Olimlar 2009-yildan beri Himolay arilarining «aqldan ozdiruvchi» asali bilan zaharlanishning 68 ta holatini hujjatlashtirishdi va ushbu toksik mahsulot endi butun dunyo boʻylab sotilayotganini aniqlashdi.
Manba: «Mail.ru Hi-Tech».

Hi-Tech Mail muallifi

Nepalilik kimyoviy ekolog Prayan Poxkarel Toxicon jurnalida «aqldan ozdiruvchi» asal bilan zaharlanish boʻyicha birinchi tizimli tadqiqotni chop etdi. The Conversation xabariga koʻra, u ushbu toksik mahsulot endi internet orqali butun dunyo boʻylab erkin sotilayotganidan ogohlantirdi.
Dunyo boʻyicha eng yirik asalari turi boʻlmish Apis laboriosa — Himolay qoya arilarining yovvoyi asali «aqldan ozdiruvchi» asal deb ataladi. Hasharotlar 4000 metrgacha boʻlgan balandlikda in quradi va rododendron gullaridan nektar yigʻadi. Aynan shu gullar tarkibida grayanotoksin mavjud — bu insonning yurak va asab tizimi hujayralaridagi ion kanallari ishini buzib, oʻtkir zaharlanishni keltirib chiqaradigan tabiiy birikmadir.
Dastlabki belgilar isteʼmol qilinganidan 30-60 daqiqa oʻtgach paydo boʻladi. Bir nechta osh qoshiq asalning oʻziyoq tomir urishini xavfli darajada pasaytiradi va qon bosimini keskin tushirib yuboradi. Bunga koʻngil aynishi va darmonsizlik qoʻshiladi. Ogʻir zaharlanishda bemorlarga yurak ritmini meʼyorlashtirish uchun tomir ichiga eritmalar va atropin yuboriladi.
Poxkarel ikki nafar shifokor bilan birgalikda 27 ta ilmiy nashrni tahlil qildi va 2009-yildan beri 68 ta hujjatlashtirilgan zaharlanish holatini sanab oʻtdi. Ularning 72 foizida oʻrta yoshli erkaklar jabrlangan. Zaharlanish holatlari nafaqat Nepalda, balki Janubiy Koreya, Fransiya va Qatarda ham qayd etilgan, bu esa mahsulotning onlayn-savdo orqali global tarqalayotganini koʻrsatadi.
Bahorgi yig’ilgan asal eng katta xavf tugʻdiradi: aynan oʻsha paytda rododendron nektaridagi grayanotoksin konsentratsiyasi eng yuqori nuqtaga etadi. Nepalda oʻlim holatlari qayd etilmagan, ammo jabrlanganlarning bir qismi intensiv terapiyaga muhtoj boʻlgan. Tadqiqotchining soʻzlariga koʻra, onlayn-savdoning rivojlanishi mahalliy mahsulotni global miqyosdagi xavfga aylantirdi.
Ishning navbatdagi bosqichi — toksinning aniq konsentratsiyasini oʻlchash va rododendronning qaysi turlari eng katta taʼsir koʻrsatishini aniqlash uchun Nepalning turli hududlari va mavsumlaridan olingan asal namunalarini tahlil qilishdir. Poxkarel, shuningdek, insonni kasalxonaga yotqizishga qodir boʻlgan ushbu birikmaga arilarning oʻzi qanday dosh berishini aniqlamoqchi.
Oldinroq biz fugu baligʻi zahri mikrob kelib chiqishiga ega ekanligini aytib oʻtgan edik: baliq uni oʻzi oziqlanadigan chuvalchanglardan oladi.

