafas yo‘llarining shilliq qavatiga salbiy ta’sir qiladi. Natijada quruqlashgan nafas yo‘llari o‘zidan suyuqlik ishlab chiqara boshlaydi va burun oqadi. Bunday holat mashinada uzoq yurgan paytda ham ko‘p uchraydi. Agar siz konditsioner yoqilgan holda mashinani uzoq vaqt boshqarsangiz, tomog‘ingiz og‘riydi. Ammo mashinadan tashqariga chiqsangiz, o‘zingizni yengil his qilasiz.
Bundan tashqari, odamlar ko‘pincha sayohat paytida kasal bo‘ladi va bunga haroratning keskin o‘zgarishi sabab bo‘lgan deya konditsionerni ayblaydi. Aslida esa ular odamlar gavjum joylarda juda ko‘p virusga duch kelishini xayoliga ham keltirmaydi. Aeroportlar, vokzallarda kasallik yuqtirish ehtimoli yuqoridir.
Xulosa qilsak, salqin havo zararli emas, biroq quruq havo va undagi viruslar kasallikka chalinish xavfini oshiradi. Infeksion xastaliklar rivojlanish ehtimolini kamaytirish uchun qo‘llarni doimo sovun bilan yaxshilab yuvish, sochiq va idishlarni alohida qilish va kir qo‘llar bilan ko‘zlarga, burunga tegmaslik lozim.
Yelvizakdan shamollab qolish mumkinmi?
Shamollash viruslar bilan infeksiyalar tufayli kelib chiqadi. Sovqotish, konditsioner ishlayotgan xonada o‘tirish yoki sochlarni yuvib ko‘chaga chiqish tufayli O‘RVI vujudga kelmaydi. Ammo nega sovuq mavsumda insonlar tez-tez kasal bo‘ladi?
Sovuq havodan nafas olish burun va yuqori nafas yo‘llaridagi tomirlar torayishiga olib keladi, bu esa qon oqimini va immunitetni pasaytiradi, degan nazariya mavjud. Shu sababli qishda o‘tkir respirator kasalliklar soni ortadi.
Ko‘plab insonlar yelvizakdan qo‘rqadi va qishda tez-tez havo almashtirmaydi. Ammo yelvizak — bu odatiy va normal havo oqimi bo‘lib, xonalarni shamollatish viruslarga qarshi kurashishning eng yaxshi usulidir. Agar infeksiyalangan odam yopiq joyda qolsa, virusning tarqalishi va ko‘payishi tez suratda amalga oshadi va infeksiya yuqish xavfi yuqori bo‘ladi.
Xitoylik olimlar uch mingdan ortiq talaba ishtirokida tadqiqot o‘tkazdi va agar xona shamollatilmasa, kasallanish ko‘payishini aniqladi. Masalan, olti kishilik xonada yashovchi insonlar uch kishilik xonada yashovchilarga qaraganda ko‘proq kasal bo‘ldi. Demak, uyga tashqaridan qanchalik kam havo kirsa, infeksiyani yuqtirish xavfi shunchalik yuqori bo‘ladi.
Muzqaymoq yeyish sababli kasal bo‘lish mumkinmi?
Tomoq og‘rig‘ining eng keng tarqalgan sabablari bakteriyalar, viruslar va chekishdir. Yaxna ichimliklar yoki shirinliklarni iste’mol qilish kasallik xavfini oshirmaydi.
Bundan tashqari, shifokorlar tomoqdagi noqulaylik va og‘riqni kamaytirish uchun salqin taomlarni iste’mol qilishni va hatto muzqaymoq yeyishni maslahat beradi.